Tunislik o‘zbek:'Hodisa barchani dahshatga soldi'

Image copyright AFP
Image caption Hodisa tunisliklarni g'azabga solgan

Tunis Ichki ishlar vaziriga ko‘ra, Sus dam olish maskanida 38 insonning umriga zomin bo‘lgan hodisa ortidan qator gumondorlar qo‘lga olingan.

Juma kuni Sus oromgohida amalga oshirilgan qurolli hujumda nobud bo‘lganlar aksari, ya‘ni 30 nafari britaniyalik sayyohlardir.

Ichki ishlar vaziri Muhammad G‘arsaliy mamlakatdagi dam olish maskanlarini muhofaza qilish uchun 1000 nafar qo‘shin joylashtirilishini aytgan.

Ovro‘po vazirlari hujum sahnasiga gulchambarlar qo‘yishgan.

"Islomiy Davlat" guruhi hujum mas‘uliyatini zimmasiga olib chiqqan.

Biz sayyohlik dam olish maskani joylashgan hududda yashovchi asli o‘zbekistonlik Surayyo Belhajga bog‘landik va yuz bergan qonli hodisa Tunisning o‘zida qanday aks-sado bergani haqida so‘radik

Surayyo Belhaj: Aksar tunisliklar yangiliklarni kuzatib borganlari, ko‘plari interentdan xabar olayotganlari bois mazkur fojea borasida men ham Feysbuk va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali bildim. Feysbukda shunday mudxish hodisa ro‘y bergani haqida o‘qidim. Boshida talofotlar kamroq edi. Biroq, o‘qiganim va radio eshitganim sari o‘ldirilgan sayyohlar soni ortib borganidan dahshatga tushdim. Televizordan ham buni terrorchilik amali deb e‘lon qilishdi. Shunda barchamiz - oila a‘zolarim va qo‘shnilarim dahshatga tushdik. Shok bo‘ldik. Biz begunoh odamlar o‘ldirilganidan afsuslandik... Bu sayyohlarning gunohi nima edi? Ular iqtisodiyotimizga dastak berish uchun kelishgandi. Ayniqsa, bir necha oy oldin poytaxtimizdagi Bardo milliy muzeyiga uyushtirilgan terrorchilik hujumida o‘nlab insonlar hayotdan o‘z yumganidan keyin ham sayyohlar Tunisga safar qilayotganlarini shaxsan men qadrlayman. Axir, bizning iqtisodiy farovonligimiz shu sayyohlik bilan bog‘liq! Oilamiz Sus shaxri joylashgan dam olish hududida yashaydi. Ko‘plab mahalliy aholi vakillari ana shu sayyohlik sanoati ortidan kun ko‘rishadi.

Savol: Hodisa haqida eshitgan paytingiz xayolingizdan nimalar o‘tdi?

Surayyo Belhaj: Meni eng dahshatga solgani, bunday amaliyotni bunday amaliyetni bemalol amalga oshirish mumkinligi bo‘ldi. Hujumchining osongina, hech qanday to‘siqlarsiz mehmonxonaga kirib borganidan hayratga tushdim. U oddiy, yosh yigitlarga o‘xshab kiyingan bo‘lgan. Ya‘ni, sohilda mayka va kalta ishton kiygan yigitlar mingta axir! Ko‘rinishda uning boshqa xizmatchilardan farqi bo‘lmagan. Keyin bemalol soyabon g‘ilofida yashirgan Kalashnikov rusumli quroli bilan sayyohlarni o‘qqa tuta boshlagan. Bu sohilda dam olayotgan odamlar va mehmonxona xodimlari uchun benihoya kutilmagan hodisa bo‘lgan. Ko‘p tunisliklar bundan qattiq larzaga tushishdi. Ko‘plar ko‘z yosh to‘kishdi. Eng qo‘rqinchlisi, guvohlarning gapirib berishlaricha, hujumchi o‘zini xuddi jin chalgandek, xayoli joyida emasdek tutgan.

Savol: Mahalliy matbuotda hujum tafsilotlari qanday yoritilmoqda, qanday talqin qilinmoqda? Qanday faraz yoki fikrlar bildirilmoqda?

Surayyo Belhaj: Hozir ma‘lum bo‘lishicha, ko‘p odamlar sayyohlarga yordam berishgan. Mehmonxona xodimlari sayyohlarni o‘z tanalari bilan to‘sishga urinishgan. Ularni yashirishga, xavfsiz joyga olib chiqishga harakat qilishgan. Boshida shunday bo‘lgan. Keyin faqat g‘arbliklarni nishonga olayotgan hujumchi: "Qochinglar, menga yo‘l beringlar, aralashmanglar", deb baqira boshlagan. Keyin ular insoniy qalqon qurishgan. Ya‘ni, xodimlar sohilda saf tortib turib: "Avval bizni ot" deb uni nariga o‘tishiga yo‘l bermaganlar. Hujumchi esa: "Ketinglar, sizlar menga kerak emassizlar", deb xitob qilgan. Biroq, mahalliy xizmatchilar mahkam turishgan. Oxiri jangari yigit ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Ya‘ni, u boshqa sohilga o‘ta olmagan. Aks holda, talofotlar soni undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Mehmonxonaga qaytgach, hujuimchiga xalaqit berish uchun xodimlar uni har xil narsalar bilan nishonga olishgan. Kimdir uni to‘xtatish uchun tomdan turib g‘isht otgan. Dengiz politsiyasi yetib kelganida, ba‘zi xizmatchilar: "Bizga qurol bering, o‘zimiz uni otib tashlaymiz", deb aytishgan. Tunisliklarning o‘zlari uni o‘ldirishmoqchi bo‘lganlar. Shuning uchun, hodisadan so‘ng minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, jabr ko‘rgan sayyohlarga hamdardlik bildirishgani ajablanarli emas. Odamlar ko‘chaga butun oilalari, kichik bolalari bilan chiqishdi va o‘z qahru g‘azablari, noroziliklarini namoyish etishdi. Terrorizm - tunisliklar uchun aql bovar qilmaydigan tushuncha.

Image copyright none
Image caption Hujumchi deb gumon qilingan yigitning surati. U muhandislikka o‘qigani, g‘arbona raqs ishqibozi bo‘lgani aytiladi

Savol: Bir necha yil oldin Arab bahori aynan Tunisdan boshlangandi. O‘shanda siz ham boshqa tunisliklar kabi yangi o‘zgarishlari keladi, deb xursand bo‘lgansiz. Qanday qilib, shuncha demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirgan Tunisda islomiy radikallashuv kuchayib bormoqda? Jamiyat qaysi tomonga siljishmoqda?

Surayyo Belhaj: Nazarimda, jamiyatmizdagi aksariyat o‘zgarishlarga o‘ta nekbin qaraydi. Ya‘ni, ularning bunga o‘xshash mudhish hodisa boshqa hech qachon ro‘y bermasligiga ishonchlari komil. Albatta, inqilob bo‘lganida hamma ko‘tarinki ruhda edi. Yangi hayot, yangi demokratik o‘zgarishlar mana endi boshlanadi, deb o‘ylashardi. Men bu yerda islomiy radikallashuv kuchayayotganini ko‘rmayapman. Buni ko‘proq tashqaridan sizib kirayotgan ta‘sir natijasi, deb bilaman. Yoshlarning "onglarning o‘g‘irlash " jarayoni aynan tashqaridan amalga oshirilyapti. Yosh tunisliklarning aksari ishsiz. DOYISh yoki "Islomiy Davlat"ga o‘xshagan guruhlar bundan foydalanib, ularga ish va pul va‘da qilishmoqda. Bunday hodisalar o‘ta tez sur‘atda sodir bo‘lyapti. Ruhan zaif va yo ta‘sirchan yoshlarimiz bunga ishonib, kirib ketishyapti.

Savol: O‘zingizning ham ikki yosh o‘smir o‘g‘ilingiz bor. Vaziyat siz uchun qanchalar xavotirli?

Surayyo Belhaj: Men, albatta, qo‘rqaman. Ikki o‘g‘lim bor. Ko‘p odamlar kabi men ham farzandlarimning yurish-turishidan boxabar bo‘lib turishga harakat qilaman. Doim kim bilan bo‘lishgani, do‘stlari kimligini surishtiraman. Internetda kimlar bilan aloqada bo‘lishlari haqida so‘rayman. Xudo ko‘rsatmasin, bolalarimning yomon odamlar odamlar ta‘siriga tushib qolishlari ehtimolidan tashvishdaman. Mahallamizda ham odamlar bir-birlarini qo‘llab-quvatlab, farzandlarni tekshirib turish kerak degan gaplarni aytishadi. Chunki, bu juda ham keng tus olgan. Mana, qarang, hujumchi yigit ham muhandislikka o‘qigan, o‘qimishli bo‘lgan. G‘arb uslubidagi raqslarni yaxshi ko‘rgan. Lekin, uni yollashga muvaffaq bo‘lganlar qayerlardadir unga odam o‘ldirishni o‘rgatishgan. Chunki, hamma qurbonlar otib tashlangan. Ya‘ni, bu odamlarning o‘tkazayotgan ta‘sir kuchi o‘tkirki, buni faqat o‘lat bilan solishtirish mumkin.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio