Prezident Rahmon: "Islomiy Davlat" saflarida tojik talabalari ham bor'

Image copyright AFP

Tojikiston rahbari bu haqda Milliy Birdamlik kunining 18 yilligi munosabati bilan poytaxt Dushanbeda qilgan chiqishi chog‘ida bayon qilgan.

Prezident Rahmonning aytishicha, joriy paytda 18 talabalari Yaqin Sharqda "Islomiy Davlat" saflarida jang qilishmoqda.

Tojik rahbarining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ulardan yetti nafari guruh saflariga qo‘shilishdan avval chetda tahsil olayotgan bo‘lishgan. Qolganlari esa, Tojikistonning o‘zidagi Oliy o‘quv yurti talabalaridir.

Prezident Rahmon, o‘z o‘rnida, hozirga kelib "Islomiy Davlat" saflariga adashib kirib qolgan fuqarolarining soni uch yuzdan ortishi, ularning oralarida xotin, bola-chaqalari bilan birga ketganlari ham borligini bildirgan.

Tojik rahbarining chiqishidan bugun "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan tojikistonliklar aksariyatining 18 dan 25 yoshgacha ekanliklari ham ma‘lum bo‘lgan.

Prezident Rahmonga ko‘ra, ulardan yuzdan ortiqrog‘i allaqachon janglarda halok etilishgan.

Uning so‘zlariga tayanilsa, tezroq boyib ketish orzusi yoshlarni bu kabi tashkilotlar saflariga jalb etayotgan asosiy omillardan biridir.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu – prezident Rahmonning "Islomiy Davlat" guruhi va u solayotgan tahdid haqida ilk bor so‘z yuritishi emas.

Tojik rahbari o‘tgan yil Xalq-demokratik partiyasining s‘ezdida chiqish qilarkan, "Islomiy Davlat"ni "yangi asrning vabosi"ga qiyos bergandi.

Image copyright AFP

"Tolibon bo‘ladimi, "al-Qoida" yoki "Islomiy Davlat" - ular barchasining maqsadi yagona ekani, yomoni esa, ayrim kuchlar bu kabi guruhlarni musulmonlarning o‘zlariga qarshi qo‘llanishayotganida" ekanini aytgandi.

O‘z o‘rnida, tojik rahbari "Islomiy Davlat" guruhining faoliyati butun dunyo, shu jumladan, Tojikiston uchun ham xavf ekanini bayon qilgandi.

Prezident Rahmon o‘sha chiqishida ham tojik yoshlari har qanday yo‘llar "Islomiy Davlat" saflariga borib qo‘shilishayotgani, "jihod"ga, hatto, oila, oila bo‘lib ketishayotganini aytgandi.

Tojikistonliklarni "befarq bo‘lmaslik va bu xavfning oldini olish"ga da‘vat qilgandi.

"Agar bu tahdidning oldi olinmasa, vaziyat 1992 yildagisidan ko‘ra battarroq bo‘lishi" bilan ogohlantirgandi.

Tojikiston ham qolgan Markaziy Osiyo davlatlari kabi "Islomiy Davlat" guruhi faoliyatining mintaqa davlatlariga yoyilishidan jiddiy xavotirda.

Prezident Rahmonning Dushanbedagi so‘nggi chiqishi ham Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi shundoqqina biqinlaridagi Afg‘onistonda yuzlab jangarilar yollash va allaqachon qarshi hujumga ham o‘tib ulgurgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Ayniqsa, yaqinda qo‘shni Afg‘onistonning o‘zlariga bevosita chegaradosh ikki shimoliy-sharqiy viloyatida "Islomiy Davlat" jangarilari ham ishtirok etgan shiddatli va davomiy janglar Tojikiston tomonini jiddiy tashvishga solgan.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qo‘shni Afg‘onistonda voqealarning bu kabi rivoji ehtimolidan jiddiy xavotir izhor etib kelishayotgan esa-da, "Islomiy Davlat" tahdidi chegaralariga bu qadar yaqinlashmagandi.

Rossiyaning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov ham yaqinda xavotirli bayonot bilan chiqqan, so‘nggi oylarda Afg‘oniston shimolida katta sondagi jangarilar to‘planishganini aytarkan, ularning Tojikistonga bostirib kirishlari ehtimolini ham nazardan soqit etmagandi.

Zamir Kabulov janoblari bu jangarilarning aksariyati tojiklar, qirg‘izlar va o‘zbeklar ekanini ham bildirgandi.

"Islomiy Davlat" saflaridagi fuqarolari soni ortib borarkan, Tojikiston yaqinda ortga qaytishsa, ularni afv etishini rasman bayon qilgan birinchi sobiq Sho‘ro davlati bo‘lgandi.

O‘tgan oy o‘z Ichki Ishlar vazirligi polkovnigining "Islomiy Davlat" saflariga o‘tgani ma‘lum bo‘lishi ortidan esa, Tojikiston dunyodagi eng qudratli va jangari bu guruhni "terrorchi", deb e‘lon qilgan, mamlakat hududida faoliyatini rasman taqiqlab qo‘ygandi.

Polkovnik Gulmurod Halimov Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilgan eng yuqori martabali Tojikiston fuqarosi bo‘lgandi.

Ammo Suriya va Iroqda jang qilayotgan tojikistonliklar orasida sobiq mehnat muhojirlari ko‘pchilikni tashkil qilishi, ularning guruh saflariga Rossiyadan yollanganliklari aytiladi.

Kuni-kecha Tojikiston prezidentining Xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Sherali Xayrulloyev aksariyati markaziy osiyolik jangarilardan iborat va afg‘on hukumat kuchlariga qarshi jang olib borayotgan turli noqonuniy isyonchi guruhlar nafaqat mintaqa davlatlariga real xavf tug‘dirishi, balki-da, qurolli nizolarga Rossiya va Xitoyni ham tortishlari mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq