Saudiya shahzodasi bor pulini xayriyaga bermoqchi

Image copyright AP

Dunyoning eng boy odamlaridan biri deb ko'riladigan Saudiya shahzodasi Al-Valid bin Talal Alsaud o'zining 32 milliard dollarga teng mol-mulkining hammasini xayriya maqsadlariga sarflashga qaror qilgan.

Bu haqda shahzoda Al-Valid maxsus tashkil qilgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

Shahzoda Al-Valid aytishicha, bor mol-mulkini kelgusi bir necha yil davomida qism-qismlarga bo'lib xayriyaga tarqatishni rejalagan.

Saudiya shahzodasi xotin-qizlar huquqlari uchun kurashayotgan xayriya tashkilotlariga yordam berish, shu paytgacha bedavo deb ko'riladigan xastaliklarning davosini topish yo'lidagi tadqiqotlarga homiylik qilish, tabiiy ofat qurbonlariga ko'maklashish hamda sog'lom turmush tarzini ommalashtirishga yordam berish istagida ekanini bildirgan.

Shahzoda Al-Valid o'z mablag'larini xayriyaga o'tkazish ishlarini qachon yakunlashini aniq aytmagan.

Faqat bu jarayon uchun bir necha yil sarflashga to'g'ri kelishi haqida aytgan.

O'zining ushbu qadami shaxsiy moliyaviy ahvoliga qanday ta'sir ko'rsatishi haqida ham shahzoda hech narsa demagan.

Faqat o'zining bu qarorini farzandlari qo'llab-quvvatlaganlarini aytgan.

Ushbu rejasi o'zi hissadori bo'lgan shirkatlarning moliyaviy ahvoliga salbiy ta'sir ko'rsatmaydi, degan shahzoda Al-Valid.

Bu yil 60 yoshga to'lgan Al-Valid bin Talal Alsaud Saudiya valiahd shahzodasi hisoblanadi.

U katta sarmoyaviy loyihalarda daromad orttirgan yirik tadbirkor sifatida tanilgan.

Shahzoda Al-Valid Forbes jurnali tuzgan ro'yxatda jahonning eng boy odamlari ro'yxatida 22-o'rinni egallaydi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio