Karzay Afg‘oniston xavfsizligiga g‘ovmi?

Image copyright af.arg
Image caption Karzai G‘aniga qarshi o‘yinga kirishgan, deydi tahlilchilar

Hamid Karzay Afg‘oniston xavfsizligiga g‘ov bo‘lyapti deb yozadi Britaniyaning Gardian ro‘znomasi.

Maqolada aytilishicha Afg‘oniston Prezident saroyi o‘ngida mamlakatning turli burchaklaridan kelgan qariyu yoshlar qator-qator bo‘lib turishadi. Biroq bu qator va ichkaridagi diplomatlaru, elchilar joriy Prezident qabuliga emas, balki sobiq Prezident Karzayni ko‘rishga kelishgan.

Lavozimidan to‘qqiz oy avval ketgan Karzai hanuz siyosat sahnasida hozir bo‘lib, endigi kunda uning siyosiy ishlarga aralashishi Afg‘oniston uchun taxdid sifatida ko‘rilmoqda.

Yangi Prezident Ashraf G‘ani, ro‘znomaninig yozishicha iqtisodni yurgizish va‘dalarini bajara olmadi, rasmiylarni muhim joylarga tayinlash masalasini ham cho‘zib yubordi, Pokistonga ham xayrixohlik bildirib, siyosiy qaltislikka yo‘l qo‘ydi.

Mart oyida Gardianga intervyu bergan Karzay tinch turishini va sahna ortidan G‘aniga maslahat berishini ta‘kidlagan edi. Lekin hozirgi kunda ko‘plar bunda shubhalanmoqda.

G‘arb mamlakatlaridan birining yuqori lavozimdagi diplomatining Gardianga bildirishicha Karzai G‘ani hukumatiga qarshi ishlamoqda. Gap shundaki, agarda G‘ani hukumati qulasa, o‘rniga muvaqqat hukumat tayinlanib, Karzay millat otasi sifatida uni boshqarishi mumkin, deydi bu diplomat.

O‘rtada siyosiy kurash boshlandimi?

Ashraf G‘ani bundan ogoh esa-da, hozirga qadar Karzaining siyosiy o‘yinlariga bir nav chidab kelgan. Karzaining, boyagi diplomatning aytishicha, salmog‘i barchadan ham ulug‘roq.

Karzay bilan muntazam uchrashadigan G‘ani yordamchilaridan bbiri ham buni tasdiqlaydi. "Karzai, - deydi u, - hammani taniydi".

Karzay muxolifat tayyorlayotganini inkor etadi.

Biroq G‘anining ham sabr kosasi to‘lgandek. O‘tgan oy u Karzayning hududi Qandahorga borib, u yerda faollarga: "Endi bundan buyon Qandahorda parallel hukumatlar bo‘lmaydi!" - deb aytgan va o‘z vakili Xumoyun Azizini hokim qilib tayinlagan.

G‘ani Qandahorga kelishidan oldin Karzayga yaqin generallardan biri Abdul Roziq ochiqchasiga shaharni tark etgan. Lekin G‘ani Qandahorning qariyalari bilan baribir uchrashishga muvaffaq bo‘lgan.

Orani buzgan mavzu

G‘ani bilan Karzayning orasidagi mashmashaning avji Afg‘oniston bilan Pokiston josuslik agentliklari may oyida bitim tuzishganiga to‘g‘ri keldi. Ko‘plab afg‘onlar bu bitimni ashaddiy dushmanga sotilish qabilida qabul qilishgan deb yozadi Gardian ro‘znomasi.

Bu bitim Karzayga yangi hujum uchun zamina yaratib berdi, deydi ro‘znoma. Bu bahonada u afkori umumiyani qo‘llab, Hindiston, Xitoy va Rossiya bilan aloqalarini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.

G‘ani esa Karzayning ittifoqdoshlarini mamlakat o‘laroq, hamda shaxslar sifatida chekaga sura boshladi. Jumladan, sobiq vitse-Prezident Yusuf Qonuniy va josuslik xizmatining boshlig‘i Rahmatulloh Nabillar ishdan olindi.

"Karzayning o‘ylashicha, G‘ani usiz hokimiyatga kelolmasdi", - deydi G‘arb diplomatlaridan biri.

Oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?

Siyosiy tahlilchi Horun Mirning aytishicha, G‘ani Toliblar bilan muzokaraga kirishmoqchi bo‘lgan bir payt bu kabi ichki talash yomon natijalarga olib kelishi mumkin.

Gardianning yozishicha, Karzay o‘zini hozirgi no‘noq hukumatga yagona muqobil sifatida qo‘ymoqda.

"Karzay ko‘pgina o‘yinlarni biladi, bulardan biri Loya Jirg‘a" - deydi G‘ani yordamchilaridan biri. Ma‘lumki Loya Jirg‘a konstitutsiyani ham o‘zgartirishi mumkin va Karzayni yana hokimiyatga ko‘tarishi mumkin.

Horun Mirning Gardianga aytishicha "Karzay Afg‘onistonning yagona ma‘lumu mashhur siyosiy rahbaridir. U milliy rahbar bo‘lish uchun barcha unsurlarga ega. Mablag‘, siyosiy dastak, muhim insonlar bilan tanish-bilishchilik. Agarda inqiroz bo‘lsa u yagona milliy rahbar sifatida o‘rtaga chiqadi", - deydi Gardian ro‘znomasiga Horun Mir.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio