Frantsiya Assanjga siyosiy boshpana bermadi

Image copyright Reuters

Frantsiya hukumati WikiLeaks asoschisi Julian Assanjga siyosiy boshpana berishdan bosh tortdi.

Yelisey saroyining rasmiy bayonotida aytilishicha, Assanj boshidan kechirayotgan holat uning hayotiga tahdid solmaydi. Undan tashqari, bayonotda WikiLeaks asoschisining Ovro‘po bo‘ylab qidiruvga e‘lon qilingani aytiladi.

Avvalroq ma‘lum bo‘lganidek, Assanj Frantsiya Prezidenti Fransua Olland nomiga ochiq xat yo‘llab, unga siyosiy boshpana berilishini so‘ragan. Mazkur xatni Le Monde gazetasi Assanjning tug‘ilgan kuni - 3 iyulda chop qildi.

Iltimos xatida Assanj uni Amerika hukumati maxfiy hujjatlarni fosh qilgani uchun qo‘lga olishga urinayotganini aytgan. U, shuningdek, o‘z hayoti xavf ostida ekani va bu xavf kundan-kunga kuchayib borayotganini ta‘kidlagan.

Assanj xatidan bir hafta avval WikiLeaks AQSh milliy xavfsizlik agentligining maxfiy hujjatlarini chop qila boshladi.

Bu hujjatlardan ayon bo‘lishicha, AQSh josuslik xizmatlari Frantsiya prezidentlarining telefon suhbatlarini yashirincha tinglagan.

Assanj Avstraliyada tug‘ilgan, biroq oxirgi yillarda Ovro‘poda yashab kelgan. Ikki yil avval u Shvetsiyada o‘ziga qarshi e‘lon qilingan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlaridan qochib Londondagi Ekvador elchixonasidan boshpana so‘radi.

Ayblovlarni AQShning siyosiy buyrug‘i deb biladigan Assanj shu kungacha Ekvador elchixonasida yashab kelayapti.

U rasman Ekvador boshpanasiga ega bo‘lishiga qaramay, Britaniya hukumati uni mamlakatdan chiqarmayapti va Shvetsiya so‘roviga binoan, ko‘chaga chiqishi bilanoq hibsga olishi muqarrar.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02. Instagram – BBC UZBEK Twitter – BBC UZBEK Odnoklassniki – BBC UZBEK Facebook- BBC UZBEK Google+ BBC UZBEK YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) Skype - bbcuzbekradio