Men va Abu Tavbah: Islomiy jangarining kallasida nima bor?

Image caption Nina Orifning "Islomiy davlat" jangarisi Abu Tavbah bilan yozishmalaridan

Ko‘pchilik "Islomiy davlat" jangarisining kallasidan qanday o‘y-xayollar kechadi deb qiziqishi mumkin. Nina Orif bu savolga javob qidirib, ana shunday ko‘ngillilardan va kelib chiqishi G‘arbdan bo‘lgan yosh yigit bilan yozishmaga kirishadi.

Men Muzenna Abu Tavbah bilan so‘nggi bor yozishganimdan keyin ham ham bir necha oy o‘tdi.

U men kabi bir musulmon edi, London markazidagi o‘rta maktabni bitirgan va xuddi men kabi Sharq jang usullarini yoqtirardi.

Ammo mendan farqli o‘laroq, u Suriyaga ketdi, "Islomiy davlat"ga qo‘shildi.

Abu Tavbahning asl ismini men bilmas edim, ammo u bilan bir necha oy muloqotda bo‘ldim.

U yarim irland va yarim nigeriyalik edi.

24 yoshli Abu Tavbah Islomni qabul qilgan yoshlardan biri edi, u haqida surishtirganimda, menga uning Suriya Raqqasida qandaydir bomba yasash vaqti tasodifiy o‘lim topganini aytishdi.

Men u bilan 2014 yilda tanishdim va bir musulmon jurnalisti o‘laroq, nima uchun Abu Tavbah radikal guruhga qo‘shilib qolgani bilan qiziqdim.

U mening savollarimga javob berishga rozi bo‘ldi.

Biz WhatsApp orqali qariyb olti oy muloqotda bo‘ldik.

Avvaliga Abu Tavbah o‘zini bir mujohid sifatida anchayin sipo tutdi.

Menga o‘zining Twitter hisobini ko‘rsatdi.

Abu Tavbah suriyaliklarga yordam berish uchun "qon bilan shartnoma" imzolaganini aytgandi.

Uning aytishicha, aynan Suriya va boshqa mamlakatlardagi musulmonlarning jabr tortishi bilan Abu Tavbah "Islomiy davlat"ga qo‘shilgan.

"Xitoyni oling, bu mamlakatda erkaklarga soqol qo‘yish mumkin emas. Musulmonlarga ro‘za tutishni ta‘qiqlashgan. Fransaga qarang...Ayollar islomiy liboslarni kiyisholmaydi. AQSh va Britaniyaga boqing, u yerda hatto jihod haqida gapirolmaysiz", deb yozgandi u.

U menga dunyoni oqu qoraga bo‘lgan turfa tashviqot axborotlarni, linklarni jo‘natardi, men ularning barini rad etardim, ammo uning musulmonlar erkinliklari poymol etilayotganiga doir qarashlariga hayrihohligimcha qoldim.

Aksariyat begunoh musulmonlar bugun chet davlatlarda kechayotgan urushlar uchun tovon to‘lashmoqda. Bu bor gap.

Ammo nima uchun Abu Tavbah haqsizliklarga nisbatan aynan jihodni tanladi?

"Islomiy davlat" haqsizlik qilayotgani yo‘qmi?

Ana shu savollarni so‘ramoqchi edim men undan, ammo avvaliga uning o‘tmishi haqida bilishni istadim.

Unga yarim hazil, yarim chin qilib, Islomga kirishingizdan avval, hoynahoy, giyohvand moddalar savdosiga aloqador bo‘lgansiz, yoki qamoqqa tushib chiqqansiz, shundaymi dedim.

"Izoh yo‘q" degan javob keldi.

U faqat o‘z o‘tmishi juda yomon bo‘lgani va hozir buning teskarisi ekanini aytar ekan, "hayot sizga limon bersa, limonad qilib iching" degan edi.

Abu Tavbah alal-oqibat men bilan ochiqroq gaplashadigan bo‘ldi.

Buyuk Britaniyada universitetga qatnagani, Sharq kurash usuli bilan shug‘ullangani, shaxmatni bilishi va hatto o‘zining iti bo‘lgani haqida aytib berdi.

U o‘z oilasi uni tushunmasa ham, ularni juda sog‘ingani haqida yozdi.

Image caption Abu Tavbah

Suriyada esa o‘z birodarlari uchun ovqat tayyorlar, "halol ziyofatlar" - Hayit kunlarida maza qilar va hatto mushukcha boqardi.

Abu Tavbah arabchani ham o‘rganib oladi.

Uning aytishicha, Raqqada ko‘plab xorijlik jangarilar o‘z oilalari bilan yashashgan.

Men Abu Tavbah haqiqatdan ham jangu jadallarda qatnashganmi, yo‘qmi, aniq bilmas edim.

Faqat undan "Islomiy davlat" safida nima ish qilishini so‘raganimda, u aniq javob bermagan, balki "Alloh uchun kunduzi ishlab, tunlari orom olamiz", deb javob bergandi.

U xavfsizlik yuzasidan o‘z shaxsini aniqlashtirmasligini aytgan edi.

Men esa bu "sir saqlash" sababi balki Abu Tavbahning bir kun yana vatanga qaytish niyati bilan bog‘liqmikan deb o‘ylardim...

U odatda meni jihodiy tashviqotlar bilan "to‘ydirib" qo‘yardi, ammo ba‘zan qayerlarga sayyohat qilganim, qanday dahshatli voqealarga shohid bo‘lganim haqida so‘rardi.

Menimcha, u aslida yosh bo‘lishiga qaramasdan, u mendan ko‘ra ko‘proq "kuylak yirtib" qo‘ygani bilan maqtanmoqchi bo‘lardi.

Bir marta u menga, " men sizdan ko‘ra ko‘proq tajribaga egaman, dunyo ko‘rganman" deb qoldi.

Soat tonggi uchlarga yaqinlashib qolgan va men juda charchagan edim.

U mendan Islomni o‘rganganmanmi, qaysi olimlarni bilishim haqida so‘radi.

Men unga "bilmaganim uchun ham siz bilan muloqot qilmoqdaman", deb javob berdim.

Keyin men u haqda nima deb o‘ylashim bilan qiziqdi.

Men unga umumiy qilib, "Siz o‘z maqsadingiz va yo‘lingizda ancha tinmas bir shaxs ekansiz", deb javob berdim.

U esa, "Rostdanmi? Hech yomon narsa o‘ylamaysizmi? Menimcha, bu javobingiz samimiy emas", deb yozdi.

U rost aytgandi. Shundan keyin men unga ochiqroq bir javob berdim.

"Menga aytganlaringizning ayrimlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak...Menimcha, Siz dunyoga sal bir taraflama qarar ekansiz. Men Siz kelajakda o‘z amallaringizdan afsus qilasiz deb xavotirdaman. Qur‘onda fikr qiling, zikr qiling deb aytilmaganmi? Siz faqat oq qorani ko‘rasiz,xolos", dedim.

Ana shunda Abu Tavbahning hafsalasi pir bo‘lganini sezdim. Chunki u yuborgan jihodiy tashviqot menga ta‘sir qilmaganini sezib qolgandi.

Menga avvaliga u dinni o‘rganish haqida uqtirdi, keyin esa G‘arbdagi musulmonlar haqida va‘z qilishga tushdi.

"Ular mujohidlarning qadriga yetmaydi. Tuhmat qilishadi. Shafqatsiz deyishadi. Ammo kofirlar haqida bunaqa gapirishmaydi. Kofirlar qonunlari ostida yashashni sevishadi..."

Keyin esa birdaniga u "Sizga bir narsa aytishim kerak. Biz boshqa yozishmasligimiz lozim", deb yozdi.

Image caption Abu Tavbah

Albatta, men uning bu qarorini hurmat qilardim. Ammo bu hurmatim faqat to‘rt kunga cho‘zildi.

U men bilan yozishishni istayotgani, ammo Abu Tavbah o‘z boshliqlari tomonidan taqiqqa uchraganini ko‘nglim sezib turardi.

Men alal-oqibat undan nima uchun birdaniga fikrini o‘zgartirib qolgani haqida so‘radim.

"Men qusurli bir odamman, "Islomiy davlat" ni taqdim qilishga yaramayman", deb javob berdi u.

Shunga qaramay u menga jihodiy websahifalar uchun linklar jo‘natishda davom etdim.

"Bu propaganda Siz uchun...men Sizni radikallashtirmoqchiman, agar sezmagan bo‘lsangiz...Bilaman, meni "terrorchi" deb o‘ylaysiz..."

Bu safar esa men unga musulmon olimlarning "Islomiy davlat"ga qarshi yozganlarini jo‘natishga qaror qildim.

"Men esa Sizni radikal yo‘ldan voz kechishga undamoqchiman".

Ammo Abu Tavbah men taqdim qilgan barcha musulmon olimlarni "kofir" deb atadi.

"Siz bilan yozishmoqlikdan manfaat yo‘q, men bu yozishmalarni yomon ko‘raman. Men Siz bilan yashaydigan erkakka rahmim keladi..."

Bunaqa yozma hujumlar bir necha bor bo‘ldi.

Bir kuni u menga Nigeriyadagi Boko Haram rahbarining "Islomiy davlat"ga bay‘at bergani tasvirlangan rasmni jo‘natdi.

Men Boko Haram tomonidan maktabda o‘qiydigan qizlarning o‘g‘irlab ketilishi va bunga Abu Tavbahning qarashi bilan qiziqdim.

"Kofirlarning qizlarini o‘g‘irlab ketsa bo‘ladi, agar ular bilan orada shartnoma bo‘lmasa..."

"Islomda begunoh qizlarni o‘g‘irlab ketish, keyin ularni sotish mumkinmi? Jiddiy gapirayapsizmi? Bu qizlardan biri Sizning singlingiz bo‘lishi mumkin", deb javob berdim men. Keyin yana yozdim.

"Sizning oilangiz a‘zolaridan ayrimlari musulmon emas...Menga ochig‘ini ayting, agar "Islomiy davlat" ularni o‘g‘irlab ketib, keyin fohishalikka sotadigan bo‘lsa, Siz jim o‘tirasizmi", deb so‘radim undan.

"Siz Payg‘ambarimiz(SAV)ning sunnatini fohishalik demoqdasizmi? Allohdan qo‘rqing".

Image caption Nina Orifning "Islomiy davlat£ jangarisi Abu Tavbah bilan yozishmalaridan

Men undan odam savdosi qayerda yozilgan deb diniy dalillar so‘radim, uning bundan jahli chiqdi.

U bu kabi ma‘lumotlarni o‘zim qidirishim, dinimni o‘rganishim haqida yozar ekan, "Siz bilan bahslashishdan charchadim", dedi.

Bu paytga kelib Abu Tavbahning Twitter dagi hisobi o‘chib qoldi.

Men unga internetda o‘zi haqida maqola o‘qiganimni aytganimda, u juda xavotirga tushdi.

Twitter hisobi o‘chirilgani sababi uning "Islomiy davlat" tashviqotchisi bo‘lgani ehtimoli ekanini tushuntirmoqchi bo‘lganimda, u menga, "yo‘q, men ID a‘zosi ekanim hisobimda bilinmasdi,ammo tarafdor ekanim ochiq edi...Siz josusmisiz", deb so‘radi.

Keyin bizning yozishmalarimiz tobora sanjoblasha boshladi.

"Bizning dinga qarashimiz boshqa-boshqa..."

Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Tavbah umuman yozmay qoldi.

Alal-oqibat men uni bilganlardan biri bilan bog‘landim.

Abu Tavbah halok bo‘lgan edi.

U o‘zining yaqin do‘sti bilan birgalikda, Raqqadagi bomba yasaydigan ustaxonada halok bo‘lgan ega.

Menga yana 24 yashar Abu Tavbahning yaqinda to‘yi bo‘lishi kutilayotganini aytishdi.

To‘ydan avval u halok bo‘ldi.

Yozishmalarning birida u menga "O‘lim peshonaga yozilgan bo‘ladi. O‘limdan qochib qutulib bo‘lmaydi", degan edi.

Mening yozishmalarimdagi Abu Tavbah o‘zi da‘vo qilgani kabi... o‘zining aytayotganlariga to‘la ishongan bir shaxs emas edi. Men "Islomiy davlat"ning tashqaridan buzilmas bo‘lib ko‘rinayotgani armiyasi saflarida yana qanchadan - qancha shubha bilan yashayotganlar bor ekan deb o‘ylab qoldim...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq