Qirg‘iz-tojik chegarasida bir inson nobud bo‘ldi

Qirg‘iziston Botken mintaqasi Botken tumanidagi chegarada yuz bergan qurolli hodisada Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara tumani yashovchilaridan biri hayotdan ko‘z yumgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi dushanba kuni tushdan keyin yuz bergani aytilayotgan ushbu hodisada yana bir tojikistonlik chegarachi jarohatlangan.

Xabarlarga ko‘ra, qirg‘iziston chegarachilari otgan o‘q Chorko‘h qishlog‘ida yashagan 18 yoshli Boborizo Rizoyevga tekkan va u voqea joyida jon bergan. Yaralangan askar shifoxonada qolmoqda.

Qirg‘iziston tomoni otishmaning kelib chiqishida Tojikiston fuqarolarini ayblagan.

Qirg‘iziston Chegara xizmati tarqatgan bayonotda 6 nafar tojik fuqarosi chegaraning bahsli hududi orqali Qirg‘iziston tomonga o‘tgani va Botken-Isfana yo‘lidan ketayotgan avtomashinalarga tosh otishgani aytiladi.

"Qo‘shni mamlakat fuqarolari qirg‘iz chegara qo‘riqchilarining Tojikiston tarafga qaytish borasidagi talabini pisand qilishmagan va Qirg‘iziston chegarachilarini toshbo‘ron qilishni boshlashgan", deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, Tojikiston chegara xizmati bunday zo‘ravon hatti-harakatni to‘xtatishga urinmagan. Ayni paytda tojikistonliklar qirg‘iz chegarchilari qo‘lidan qurolni tortib olishga ham harakat qilganlari da‘vo qilinadi.

Hozir hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangan.

Tojikiston va Qirg‘izistonni 900 chaqirimdan ortiq davlat chegaralari ajratadi, ulardan 333 chaqirimi hanuzgacha demarkatsiya qilinmagan. Chegara chiziqlari shartli va ko‘pincha aholi maskanlari orasidan yoki yo‘l yoqalab o‘tgan.

Tahlilchilar fikricha, bu yerda eng katta muammo mamlakatlar chegaralarni ko‘rsatadigan turli yillarda chiqarilgan xaritalardan foydalanishadi.

Dushanbe chegaralarni 1924-1939 yillardagi xarita asosida ko‘rib chiqishni talab qiladi, Qirg‘iziston esa 1958-1959 yil xaritasiga asoslanishini aytadi.

Tojik-Qirg‘iz chegarasidagi Isfara tumanida 39 ta bahsli hudud borligi qayd qilingan. Tojikiston chegarachilari bu hududlar ustidan muntazam janjallar bo‘lib turishini aytishadi.

Chegaradagi fojeali qurolli hodisa ham birinchisi emas.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio