Shimoliy Qofqoz ham Islomiy Davlatga "qo‘shildimi"?

Image copyright Getty

Ilk bor Shimoliy Qofqozdagi islomiy guruh "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirganini e‘lon qilgan.

"Al Qoida"ga aloqador ko‘rilgan va yillar mobaynida Rossiyaga qarshi isyonkorlik hujumlarini amalga oshirib kelgan "Qofqoz Amirligi" guruhi endilikda alohida guruh sifatida faoliyat yuritmasligi mumkin.

21 iyun kuni "Islomiy Davlat" noma‘lum jangari tomonidan o‘qib eshittirilgan va Checheniston, Dog‘iston, Ingushiston, Qabardin-Bolqor va Qorachay, Cherkess mintaqalari jangarilarining ularga qo‘shilayotgani haqida audioyozuvini e‘lon qilgandi.

"Islomiy Davlat", shuningdek, o‘zining ruszabon qanoti hisoblangan "Furat" tomonidan ishlangan videoni ham nashr qilgan.

Unda "Qofqoz Amirligi"ning Checheniston viloyati "rahbari" bo‘lmish Amir Hamzot "Islomiy Davlatga"ga sadoqati haqida gapirgan.

23 iyun kuni esa "Islomiy Davlat" rahbariyati bayonot chiqarib, o‘zining yangi hududi " Qofqoz viloyati"ning rahbari etib Rustam Aselderov tayinlanganini bildirdi.

"Qofqoz Amirligi" haqida nimalar ma‘lum?

Image copyright AP

Tarixi 1990 yillardagi Checheniston urushi davriga borib taqaladigan "Amirlik" 2007 yili chechen qo‘mondoni Doku Umarov tomonidan e‘lon qilingandi.

Amirlik Shimoliy Qofqozda o‘z nazoratini o‘rnatganligi e‘lon qilgan bo‘lib, lekin hech qachon mintaqani amalda nazorat qilmagan.

Amirlik "Al Qoida" tomonidan olib borilgan global jihodda ittifoqchi ekanligini bildirgan, lekin o‘z faoliyatini asosan Qofqozdagi Rossiya kuchlariga qarshi qaratgandi.

Qofqozdagi "Islomiy Davlat" ta‘siri ne qadar?

"Islomiy Davlat" rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodi o‘zini 2014 yil o‘rtalarida "xalifa" deya e‘lon qilgandi.

Oxirgi yillarda Suriya va Iroqda "Islomiy Davlat" saflarida yuzlab, balkida minglab shimoliy qofqozliklar kurashmoqda.

Ular al-Bag‘dodiga bay‘at keltirishgan.

Ular orasida taniqli qo‘mondon, kelib chiqishi Gurjistondan bo‘lgan chechen Umar al-Shishani (Tarxan Batirashvili) ham bor.

2014 yil noyabr oyida Amirlikning Dog‘iston "viloyati rahbari" hisoblangan Rustam Aselderov "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilayotganligini e‘lon qilgandi.

Shundan so‘ng qator guruh va isyonchi qo‘mondoanlar ham unga ergashdilar. Ular orasida Amirlik asoschisi ko‘rilgan Doku Umarovga yaqin bo‘lgan Aslan Butukayev ham bor edi.

"Islomiy Davlat" bilan Qofqoz Amirligi o‘rtasidagi munosabatlar qanday?

Aytilishicha, "Al Qoida"ning global rahbariyati talabi bilan Amirlik rahbarlari "Islomiy Davlat"ning Qofqozda ta‘siri kuchayishiga qarshi bo‘lib kelganlar.

2014 yil boshlaridan 2015 yil aprel oyida o‘ldirilganiga qadar Amirlikka rahbar bo‘lib kelgan Aliazhob Kebekov "Islomiy Davlat"ga qo‘shilgan isyonchilarni qoralab, al-Bag‘dodi o‘zini "xalifa" deya e‘lon qilishga umuman haqqi yo‘q edi, deya aytib kelgan.

2015 yil may oyida Magomed Sulemanov Qofqoz Amirligi rahbari etib tayinlanish arafasida ekanligi aytilgandi, lekin bu borada hech qanday e‘lon bo‘lmadi.

Amirlikka yaqin nashrlar "Islomiy Davlat"ning Qofqozni o‘z viloyati deb e‘lon qilishi haqida biron xabar bermagan.

"Qofqoz Amirligi" kuchlari Rossiyada qator fuqaro ob‘ektlarini nishonga olgan.

Jumladan, 2010 yili Moskva metrosida amalga oshirilgan hujumga mas‘ul ko‘riladi.

Hozirda ular global harakat tarkibiga kirayotganliklarini aytar ekanlar, hujumlar ko‘lami va sur‘ati oshishini kutish mumkin.

"Islomiy Davlat"ga qo‘shilish qarori "Al Qoida"ga sodiq kuchlar bilan o‘zaro kurshaning avj olishini ham anglatishi mumkin.

Bu kabi o‘zaro kurash "Al Qoida"dan ajrab, "Islomiy Davlat"ga sodiqlik e‘lon qilgan guruhlar o‘rtasida boshqa mintaqalarda hozirga qadar kuzatilgan.

Lekin hozircha, aftidan Shimoliy Qofqozda "Islomiy Davlat"ning qo‘li baland kelmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio