Gulnora Karimovani tug‘ilgan kuni bilan tabriklashmoqda

Gulnora Karimovaning tug‘ilgan kunida ijtimoy tarmoq foydalanuvchilari prezidentning omma ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan qizini tabriklab Tvitter va Instagram tarmoqlarida o‘z izohlarini qoldirayaptilar. Karimova xonim uy hibsida saqlanayotganiga 500 kundan oshdi va ba‘zi inson huquqlari faollari, xususan Hyuman Rayts Votchning Ovro‘po matbuoti bo‘yicha direktori Andryu Shtrolayn uning uy hibsidan ozod etilishi va unga mahkamada o‘zini himoya qilish huquqi berilishiga chaqirganlar.

Instagramda taniqli aktyor Umid Iskandarov Gulnora Karimovaning suratini chop qilib "S dnem rojdeniya opajon!!" deya izoh bergan. Surat 700dan ortiq "like" to‘pladi va uning ostida ko‘plab boshqa instagramchilar o‘z tilaklarini yozib qoldirishdi.

Suratning qachon va qayerda olingani noma‘lum.

Tvitterda bloggerlar orasida yaxshi tanilgan va o‘z vaqtida parlament saylovlarida o‘z nomzodligini ilgari surgan Xushnud Xudayberdiyev (@xushnudbeck) yoshlar orasida "Opa" deya tanilgan Karimova haqida quyidagicha tvitlar yozdi:

"Ayajonim doim aytadilar, o‘g‘lim, mabodo qachondir memorial asar yozsang, unda albatta Opaga alohida bo‘lim ajrat, qilgan yaxshiliklarini unutmagin. Haqiqatdan, Opaning yaxshiliklarini unutib bo‘lmaydi. Gap faqat men uchun 6 yil kontrakt to‘laganliklarida emas, ma‘naviy podderjkalarida ham. FF (Fond Forum)da o‘tgan davrim, shaxs sifatida shakllanishimdagi eng muhim davrlardan biri bo‘lgan. Bunda Opaning roli juda katta. Ular doim o‘rnak bo‘lganlar".

Unga javoban @Okaginam shunday javob qoldirgan: "6 yil kontrakt?! Ena devorsangam bo‘luvrarkan uka...".

Tvitterda faol bo‘lgan @_ELBEK_STUDIO quyidagicha qo‘shimcha qildi: "Bu kissadan u kissaga solganlar, xolos".

@hikmatullau nomli tvitterchi Gulnora Karimovani tabriklay turib, o‘z sog‘inchini izhor qildi: "Hurmatli Gulnora Islomovna! Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin! Biz hammamiz sizni sevamiz, biz sizni juda sog‘indik".

Ayni damda u instagramda ham tabriklarini qoldirdi: "Qadrli Gulnora Islomovna! Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman, sizga baxt va salomatlik tilayman! Biz sizni judayam sog‘indik! Har doim shunday go‘zal bo‘lib yuring, yuzingizdan tabbasum arimasin!"

olimxuja_azimov posti quyidagicha: "Gulnora Karimova, sizni 43 yoshni qarshi olganingiz bilan tabriklaymiz. Hozirgi kunda siz haqingizda gapirilmayotgan bo‘lsa-da, qalblar sizga duoda, hayollar siz bilan va shirin hissiyotlar sizni qo‘msamoqda, bu hammaga ayon. Hozirgi kunda sizning ulkan loyihalaringizdan ko‘pchilik andoza olishga urinmoqda, lekin, natija arzimas "Xitoyning matoxi" ekanligi hammaga ma‘lum... Siz borligingiz uchun rahmat, tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin".

"mc_shurik" esa Gulnora Karimovaning tez kunlarda "qaytish"iga ishonch bildirgan: "GooGoosha tez kunlarda qayting. Insholloh u tez kunda qaytadi".

Instagramchi "adolat_nazarova" Karimovaning tavallud kuniga qanday tayyorgarlik bo‘lganini xotirlaydi: Har yili bu kunga qanday tayyorgarlik qilganimiz esimda... Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin, Gulnora Islomovna! #fundforum bilan o‘tgan mo‘‘jizakor yillar uchun sizga rahmat. Yaxshi xotiralar uchun rahmat!"

2014 yil boshida Gulnora Karimova "ihotalab qo‘yilganidan" beri unga aloqadar bo‘lgan bizneslar, xususan ko‘plab yoshlarni o‘z qanoti ostiga olgan "Fond Forum" xayriya tashkiloti faoliyati taqa-taq to‘xtadi.

Bir paytlar AQSh diplomatik yozishmalarida mamlakatdagi "eng nafratlanilgan shaxs" o‘laroq ta‘riflangan Karimova xonim o‘z otasi nazaridan tushgani, buning oqibati, bizneslarining birin ketin yo‘q qilinishi, TV stantsiyalarining yopilishi, o‘z tarafdorlarining hibs qilinishi, xayriya faoliyati to‘xtalishi haqida Twitter orqali dunyoni ogoh qilib turardi, biroy uy hibsiga tushganidan beri u Tvitterdan yo‘qolgan.

2014 yil 16 fevral kuni uning Twitter hisobi ishlamay qoldi. Uning so‘nggi tviti O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari Gulnoraning Toshkentdagi lyuks xonadoniga bostirib kirishidan bir kun avval bitilgandi. Gulnora Karimovaning telekom biznesidagi yirik korruptsiyaga aloqadorligi qator Ovro‘po davlatlari va AQShda tergov qilinmoqda. O‘zbekistonda esa uning eng yaqin sheriklari - o‘ng qo‘li deb bilingan Gayane Avakyan va turmush o‘rtog‘i Rustam Madumarovlar qamalgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02. Instagram – BBC UZBEK Twitter – BBC UZBEK Odnoklassniki – BBC UZBEK Facebook- BBC UZBEK Google+ BBC UZBEK YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) Skype - bbcuzbekradio