Xitoy fuqarolarini Turkiyaga borganda ehtiyot bo‘lishga undadi

Image copyright AP

Xitoy Turkiyaga safar qilayotgan fuqarolariga aksilxitoy namoyishlardan uzoq turishni maslahat bergan.

Haftaning dam olish kunlari Turkiyada Xitoy hukumatining uyg‘ur musulmonlariga qilayotgan munosabatiga qarshi o‘tkazilgan norozilik chiqishlarida yuzlab odamlar ishtirok etishgandi.

Namoyishchilar Xitoyning Istanbuldagi konsulligi binosi qarshisida to‘planishgan. Norozilik ishtirokchilaridan biri Xitoy restoranlaridan biri oynasini sindirgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi endi sayyohlarni namoyishlarni tasvirga olmaslik va yo yolg‘iz yurmaslik yuzasidan ogohlantirmoqda.

Xitoy hukumati chiqargan bayonotda musulmonlar diniy erkinligiga har doim muhim e‘tibor qaratilgani va hurmat qilinishi ta‘kidlangan.

Bayonotga ko‘ra, Pekin Shinjonda Ramazon oyi farz qilingan diniy amallarni taqiqlagani haqidagi G‘arb matbuoti xabarlari haqiqatga mutlaq mos kelmadi.

Etnik kelib chiqishlari bir bo‘lgan Turkiya musulmonlari va Xitoy uyg‘urlarini yaqin madaniy-diniy rishtalar ham bog‘lab turadi.

O‘tgan hafta Turkiya hukumati rasmiy Pekin Ramazon oyi uyg‘urlarga ro‘za tutishni taqiqlagani borasidagi xabarlar yuzasidan Xitoy elchisini chaqirgan va tushuntirish talab qilgan.

Ayni paytda Turkiya ta‘qib va tazyiqlardan qochgan uyg‘urlarga boshpana berishga ham va‘da qilgan. Muxbirlarga ko‘ra, bu ikki davlat o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirgan. Biz Turkiyadagi "Xalqaro Turkistonliklar hamkorlik jamiyati" vakili Namoz Normo‘mindan namoyishlarning tashkilotchilari kimlar bo‘lgani haqida so‘radik.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Oxirgi yillar Shinjondagi etnik uyg‘urlar va Xitoy hukumati orasidagi tanglik kuchaygan.

Uyg‘urlar va mintaqaga ko‘chirib o‘rnashtirilgan xitoy xanlari o‘rtasida kelib chiqqan zo‘ravonliklarda o‘nlab insonlar nobud bo‘ldi.

Xitoy hukumati bunday hujumlarda xorijdan dastaklangan uyg‘ur bo‘lginchi diniy mutaassiblarini ayblaydi.

Uyg‘urlar esa, o‘z haqlari toptalayotgani va qadim madaniyatlarining butkul yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda ekanlarini aytishadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio