Mullo Umar Ramazon Hayiti tabrigi bilan chiqdi

Image copyright bbc

Afg‘on Toliboni rahbari Mullo Muhammad Umar musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi yakunidagi bayram - Iyd al-Fitr yoki Ramazon Hayiti munosabati bilan murojaat e‘lon qilgan.

Bu murojaatida Tolibon lideri Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini olqishlagan.

Mullo Muhammad Umar bayonoti Tolibonning veb-saytida e‘lon qilingan.

Ushbu bayonot "Mullo Umar Tolibonning Afg‘on hukumati bilan muzokaralariga "oq yo‘l" bermagan", degan ovozalarga chek qo‘ygan.

8 iyulda Pokiston shimolidagi Myorri shahrida Tolibon harakati vakillari bilan Afg‘oniston hukumati birinchi rasmiy hay‘ati bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

Afg‘oniston Oliy Sho‘rosi tomonidan tashkillashtirilgan ushbu muloqotlardan ko‘zlangan maqsad, Tolibon hujumlarini to‘xtatishga hamda jangarilarning qurollarini tashlab tinch hayotga qaytishlariga ko‘ndirish bo‘lgan.

Mullo Muhammad Umar o‘zining Ramazon Hayiti tabrigida muzokaralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmagan bo‘lsa ham Islom dini dushmanlar bilan tinch muloqotlarga mone‘lik qilmaydi, deb aytgan.

O‘zlarining maqsadi Afg‘onistonni "xorijiy kuchlar bosqinidan ozod qilish" ekanini aytgan Tolibon lideri muloqotlar o‘zlarining ana shu maqsadiga xizmat qilishini aytgan, bu maqsad yo‘lidagi muzokaralarni "mashru‘" deb atagan.

Tolibon lideri o‘zlarining muqaddas maqsadlariga erishish yo‘lida qurolli jihod bilan birga siyosiy muzokaralarni olib borayotganlarini aytgan.

Bayonotda o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan jangari guruh nomi tilga olinmaydi, biroq o‘sha guruh a‘zolariga murojaat qilinib birdamlikka chaqiradi.

"Biz barcha mujohidlarimizni birliklarini saqlashga va orada farq barpo etish yo‘lidagi har qanday unsurlarni kuch bilan oldini olishga yo‘naltirmog‘imiz lozim", deyiladi Mullo Umar bayonotida.

Afg‘onistonda IDga sodiqlikni istagan jangarilar soni ortgani kuzatilgan.

ID va Tolibonga sodiq jangarilar o‘rtasida oxirgi oylarda kelib chiqqan qaqshatqich janglar minglab afg‘onlarni o‘z uylarini tashlab qochishga majbur qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio