AQSh mahkamasi Fazliddin Qurbonov ishini ko‘rib chiqmoqda

Image caption Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq besh band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

AQShning Aydaxo shtati federal sudiga terrorizm bandlari bo‘yniga qo‘yilgan 32 yoshli o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov olib kelingan.

Fazliddin Qurbonov soch-soqollari kalta olingan, ko‘ylak tugmalari bo‘ynigacha o‘tkazilgan ko‘rinishda namoyon bo‘lgan.

Ushbu haftadan boshlab mahkama Qurbonovning aybdorligini yoki aybsizligini aniklashga kirishadi.

Bundan oldin Qurbonov ustidan mahkama jarayoni turli sabablar, jumladan "ishning juda chigalligi bois" bir necha marta qoldirilgan. Federal prokurorlar Qurbonov ustidan mahkamani bir yildan keyin boshlashni so‘rashgandi.

Aydaxo shtatida O‘zbekiston fuqarosiga terrorchilarga va xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olingan O‘zbekiston Islomiy harakatiga moddiy ko‘mak berish uchun til biriktirish, portlovchi moddaga egalik qilish ayblovlari qo‘yilgan.

Yuta shtatida esa unga portlovchi modda yasashni o‘rgatish ayblovi qo‘yilgan.

Hozirga kelib Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq besh band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Fazliddin Qurbonov 2013 yilning 16 mayida Boyse shahridagi uyida hibsga olingan edi.

Aydaxo shtati Qochqinlar idorasiga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustida qochqin maqomini olganidan keyin Boyse shahrida o‘rnashgan. Rasmiylar uning AQShda qonuniy yashab kelganini aytganlar.

Uning ustidan ilk mahkama o‘tgan yil iyul oyida o‘tkazilgan, Fazliddin Qurbonov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan uch bandli ayblovni tan olmagan edi.

Fazliddin Qurbonovning 2013 yil yanvar oyida qanday qilib qirg‘in qurollari, jumladan, granata, bomba va minalarni yasash, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olishni o‘rgangani, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgani aytilgan.

Shuningdek u O‘zbekiston Islomiy Harakatiga xayrixoh ekani keltiriladi. Tergovchilarga binoan, hibsga olinishidan oldin, 2013 yil may oyigacha Qurbonov go‘yoki qariyb bir yil O‘IH a‘zosi bilan xat orqali muloqot qilgan. Prokurorlarga ko‘ra, Qurbonovning elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zbek va rus tillaridagi muloqotlari ingliz tiliga o‘girilib o‘rganilgan.

Aytilishicha, o‘zbek tilidagi bu yozishmalarda Qurbonov go‘yoki o‘zining shahid bo‘lishga tayyor ekani, portlovchi moddalarni qanday tayyorlash va qayerdan olish haqida ma‘lumotlarni qoldirgan.

Qurbonovning o‘ziga mahkamada tarjimon beriladi.

Prokurorga ko‘ra, Qurbonov portlovchi moddani masofadan turib harakatga keltirish mexanizmini o‘rganishga harakat qilgan. Qurbonov terroristlarni moliyaviy ta‘minlash, ro‘yxatga olinmagan portlovchi moddalarni saqlash kabi ayblovlar yuzasidan so‘roq qilinadi. Mahkamada Qurbonov muloqotda bulgan boshqa guvohlarning ham ko‘rsatma berishlari kutiladi.

Fazliddin Qurbonov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor qilgan.

Mahkama olti hafta davom etadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio