Suriya inqirozi: ID Kobani shahriga qayta kirib keldi

Image copyright AFP
Image caption Kobani yana Islomiy Davlat va kurdlar o‘rtasidagi janglar sahnasiga aylandi

Islomiy Davlat jangarilari Suriyaning Kobani shahridan siqib chiqarilishlaridan bir necha oy o‘tib yana shaharga kirib kelganlar.

Suriya va Turkiya chegarasidagi Kobanida ID jangchilari va kurd qo‘shinlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda 30ga yaqin odam halok bo‘ldi.

ID jangarilari avvalo mashinaga o‘rnatilgan bombani portlatganlar, so‘ngra bir necha nuqtalardan o‘t ochganlar.

Ularning ba‘zilari Kobaniga qaytayotgan qochqinlar orasiga yashirinib kelganlari, ba‘zilari esa kurd lashkarlarining formalarini kiyib olganlari aytiladi.

Mahalliy xabarlarga ko‘ra, jangarilarning ko‘pchiligi qo‘lga olingan yo o‘ldirilgan.

ID yaqin atrofdagi qishloqda ham 20 kishini otib o‘ldirgani aytiladi.

Image copyright AFP
Image caption Kobani vayron qilinishiga qaramay, uning aholisi qayta boshlagan

Kurd qo‘shinlari oxirgi kunlarda IDni bir necha bor mag‘lubiyatga uchragandi.

Ammo, payshanba kuni ID Suriyaning muhim Hassaki shahrining ba‘zi qismlarini bosib oldi. Ular Kobanidan 270 chaqirim masofada bo‘lgan bu shaharni bir necha oydan beri ishg‘ol qilishga urinib kelishayotgandi.

Hassaki Suriya shimoli-sharqidagi eng katta shahardir. U yerda, zo‘ravonliklardan qochib kelgan minglab qochqinlardan tashqari, 500 ming odam yashaydi.

Ayni damda kurd askarlari Islomiy Davlatning Raqqa shahriga o‘tadigan yirik ta‘minot yo‘lini kesib qo‘yishgan.

Raqqa Islomiy Davlat e‘lon qilgan xalifalikning amaldagi poytaxti hisoblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio