Markaziy Osiyo davlatlari IDga qarshi kurashda hamkorlik qilyaptimi?

Markaziy Osiyo davlatlarida o‘zini Islomiy Davlat deb atovchi jangari guruhga qo‘shilishga otlanganlar yoki guruh mafkurasini targ‘ib qilayotganlarni hibsga olish hollari bot-bot yuz berayapti.

Xususan, oxirgi xabarga ko‘ra, Moskvadagi aeroportda Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan 25 yoshli ayolning Suriyaga hudkush hujumchi bo‘lish uchun otlanayotganida qo‘lga olingani xabar qilindi.

Ayni damda Tojikistonda mahkama 30 yoshli Husayn Odinamahmadovni yoshlarni ID safiga yollash va jangga safarbar qilishda aybdor deb topib 18 yillik qamoq jazosiga mahkum etgan.

Qozog‘istonda esa man etilgan Tablig‘i Jamoat harakatining rahbari Saken Tulbayevni ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilgani uchun deyarli besh yilga qamadi.

O‘zbekistonda o‘tgan aprelь oyida IDga aloqador shubhali varaqalar topilgani xabar qilingandi. Bi-bi-si manbalarining aytishicha, ekstremistik mazmunda ekani aytilgan varaqalar Parkent yaqinidagi Hisaroy qishlog‘idagi 29-sonli umumta‘lim maktabida topilgan va buning ortidan ikki kishi hibsga olingandi.

Markaziy Osiyo bo‘ylab bu kabi hibslar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, bu davlatlar orasida IDga qarshi kurash yo‘lida puxta ishlab chiqilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganiga ishoralar yo‘q.

Bu kabi hamkorlik o‘zi mavjudmi? Bi-bi-si bu savol bilan Moskvadagi Karnegi institutining xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Aleksey Malashenkoga murojaat qildi.

Malashenko: Islomiy Davlatga qarshi kurashda MDH davlatlari, Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasida hamkorlik, shubhasiz, mavjud. Chunki barcha taraflar IDning barqarorlikka tahdid solmasligidan manfaatdorlar. Hamkorlik deganda birinchi o‘rinda ID safiga borib qo‘shilishga intilganlarni kuzatib qo‘lga olish, va u yerlarga borib kelgan shaxslarni ushlash, borgan sari kengayib borayotgan ID safiga yollash tarmog‘ini kuzatish shu hamkorlikning eng asosiy jihatlari bo‘lmoqda. Rossiya Davlat xavfsizligi rahbari General Nikolay Patrushev Rossiya haqida gapira turib, IDga safiga yollash tarmog‘iga qarshi kurashning deyarli imkoni yo‘qligini aytdi. Qandaydir choralar ko‘rishga urinishayapti, lekin hozircha buning uddasidan chiqa olmayaptilar. Boshqa muammo shuki, Yaqin Sharqda jang qilish uchun qancha odam ketganini va qanchasi ortga qaytganini hech kim aniq bilmaydi. Birgina Rossiyaning o‘zidan ketganlar soni 1700dan tortib 7 minggacha deyilayapti, lekin oxirgi vaqtda 5 ming degan raqamni ko‘proq keltirishayapti. BMT tahminan bir oycha avval chiqargan raqamga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kamida 4 ming odam IDga qo‘shilgan. Shaxsan men bu raqam asli yuqoriroq bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Biroq, aniq hisob-kitob qilishning imkoni bo‘lmayapti. Qanday bo‘lmasin, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB), MDHning aksilterror markazi doirasida hamkorlik davom etayapti. Bu hamkorlikning natijalari qanday bo‘layotganini hozircha aytish qiyin. Islomiy Davlat tarkibida, BMTga ko‘ra, 25 ming xorijiy jangarilar bor. Agar sobiq sovet respublikalaridan borganlarni hisoblasak, demak, jangarilarning yarmi bizning fuqarolar bo‘lib chiqadi. Gap shundaki, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish kerak. IDning o‘zidagi xalqaro hamkorlik juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ular bir-birlariga safar qilish va jang qilishda katta yordam beradilar, shunday ekan ularga qarshi faqat hamkorlik yo‘li bilan kurashish mumkin.

BBC: Siz hamkorlikni oshirish kerak, deyapsiz. Aynan Markaziy Osiyo davlatlari orasida bu kabi hamkorlikni yana qanday kuchaytirish mumkin? O‘zi u qanday shaklda ishlayapti? Bu hamkorlikka biz nega guvoh bo‘lmayapmiz?

Malashenko: Bu hamkorlik bor, lekin uni har doim ham ochiqcha namoyish qilish qulay emas. Hibslarga kelsak, ba‘zida noto‘g‘ri odamlar hibsga olingan hollar bo‘layapti. Ayni damda Rossiyadan bu kabi fuqarolarni Markaziy Osiyo davlatlariga topshirish hollari bor. Bizga bu ochiqlanmayotgani balki yaxshi narsadir. Chunki, IDga qarshi kurash qandaydir xizmat sirlarini talab qiladi.

BBC: Tojikistonning yuqori darajali harbiy mulozimi, OMON qo‘mondoni Gulmurov Halimov Islomiy Davlat safiga qo‘shilganida siz nima deb o‘yladingiz? Va bu kabi harbiylarning IDga qo‘shilishi davom etishi havfi bormi?

Malashenko: Albatta, bor bunday xavf. Uning ketishiga o‘zining ichki sabablari ham turtki bo‘lgan. Aftidan u Imomali Rahmon olib borgan siyosatdan norozi edi. Darvoqe, juda ko‘p materiallarga binoan, tojik xavfsizlik kuchlari ancha noprofessional ish olib borishayapti. Ular Islomiy Davlatga qarshi kurashishga butunlay qodir emaslar va buni xo‘jako‘rsinga amalga oshirayotganlari, va bu bilan odamlarni IDga qo‘shilishga o‘zlari majbur qilib qo‘yayotganlari aytiladi. Men u qo‘mondonni shaxsan bilmaganman, lekin ayta olamanki, u o‘z qalbining chaqirig‘i bilan shu ishni qilgan, chunki u ID targ‘ib qilayotgan mafkuraga ishonadi. Uning ortidan ketadigan boshqa harbiylar bo‘ladimi deb so‘radingiz, menimcha, ha, bo‘ladi. Yana aytaman, buni kuzatish qiyin bo‘ladi. Tojikistonga IDdan qaytganlarning o‘zigina 400-500 atrofida deyilayapti. Tojikiston Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega va IDchilar Afg‘onistonda ancha muvaffaqiyatli amal qilishayapti.

BBC: Siz General Patrushevdan iqtibos keltirdingiz. Ya‘ni ID safiga yollashni to‘xtatish deyarli imkonsiz ekanini qaytardingiz. Nima uchun imkonsiz?

Malashenko: Siz tasavvur qiling bu jarayon qanday amalga oshiriladi. Ular internet orqali amal qilishadi, va nafaqat o‘zlarining saytlari, balki Odnoklassnikiga o‘xshagan saytlarni ham ishga soladilar. Bularning barini kuzatib o‘tirish uchun minglab xavfsizlik xodimlarini jalb qilish kerak. Bu tarmoqni kuzatish o‘ta qiyin. Chunki jangari guruhning ichida iyerarxiya yoki strukturasi yo‘q. Shunday ekan, bir yollovchini qo‘lga olish bilan butun tarmoqni barbod qila olmaysiz.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio