Johar Tsarnayev jabrlanganlardan uzr so‘radi

Image copyright AP

Boston marafoni hujumchisi Johar Tsarnayev portlashdan jabr ko‘rganlardan uzr so‘ragan.

U o‘ziga chiqarilgan o‘lim hukmi rasman e‘lon qilingan federal mahkamada gapirgan.

"O‘zim zomin bo‘lgan insonlar umri uchun, sizga yetkazgan ozorim uchun, uzr so‘rayman", deb aytgan Johar Tsarnayev nobud bo‘lganlarning yaqinlari va jarohatlanganlarga qarata.

Chorshanba kuni kechgan mahkama majlisida hujumdan jabrlanganlar Tsarnayevni "qo‘rqoqlarcha" qilgan amallari uchun qoralashgan. U esa, bu so‘zlarni jim turib tinglagan.

Johar Tsarnayev va uning akasi 2013 yilgi marafon payti uyushtirgan bomba hujumida uch inson hayotdan ko‘z yumgan, 264 kishi tan jarohati olgandi.

Tsarnayevlarni qidirish amaliyotlari chog‘i esa, bir politsiya zobiti nobud bo‘lgan.

Johar Tsarnayevning akasi Tamerlan ham keyin o‘ldirilgan.

Image copyright Public Defenders Office
Image caption Aka-uka Tsarnayevlar

Uning o‘zi esa, 30ta ayblovning barchasida aybdor topilib, o‘tgan oy o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Chorshanba kuni shu hukm rasman o‘qib eshittirilgan.

Mahkama jarayoni boshlanganidan beri bergan ilk bayonotlarida 21 yoshli Tsarnayev barcha jabrlanganlar ko‘rsatmalarini tinglagani va omon qolganlarning kuch-quvvati va sabr toqati haqida gapirgan.

U Allohga shukrona qilish bilan birga himoyachilariga minnatdorchilik bildirgan.

Johar Tsarnayevning so‘zlari mahkama tashqarisida to‘plangan tomonidan turlicha kutib olingan. Omon qolganlardan biri uning uzrxohligini soxta deb ta‘riflagan.

Image copyright Getty
Image caption Tsarnayevning so‘zlari turli munosabatlarni uyg‘otgan

Ammo, hodisa guvohlaridan boshqa biri Tsarnayevni kechirganini bildirgan: "Uning uzri menga yetarli, samimiy gapiryapti, deb umid qilaman".

Qurbonlar

*29 yoshli restoran menejeri Kristl Kembl o‘z do‘stining poygadagi ishtirokini kuzatish uchun kelgan bo‘lgan;

*Xitoylik bitiruvchi talaba Lui Lingzi Boston Universitetida statistika fanidan ta‘lim olayotgandi;

*Sakkiz yoshli Martin Richard oilasi bilan poygachilarni dastaklab turgandi.

Qurbonlardan eng kichigi Martin Richardning otasi Bill Richard Johar akasini bu ishdan to‘xtatib qolishi mumkin bo‘lganini aytgan.

"U nafratni, buzg‘unchilikni tanladi. O‘limni tanladi. Bularning bari uning bo‘ynida", deb aytgan Bill Richard.

Hujumda oyoqlaridan ayrilgan 17 kishi ham mahkama majlisida hozir bo‘lgan. Ularning ko‘plari o‘zlarini o‘layotgan his qilganlarini aytishgan.

Johar Tsarnayev ustidan ish yillar davom etishi mumkin. Qo‘shma Shtatlarda o‘lim jazolari ijrosi ko‘pda bir necha yillar o‘tib amalga oshiriladi. Va hali hukmga qarshi shikoyat arizasi beriladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq