"Britaniya "Islomiy Davlat"ni yo‘q qilishda yordam beradi"

Bosh vazir Devid Kemeron aytishicha, Britaniya Iroq va Suriya hududida jangarilar tashkil etganlarini e‘lon qilgan "xalifat"ni yo‘q qilishda AQSh bilan hamkorlikka bel bog‘lagan.

Bu haqda janob Kemeron AQShning NBC televizion kanaliga bergan intervьyusida aytgan.

Britaniya Bosh vaziri mamlakati qurolli kuchlari o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlarga ko‘proq bosh qo‘shishini istashini, lekin buning uchun mamlakat parlamenti dastaklovini qo‘lga kiritish talab qilinishni bildirgan.

Ikki yil oldin Britaniya parlamenti mamlakat qurolli kuchlarining Suriyadagi harbiy ishtiroki masalasini muhokamaga qo‘ygan hamda bunga qarshi ovoz bergan edi.

"Hozirgi paytda biz yana nimalar qilishimiz mumkinligi borasida muxolif partiyalar bilan maslahatlashuvlar olib bormoqdamiz. Lekin siz bizning ikki mamlakatda(ham Iroq, ham Suriyada) xalifatni yo‘q qilishda siz bilan birga ishlashni xohlayotganimizga shubha qilmasligingiz kerak", deb aytgan Devid Kemeron.

O‘tgan hafta Britaniya harbiy havo kuchlarining Suriyadagi jangarilar mavqelarini bombardimon qilish amaliyotlarida AQSh va Kanada qurolli kuchlari bilan birgalikda ishtirok etgani oshkor bo‘lib qoldi.

Buning ortidan Britaniya parlamentidagi Leyborist va Liberal-demokratik partiya a‘zolari hukumatdan nega Britaniya qiruvchi uchoqlari Suriyadagi amaliyotlarda qatnashgani borasida izoh talab qildi.

Bunda Britaniya harbiy uchoqlarining faqat Iroqdagi amaliyotlarda qatnashishiga parlament ruxsat bergani eslatildi.

Hozirgi paytda kamida 700 Britaniya vatandoshi "Islomiy Davlat" jangarilarini dastaklash uchun yo‘lga chiqqanlari ma‘lum bo‘lgan.

Britaniya hukumati mamlakat musulmon yoshlarining ID ta‘siriga tushib qolishi oldini olish yo‘llarini izlamoqda.

Siyosatchilar IDga qarshi hozirgi strategiya ish bermayotganini aytmoqdalar, bu strategiyani qayta ko‘rib chiqishga chaqiriqlar yangramoqda.

20 iyul kuni Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeronning radikallashish va ekstremizmni jilovlashga qaratilgan o‘z strategiyasini e‘lon etishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio