Sobiq Tolibon so'zchisi Shahidulloh Shahid o'ldirilgan

Image copyright

Afg'on rasmiylari xabar qilishlaricha, o'zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhning Afg'onistondagi uchinchi rahbari Shahidulloh Shahid uchuvchisiz boshqariladigan uchoqdan uyushtirilgan havo hujumida o'ldirilgan.

Afg'oniston sharqida yuz bergan hujum haqida Afg'on josuslik rasmiylari va politsiya xabar qilgan.

Rasmiylarga ko'ra, dron hujumida o'ldirilganlar orasida Pokiston Tolibonining sobiq matbuot kotibi Shahidulloh Shahid ham bo'lgan.

U o'zini "Islomiy Davlat"ga bay'at bergani haqida e'lon qilgan edi.

Shahidulloh Shahid o'limi haqidagi xabarni hozircha mustaqil manbalar tasdiqlagani yo'q.

Bi-bi-sining Kobuldagi muxbiri Devid Loyn Shahidulloh Shahidning Pokiston Toliboni so'zchisi sifatida mashhur shaxsga aylanganini aytadi.

Shuningdek, u Tolibon safini tark etib "ID"ga o'tgani haqida e'lon qilgan eng mashhur jangari bo'lgan.

Shahidulloh Shahid shu yil yanvarida e'lon qilingan videoda "ID"ga bay'at berganlarini aytgan jangarilar orasida bo'lgan.

Videoning Pokistonda tasvirga olingani taxmin qilingan.

Bi-bi-si muxbiriga ma'lum bo'lishicha, dron hujumida Shahidulloh Shahid bilan birga "ID"ning yana kamida ikki nafar yuqori lavozimli a'zosi halok bo'lgan.

Muxbirimiz yozishicha, ushbu hujum xalqaro kuchlar Afg'onistonda jangovor amaliyotlarda bevosita ishtirok etmayotgan bo'lsalar-da, "ID" Afg'onistonga yoyilayotgani haqidagi xabarlarni juda jiddiy qabul qilmoqdalar.

Afg'onistonning Nangarhor viloyati politsiyasi rahbari sobiq Tolibon voizi o'ldirilgani haqidagi xabarni tasdiqlagan.

Biroq NATO tarafidan bu borada biror narsa aytilgani yo'q, muxbirimiz yozishicha, NATO Afg'oniston hududida hozir dron hujumini amalga oshirishga qodir yagona kuchdir.

Nangarhor oxirgi haftalarda Tolibon hamda "ID"ga sodiqlik va'dasini bergan jangarilar o'rtasidagi qaqshatqich janglar sahnasiga aylangan.

Oqibatda minglab oilalar o'zlarining yashab turgan uylarini tashlab qochishga majbur bo'lganlar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio