"Inqirozdan qutqarish rejasi barbod bo‘lishga mahkum"

Image copyright AP
Image caption Sobiq moliya vaziri Yanis Varufakisning aytishicha, yangi reja falokatlidir va bu reja amalga oshishiga bosh vazirning o‘zi ham ishonmaydi.

Yunoniston sobiq moliya vaziri Yanis Varufakisning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatini moliyaviy inqirozdan qutqarish va yevrohududan chiqishdan saqlab qolish Ovro‘po rejasi boshlanmasidan turib, barbod bo‘lishga mahkumdir.

Juma kuni Olmoniya parlamenti deputatlari Yunonistonga 86 mlrd yevro( 60 mlrd dollar) miqdorida qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun qaytadan ovoz berdilar.

Bi-bi-si bilan suhbatda sobiq vazir bu dasturni kim ijro etishidan qat‘iy nazar mag‘lubiyatga uchrashi muqarrardir, deb aytdi.

Bu dastur qancha vaqt talab qilishi mumkin, degan savolga , u allaqachon barbod bo‘ldi, deb javob qaytardi janob Varufakis.

Xususan, sobiq moliya vaziri Yanis Varufakisning Bi-bi-siga aytishicha, yangi reja falokatlidir va bu reja amalga oshishiga bosh vazirning o‘zi ham ishonmaydi.

Yanis Varufakis Yunonistonda qarz inqirozidan chiqish bo‘yicha islohotlarga qarshi o‘tkazilgan referendum o‘tkazilishi bilanoq, iste‘fo bergan edi.

Yunonistonni inqirozdan qutqarishga qaratilgan yangi xalqaro ko‘mak rejasi sobiq vazirlar tomonidan qattiq tanqidga tutilgan. Bu rejaga qarshi chiqqan vazirlar o‘z iste‘folarini e‘lon qilgan edilar. Juma kuni Yunoniston Bosh vaziri Aleksis Tsipras kreditorlar bilan kelishuvga qarshi ovoz bergan yana o‘n deputatni iste‘foga chiqargan.

22 iyulda Yunoniston parlamenti qo‘shimcha islohotlarni tasdiqlashlari kerak bo‘ladi, shundan so‘ng Yevro pul birligi muomalada bo‘lgan mamlakatlar moliya vazirlarining Yunonistonga uchinchi qarzni ajratish bo‘yicha muzokaralari boshlanishi kutiladi.

Xabar qilinishicha, kreditorlar talab qilayotgan yangi rejada bir necha taklif borki, yaqinda o‘tkazilgan referendumda xalq ana shu amallarga qarshi chiqqan.

Tahlilchilar fikricha, Bosh vazir Aleksis Tsipras Yunonistonni Yevro zonasidan chiqarib yuborilishi oldini olish maqsadida Ovro‘po Komissiyasi, Ovro‘po Markaziy Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi talab qilayotganidek soliqlarni oshirishga, pensiya tizimini isloh qilishga rozi bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan.

"Siriza" partiyasi rahbari, joriy Bosh vazir Aleksis Tsipras Yunonistonga berilgan qarzlardan qutulish va‘dasi bilan saylovlarda g‘alaba qozongandi.

Dushanba kundan boshlab Yunoniston banklari qaytadan ish boshlashi aytilgan.

Biroq Yunon hukumatiga ko‘ra, mamlakat aholisi uchun belgilangan kuniga 60 yevro naqd pul chiqarib olish sharti darhol bekor qilinishining hozircha iloji yo‘q. Bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Oldinroq, Yevrohudud moliya vazirlari Yunonistonga 7 mlrd yevro qarz berishga kelishganlar. Bunga Yunoniston parlamenti kreditorlar talabi bilan Bosh vazir Tsipras ilgari surgan islohotlar paketini qattiq bahs-munozaralardan so‘ng ma‘qullab ovoz berishlari orqasidan kelingan.

Shu tariqa, Yunoniston dushanba kungacha Ovro‘po Markaziy Banki va Xalqaro Valyuta Fondi qarzlaridan qisman qutilish imkoniga ega.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio