O‘zbekistonlik yosh: "Gulnora Karimova sudda o‘zini himoya qilsin"

Image caption Ҳикматулла Убайдуллаев ўз очиқ хати билан ижтимоий тармоқларда қизғин баҳсларга сабаб бўлди

Ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimovaning yana xalqqa qaytarilishini so‘rab ochiq maktub tarqalgan. Maktub muallifi - Toshkentdagi jahon tillari universitetining 2-kurs talabasi, 19 yoshli Hikmatulla Ubaydullaev.

Ubaydullaev o‘z xatida Karimova xonim o‘z mehri va sahiyligi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelgani, sport va madaniyat sohalariga ajratgan grantlari, salomatlik yo‘lida o‘tkazgan marafonlari va xayriya tadbirlarini tilga oladi. U Karimovani "biz uchun do‘st, opa va ona edi", deya xotirlaydi.

U, shuningdek, taqa-taq to‘xtatilgan Fond Forum faoliyati va uning o‘rnini egallash urinishlari haqida gapiradi.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda o‘zining eng yaqin sheriklari qamoq jazosiga hukm etilgani ortidan, bir yarim yildirki uy hibsida saqlanmoqda.

Muallifning ishonishicha, "ba’zi odamlar" Karimovani raqib va tahdid deb ko‘rib chetlatganlar, atrofidagilar esa undan foydalanganlar. Hikmat Ubaydullaev o‘z maktubida aniq ism-sharif yo tashkilotlarni keltirmagan.

Bi-bi-si u bilan bog‘lanib, avvalo uning Gulnora Karimovaga aloqasi haqida so‘radi.

Ubaydullaev: Gulnora Islomovna bilan mening hech qanday aloqam bo‘lmagan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborot bo‘limida stajyor bo‘lib ishlaganman Gulnora Karimova faol bo‘lgan vaqtlarida. Fond Forum, Kelajak ovozi oilasiga, afsuski, hech qanday aloqam bo‘lmagan. Bu xatni yozish fikri menga ikki yilcha avval kelgan, jahon tillari universitetiga kirayotganimda boshqa abiturentlar bilan ham gaplashgandim. Shu temada juda ko‘p gaplar bo‘lgan, ko‘pchilik Gulnora Karimovaning o‘rni bilinayotgani haqida gapirgan. Ular yoshlarga yordam berganlari haqida gapirilgan.

Bi-bi-si: Aloqangiz bo‘lmasa, unda nima uchun bunday ochiq xat bilan chiqyapsiz?

Chunki men O‘zbekiston yoshlari (qatori)ga kiraman va bizning hayotimizda Gulnora Karimovaning qilgan ishlari juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan edi. Men Fond Forumga aloqam bo‘lmagan bo‘lsa ham, ularning har bir tadbirlarida mehmon sifatida qatnashganman.

Bi-bi-si: Siz xatni O‘zbekiston yoshlari nomidan yozganingizni aytibsiz. Lekin, butun O‘zbekiston yoshlari nomidan yozishga siz haqlimisiz? Ularning fikri qanday ekanini bilasizmi?

Butun O‘zbekiston yoshlari fikrini bilmasam ham, ko‘pchilik bilan gaplashganimda menga shunday fikrlar bildirishgan. Gulnora Karimova aktiv paytlarida judayam katta rol o‘ynaganlari haqida. Fond Forum juda katta grantlar ajratardi. Ko‘p yoshlar bilan gaplashganimizda shu haqida gaplashganmiz va ularning fikri ham meniki bilan bir xil. Balki ular o‘z fikrlarini internetda oshkora gapirishga qo‘rqarlar.

Bi-bi-si: Nima uchun qo‘rqishadi?

Bilmadim. Har xil sabablari bor. Lekin bizda hech qanday muammo yo‘q davlatimiz tomonidan. Ochiq gapirish huquqiga egamiz va ruxsat bor.

Bi-bi-si: Sizga ma’lummi O‘zbekiston prokuraturasi o‘tgan yili Gulnora Karimovani uyushgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumon qilib xabar tarqatgani? Bu gumon kuchda qolyapti, chunki prokuratura boshqa xabar tarqatmadi. Shuningdek, qator Ovro‘po davlatlari va AQShda unga taalluqli tergovlar olib borilyapti, bulardan xabardormisiz?

Ha, albatta xabardorman, lekin bu, siz aytganingizdek, faqat gumonlar. Gulnora Karimovani o‘g‘rilikda ayblashyapti deb o‘ylamayman va hali sud ham bo‘lmagan. Buni hech kim hali isbotlab bermadi.

Bi-bi-si: Demak, sud bo‘lmaguncha u aybsiz, shundaymi?

Ha.

Bi-bi-si: Sud bo‘lishini xohlaysizmi siz?

Ha. Sudda o‘zlarini himoya qilishlarini xohlayman. Chunki Gulnora Islomovnaning hech qanday ayblari yo‘q deb bilaman.

Bi-bi-si: U 1 milliard dollarga yaqin pora olganlikda gumon qilinyapti va bu pullar O‘zbekiston xalqi farovonligi yo‘lida ishlatilmasdan, Shveytsariyadagi bank hisoblariga o‘tkazilganligi aytilyapti. Nima uchun shuncha tergovlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, siz uning aybsiz ekaniga ishonasiz?

Amerikadagi 300 million dollar o‘tkazilgani haqida shuni aytishim mumkin, men bu pullar kimniki ekanini bilmayman. Bu pullarni muzlatib qo‘yishdi, lekin bu tuhmat, biz bu pullar kimniki ekanini bilmaymiz.

Bi-bi-si: Lekin, Karimovaning eng yaqin sheriklari - fuqarolik eri Rustam Madumarov va o‘ng qo‘li sanalgan Gayane Avakyanlar O‘zbekistonning o‘zida iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, qamaldilar. Karimovaning o‘zi bilmagan deb o‘ylaysizmi eng yaqin odamlari jinoyatchi bo‘lganini?

Men o‘z xatimda ham shu haqida yozganman. Uning atrofidagilar uni yomon ahvolga solib qo‘yishgan. Men Gulnora Islomovnaning nomlaridan ish qilingan deb o‘ylayman. Gulnora Karimova bu haqda bilmaganlar.

Bi-bi-si: Gulnora Karimovaning nomidan Gayane Avakyan ish qilgan bo‘lsa, Avakyanga qarshi Ovro‘poda jinoiy tergov ochilgandan keyin ham Karimova xonim u bilan birga suratga tushib "Biz birgamiz" deb Tvitterda chop qilgandi. Karimova xonim yaxshi xabardor edi-ku sheriklari ustidan ketayotgan tergovlardan?

Afsuski, bu haqida xabarim yo‘q.

Bi-bi-si: Xatingizda Gulnora Karimovani ba’zi odamlar kuchli raqib va tahdid deb ko‘rib, chetlatganlar deb yozibsiz. Ba’zi odamlar deya kimni nazarda tutyapsiz?

Men ishonch bilan ayta olamanki, bu odamlar kimligini men umuman bilmayman. Lekin, Gulnora Karimovaning o‘zi ikki-uch yil avval Tvitterda yozib, uning tagini kavlashayotganlari haqida va Fond Forum yopilishiga urinishlar bo‘layotganini yozgandi. Shu gaplaridan kelib chiqib bu narsani yozdim. U insonlar kim ekani haqida mening xabarim yo‘q.

Bi-bi-si: Lekin, xatingizda "juda yaxshi bilamiz uni chetlatishganini" deb yozibsiz. Juda yaxshi bilsangiz, u odamlar kimligini ham bilishingiz kerak, shunday emasmi? Bilmay turib, "ba’zi odamlar" deb yozish mas’uliyatsizlik emasmi? Ayniqsa o‘zbekistonlik yoshlar nomidan yozayotgan bo‘lsangiz.

Men boya aytganimdek, Gulnora Karimovaning tvitlaridan kelib chiqib yozganman bu gaplarni.

Bi-bi-si: Lekin, Gulnora Karimova ochiqcha aytgan bu odamlar kimligini - o‘z onasi, singlisi va Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbariyatini ayblagan. Nima uchun bilmayman deyapsiz? Yo qo‘rqasizmi ularning nomini keltirishga?

Nomlarini keltirishdan qo‘rqmayman. Yana bir marta qaytaraman, bu haqida ma’lumotim yo‘q.

Bi-bi-si: Lekin, Gulnora Karimova ochiqcha aytgan-ku ularning ismlarini.

Bu haqida ma’lumotim yo‘q, uzr.

Bi-bi-si: Gulnora Karimovaning o‘rnini egallab olishga urinayotganlar haqida yozibsiz. Kim uning o‘rnini egallamoqchi bo‘lyapti?

Adashmasam, bir yil oldin, yoz oyida Handmade degan bir tadbir bo‘lib o‘tdi. Men shu to‘g‘risida aytgandim. Bu o‘zbek xalqining madaniyati va an’analariga bog‘liq tadbir edi. Buni kim uyushtirganini bilmayman. Lekin, ular Fond Forum qo‘llagan dizaynlarni shundayligicha olib, hech o‘zgartirmay taqdim qilishdi. Buning hech qanday natijasi bo‘lmadi. Fond Forumdek shov-shuvga molik bo‘la olmadi bu tadbir.

Bi-bi-si: Siz Karimova amalga oshirgan mingta to‘y, mingta sunnat to‘y loyihasi va saraton kasaliga qarshi marafonlar haqida yozibsiz. Ba’zi mahalliy tadbirkorlar ular bu tadbirlarga pul ajratishga majburlanganlari haqida shikoyat qilganlar. Gulnora Karimova o‘z cho‘ntagidan pul chiqarmagani borasida tanqidlar yangraganini bilasizmi?

Menimcha, bu faqat gumonlar bo‘lsa kerak. Chunki, men o‘ylashimcha, Gulnora Islomovna o‘zlarining yonlaridan va kelib tushgan xayriya pullaridan yordam berganlar. Kasal ayollarga va boshqa grantlar shu pullardan ajratilgan deb o‘ylayman. Xatimda "Kimdan endi yordam kutishimiz mumkin?" degan joyi bor. Ijtimoiy tarmoqlarda shunga ko‘p fikr bildirildi. "Davlat sizga yordam bermayaptimi?" degan savollar ham bo‘ldi. Albatta bizning davlatimiz juda katta yordam ko‘rsatyapti. Lekin, Gulnora Karimovaning joylari juda boshqacha edi, ular bilan yoshlarning muloqoti juda osonlik bilan kechardi. Rasmiylarga chiqish uchun rasmiy xatlar yozish kerak, lekin Gulnora Karimova bilan tvitterda, feysbukda yo Fond Forumning ofisiga borib gaplashsak ham bo‘lardi. Har bir innovatsion ideyamizga yordam berardilar.

Bi-bi-si: Siz Gulnora Karimovani "zamonaviy O‘zbekistonning yuzi" deb tasvirlabsiz. Sizga farqi yo‘qmi shuncha jinoiy tergovlar markazida turgan ayol zamonaviy O‘zbekistonning yuzi bo‘lsa?

Bunga Umar Hayyomning so‘zlari bilan javob bera olaman, ya’ni, faqat biron ish qilgan odamni muhokama qiladilar. Faqat yaxshi odamlar haqida orqasidan gapirishadi. Har doim ham hammani mamnun qilib bo‘lmaydi, norozilar hamma vaqt topiladi.

Bi-bi-si: Lekin, xalqaro matbuotda keng ravishda aytilganidek, 1 milliard dollarni o‘g‘irlash ancha odamni norozi qilsa kerak, agar isbotlansa?

Hozircha bu isbotlanmagan va men Gulnora Karimova bu pullarni o‘g‘irlagan deb o‘ylaymayman.

Bi-bi-si: Bu xatni yozishdan maqsadingiz nima?

Bu fikrimdan maqsadim, o‘z fikrimni va do‘stlarim fikrini bildirmoqchi edim, xolos.

Bi-bi-si: Sizga ma’lum bo‘lsa kerak, O‘zbekistonda deyarli hech qanday qaror, ayniqsa prezident oilasiga taalluqli qaror Prezident Islom Karimovning xabarisiz qabul qilinmaydi. Gulnora Karimovani ham uy hibsiga olish qarori ortidan prezident turganiga ishonasizmi?

Yo‘q. Aloqalari yo‘q deb o‘ylayman.

Bi-bi-si: Kim turgan bo‘lishi mumkin unda?

Xabardor emasman.

Bi-bi-si: Demak, prezidentning aloqasi bo‘lmasa, unda Prezident Karimov o‘z oilasi va mamlakatdagi ishlar ustidan nazoratni yo‘qotgan demoqchimisiz? Prezidentning qizini birov uy hibsiga o‘tqazib qo‘ygan deyapsizmi?

Men bu bilan O‘zbekiston prezidenti o‘z oilasi ustidan nazoratni yo‘qotdi demoqchi emasman, men aytmoqchimanki, balki ular bilmaslar. Balki, xabardor bo‘lsalar ham, sud bo‘lishini kutayotgandirlar. Balki, hamma narsa ayon bo‘lishini kutayotgandirlar. Aslida nimalar bo‘layotganini men bilmayman.

Bi-bi-si: O‘tgan hafta Gulnora Karimovaning tug‘ilgan kunida ba’zi taniqli yoshlar, xususan aktyor va xonandalar tabriklashdi. Ba’zi fikrlarga ko‘ra, hozirda bu kabi chiqishlar bilan Karimovani yana sahnaga qaytarish va uning nomini oqlash urinishlari qilinyapti. Sizning xatingiz ham shu urinishlarning bir qismimi?

Ha. Yana sahnaga qaytishlarini va yana bizga yordam berishlarini judayam xohlardik. Hozirgi kunda prezidentimizning ikkinchi qizlari - Lola Karimova qilayotgan ishlardan ham judayam mamnunman. Ular yoshlarga gimnastika bo‘yicha ham yordam bermoqdalar. Balki, ular birga ishlashsa, judayam zo‘r bo‘lardi.

Bi-bi-si: Ular bir-biridan nafratlanishini siz bilasizmi?

Ha, bilaman, lekin agar Gulnora Karimova yana paydo bo‘lsalar va o‘zlari aytganlaridek "Birdamlik - kuch" deb ishlasalar judayam zo‘r bo‘lardi deb o‘ylayman. Chunki Gulnora Karimova ham, Lola Karimova ham faqat O‘zbekiston xalqi va yoshlari uchun ishlashmoqda.

Bi-bi-si: Siz yo xatingiz ortida qandaydir hukumat idoralari yo siyosiy rasmiylar turibdimi?

Yo‘q, buni hech kim bilan muhokama qilmaganman. Faqat do‘stlarim bilan. O‘z fikrimni bir joyga jamlab olganimdan keyin shularni internetda yozishga qaror qildim.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq