Koreyaga borib ishlash bo‘yicha kvota oshirilishi mumkin

Image copyright mehnat.uz

O‘zbekiston fuqarolarining Koreya respublikasiga ishlash uchun kirishi bo‘yicha kvota oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston mehnat va aholining ijtimoiy himoyasi vazirligi xabar qilishicha, bunga Koreya Respublikasining Hisob palatasi rahbari Chin Yeng Gon bilan Toshkentda o‘tgan uchrashuvda kelishilgan.

Chin Yeng Gon o‘zbekistonlik xodimlar "yuqori bilim va professional mahorat"ga ega bo‘lganliklari uchun ularga Janubiy Koreyada zarurat borligini aytgani xabar qilinadi.

Vazirlik matbuot bayonotiga ko‘ra, Koreya vakili bilan ko‘proq o‘zbekistonlik ishchilarni Koreyaga ishga yo‘llash muhokama qilingan, biroq aniq raqamlar keltirilmagan.

Hozirda Janubiy Koreya o‘z korxonalarida ishlash uchun 16 mamlakat fuqarolarini jalb qiladi. Chin Yeng Gon janoblari bular orasida o‘zbekistonlik xodimlar yuqori o‘rinlarda ekanini bildirgan.

Mehnat vazirligiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Koreyada ishlab qaytgach, o‘z bilimlari va tajribasini mahalliy korxonalarda yangi texnologiyalarni tadbiq qilish yo‘lida qo‘llashlari mumkin.

Ikki davlat mehnat vazirliklari 2007 yilda bitimga imzo chekkanlaridan beri O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga 22,5 ming ishchi yo‘llangan.

Hozirda Koreyada rasmiy raqamlarga ko‘ra, 15 mingdan oshiq o‘zbekistonlik ishlayotgani aytiladi. Biroq, norasmiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, ularning soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonliklar asosan Rossiya va Qozog‘iston, shuningdek Koreya, Ovro‘po, AQSh, Dubay, Turkiya va hatto Yaman kabi notinch mamlakatlarda mehnat qilib kelishmoqda. Odatda mehnat muhojirlari masalasi O‘zbekiston hukumati yoki matbuotida ochiqcha muhokama qilinmaydi.

Rossiyaning o‘zida 5 millionga yaqin o‘zbekistonlik, Qozog‘istonda esa bir necha yuz ming o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ishlayotganlari aytib kelinadi.

Muhojirlar orasida noqonuniy ishlash hollari ko‘p. Xususan, ayri xabarga binoan, Qozog‘iston chegara xizmati matbuot xizmati xabar qilishicha, o‘tgan bir necha kun ichida 60dan oshiq O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda qonunga xilof ravishda yashab va ishlab kelayotganlari uchun qo‘lga olinganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio