Tojikistondagi Islomiy partiya yo‘q qilinadimi?

Image copyright internet
Image caption Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy vataniga borsa hibsga olishlari ehtimolidan qaytmaslikka qaror qilganini aytdi

Aftidan, Tojikiston hukumati Islom Uyg‘onish partiyasini taqiqlash tomon bormoqda. Markaziy Osiyo respublikalaridagi yagona rasman ro‘yxatdan o‘tgan islomiy firqaning omma orasida anchayin taniqli ekani hukumatni qo‘rqitayotgan ko‘rinadi. Partiya rahbari mamlakatdan chiqib ketgan.

Tojikiston konstitutsiyasiga diniy siyosiy partiyalarni taqiqlashga oid o‘zgartirish kiritish yuzasidan referendum o‘tkazilishi mumkin. Keyin TIUP - Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi o‘z-o‘zidan noqonuniy deb e‘lon qilinadi.

Mutaxassislar mo‘‘tadil Islomni targ‘ib qiluvchi firqaning tarqatilishi mamlakatda radikalizm kuchayishiga yetaklashi ehtimolidan ogohlantiradilar

Taqvodor musulmonlarga bosim ortib borar ekan, mamlakat tinchligi hech qachon bu qadar omonat ko‘rinmagan.

Omonat tinchlik

Tojikistonda 27 iyun kuni 5 yillik fuqarolar urushiga yakun yasagan Vahdat - Milliy birdamlik kunining 18 yilligi nishonlandi. 1997 yil xuddi shu kun Moskvada Tojikiston hukumati va Birlashgan tojik muxolifati yarash bitimini imzolagan edilar. Islom Uyg‘onish partiyasi Birlashgan tojik muxolifatida asosiy o‘rin tutgan.

Ammo, partiya bu kunni bayram qilishdan bosh tortdi. TIUPga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil asnosida hukumat tarafidan o‘rtadagi "bitim shartlari keng miqyosda buzildi".

Firqa o‘ziga qarshi tuhmat kampaniyasi borayotganiga ishonadi.

Islom Uyg‘onish Partiyasi masalani parlament va hukumat oldida ko‘targan va huquq-tartibot organlaridan shikoyat qilgan. Ammo, partiya mamlakat Prezidentiga qilgan 189 sahifalik yozma murojaati e‘tiborsiz qoldirilgan hisoblaydi.

TIUP rahbari Muhiddin Kabiriy 17 iyun kuni Moskvada o‘tgan xalqaro anjumanda firqa a‘zolariga ta‘qiblar 2010 yildagi parlament saylovlaridan keyin boshlagani haqida aytdi. Saylovda Islom Uyg‘onish partiyasi kattagina dastakni qo‘lga kiritgandi.

TIUP 2012 yilgi hukumat maxfiy yig‘ilishida 32-20 raqamli protokol tasdiqlanishi ortidan o‘z a‘zolariga ta‘qibu tazyiqlar kuchaytirganini da‘vo qiladi.

Xabarlarda mazkur hujjatda huquq-tartibot tizimlariga Islom Uyg‘onish partiyasini obro‘sizlantirish hamda a‘zolari firqadan ketishlariga yetaklovchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish ko‘rsatmasi berilgani haqida yozildi.

O‘shandan keyin Islom Uyg‘onish Partiyasiga tegishli ekani da‘vo qilingan mullalar nomaqbul jinsiy hatti-harakatlar va qallobliklarga qo‘l urayotgani aks etgan qator videoyozuvlar tarqatilgan va firqaga qarshi ruhda qator maqolalar chop qilingan.

0-21 iyun kunlari internetda TIUPning viloyat va nohiyalar bo‘limlari rahbarlari partiyani tark etayotganlari aks etgan videolar ham paydo bo‘ldi.

Ayrim firqa a‘zolari o‘z bayonotlarida TIUPni yopishni ham maslahat berishgan.

Onlayn orqali tarqatilgan bayonotlarning ko‘plari Prezident Imomali Rahmon siyosatiga xayrixohlik va mamnuniyat bilan yakunlangan.

Islom Uyg‘onish Partiyasi rahbari o‘rinbosari Muhammadali Hayit esa, matbuotga gapirar ekan, mazkur holatlar haqiqiy voq‘elikni aks ettirmasligi, bunday chiqishlar hukumat bosimlari ostida bo‘layotganini aytadi.

Radikalizm xavfi

Image caption Prezident Rahmonning surati

Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy EurasiaNet.org xabar agentligiga bergan intervyusida hukumatning taqvodor musulmonlarga qarshi harakatlari xatarli oqibatlarga yetaklashi mumkinligidan ogohlantirdi.

Aksar musulmonlar istiqomat qiluvchi davlatning asosan dunyoviylardan iborat rahbariyati kundalik hayotda Islomning roli kuchayishidan xavotirlanadi.

Mamlakatda bolalarning masjidlarga borishlarini taqiqlangan, yopiq eshiklar ortidagi mahkamalarda an‘anador musulmonlarga qamoq jazolari tayinlangan. Ustiga-ustak soqol qo‘yish, hijob kiyish va hatto, musulmoncha ismlarga ham qarshi kampaniya olib boriladi.

Interfaks agentligiga bilan suhbatida esa, Kabiriy janoblari ayni qadamlar Tojikistonda radikal g‘oyalar kuchayishiga xizmat qilishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

Uning ishonishicha, vaziyat shunday davom etsa, yanada ko‘proq yoshlarning o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruhga va yo boshqa ekstremistik oqimlarga xayrixohligi oshishi tayin.

Referendum

Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikistondagi katta ta‘sirga ega ikkinchi partiya. Mart oyida o‘tkazilgan parlament saylovlarida biron bir o‘rinni qo‘lga kirita olmadi. Bunday holat 2000 yildan beri ilk bor kuzatildi.

Adolatsiz o‘tgani aytilgan saylovlar ortidan partiya raisi Muhiddin Kabiriy Tojikistondan chiqib ketdi. Islomiy partiyaning siyosiy kengashi unga vatanga qaytmaslikni maslahat bergan. Firqa rahbarlari agar Kabiriy qaytsa, hibs qilinishi yo-da, hatto o‘ldirilishi mumkinligidan qo‘rqishadi.

Rossiyalik ekspert Andrey Serenkoga ko‘ra, "Rahmon tuzumi boshqaruvning qattiqqo‘l usullari"ni qo‘llashga o‘tmoqda. Uning aytishicha, bu kelajakda qudrat kimga o‘tishi masalasi bilan bog‘liq. Shuningdek, hukumat omma qarashlarini referendum uchun tayyorlamoqda.

Uning ishonishicha, Prezident Rahmon konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, 2020 yilgi saylovlarga ishtirok etishiga yo‘l ochadi. Ekspertga ko‘ra, u hukumatni o‘g‘li va yo boshqa bir yaqin qarindoshiga topshirishni ham ko‘zlaydi. Serenko, o‘z o‘rnida, diniy ildizlarga ega partiyalar faoliyati ham taqiqlanishini bashorat qiladi.

Andrey Serenkoga ko‘ra, Islom Uyg‘onish partiyasi muxolifat emas, ammo "o‘z g‘oyalari, aytar so‘zi, kuchli Islomiy qadriyatlarga asoslangan an‘analariga ega muqobil partiyadir".

Ekspert Prezident mag‘lubiyatdan qo‘rqishi va "xavfli muxolifi"ni o‘rtadan olib qo‘ya qolishini aytadi.

Andrey Serenkoning ishonishicha, Prezident yordamchilari "ongli ravishda radikal Islomni qo‘zg‘ash siyosatini olib borishmoqda... Chunki, radikal Islom tahdidigina joriy prezidentni o‘rnini hech kim bosa olmaydigan rahbarga aylantirishi mumkin".

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio