Stalinni sud qilishmoqchi...

Image copyright Getty
Image caption Stalin qaytmoqdami?

Jamoatchilik Tribunali loyihasi Iosif Stalinni ziyolilar Kongressida mahkamaga tortishni rejalagan.

Rossiya bo‘ylab Stalin shaxsiga sig‘inish masalasi yana jonlanib borar ekan, bu marhum diktatorni mahkamaga tortish tashabbuskorlarini bezovta qilmoqda…

Ziyolilarga ko‘ra, Stalin "millionlab insonlarning o‘limida aybdor bo‘lgan siyosiy jinoyatchidir".

"Stalinning ruhi qabrdan chiqib, yana qon talab qilmoqda", deydi huquqshunos Ilya Shablinskiy.

Rossiyadagi eng faxriy dissedentlardan sanalgan Sergey Kovalyov ham Stalinni mahkamaga tortish tashabbuskorlaridan biri…

"Iosif Vissarionivich hayot bo‘lganida jamoatchilik mahkamasiga tortilishga qarshilik qilmas edi", deydi Leonid Jura.

Leonid Jura "Sionistlar Stalinga qarshi" nomli kitob muallifidir…

Hechdan ko‘ra, kech yaxshimi?

Image copyright Getty
Image caption Liboslarga qaytgani aniq...

Stalin ustidan mahkama bundan 30 yil avval o‘tishi kerak edi deyiladi murojaatnomada.

Ammo, tashabbuskorlarga ko‘ra, Rossiyada jamoatchilik yana "kechikmoqda"…

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a‘zosi Ilya Shablinskiyga ko‘ra, tabiiyki, Stalinni jinoiy javobgarlikka tortishning imkoni yo‘q.

"Faqat… biz doim Stalinning xatolari uchun qanchalar dahshatli tovon to‘laganimizni eslab, eslatib turishimiz kerak", deydi huquqshunos.

"Jamoatchilik tribunali Tergov qo‘mitasiga Stalin ustidan jinoiy ish ochish taklifi bilan murojaat qilishi mumkin".

Shablinskiyga ko‘ra, ayni tribunal jamoatchilik ko‘z qarashiga ta‘sir qilish yo‘llaridan biridir…

"Rasman Stalin ustidan mahkama o‘tishi, tabiiyki imkonsiz", deydi BBC bilan suhbatda mashhur huquqbon Sergey Kovalyov.

Stalin avlodining huquqlarini himoya qilib kelgan Leonid Juraga ko‘ra, uning o‘zi ham bir necha yil avval mana shunday "jamoatchilik mahkamasi" o‘tkazilishi tashabbusi bilan chiqqan.

Stalin o‘z nomini turfa mish-mishlaru tuhmatlar, hamda ertaklardan oqlab olishi uchun ham, himoyachiga ko‘ra, bu kabi mahkama o‘tishini olqishlagan bo‘lardi.

Ayblovlar

Image copyright AP
Image caption Qrimga qaytgani ham...bor gap!

Tashabbuskorlar Stalin ustidan mahkama bugungi kunda juda dolzarb ekanligini urg‘ulashadi.

Ularga ko‘ra, hozirgi hokimiyat mamlakatni "hokimiyatni almisoqdan qolgan usulda boshqarish"ga qaytirishni istashadi.

Tashabbuskorlarning aytishlaricha, hamma harakat butun qudratni bir shaxs ilkida yig‘ishga qaratilgan.

Dunyoning aksar mamlakatlari diktatorlik yo‘lini tark etayotgan bir paytda, ularning ishonishicha, Rossiya teskari tomon harakatlanmoqda.

Qonli urushdan 70 yil o‘tib Stalinni yana g‘oliblar qatoriga qo‘shishmoqda, aslida esa, tashabbuskorlarga ko‘ra, bu urushdagi g‘alabada Stalinning xizmati yo‘q.

Professor Shablinskiyga ko‘ra, ayni mahkama jarayonida so‘z Stalinning dehqonlarga nisbatan jinoyati haqida borishi kerak.

Chunki ayni masala eng oz o‘rganilgandir.

"Bir qator kampaniyalar kechgan. Odamlarni jismonan yo‘q qilishgan. "Kollektivlashtirish", "quloqlashtirish", "non tayyorlash" ana shular jumlasidandir", deydi Shablinskiy.

Uning aytishicha, Stalin Gitler bilan kelishuvga rozi bo‘lgani ham mahkamaga loyiq jinoyatdir.

"Molotov-Ribbenrop" pakti halokatli bir xato edi, ammo aksariyat rossiyaliklar buni Stalin diplomatiyasining yutug‘i deb biladi".

Leonid Jura esa Sho‘ro-Olmoniya shartnomasi Stalinning diplomatik jasoratidan dalolat beradi.

Uning nazarida Polshaga 1939 yil 16 sentyabrida hech qanday hujum bo‘lmagan, "ochlik va qahatchilik" ham uydirmadir.

Ilya Shabalinskiy esa Putin 2009 yilda Bosh vazirlik lavozimida vaqti ayni shartnomani "ahloqsizlik" deb ataganiga ishora qiladi.

Shablinskiyning eslatishicha, 2015 yilga kelib prezident Putin xuddi shu Sho‘ro-Olmon shartnomasini "Sho‘rolar Ittifoqi xavfsizligini ta‘minlash uchun" imzolangan deya ta‘rif beradi…

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq