Zarvaraqlar: Sulton Husayn Boyqaro farmoni

Image caption Хайрулла Исматуллаев дунё музей ва кутубхоналаридаги қўлёзмаларни тадқиқ этган

Ota-bobolarimizdan qolgan ulkan ma’naviy boylik, qo‘lyozma asarlar Qizilqum sahrosiga sochilib ketgan oltinni eslatadi. Avlodlarimiz yaratgan bu asarlar dunyo kutubxona, muzeylariga sochilib ketgan. Jahondagi birorta mashhur kutubxona yo‘qki, u erda xalqimiz tarixi va adabiyotiga tegishli qo‘lyozma asar bo‘lmasin. Britaniya Muzeyi, Parij Milliy Kutubxonasi, Oksford, Kembrij, Sorbonna, Xarvard, Yel universiteti kutubxonalari, Gollandiya, Olmoniya, Ispaniya, Italiya, Vatikan kitobliklari, hamda Turkiya, Eron, Hindistondagi kutubxonalarda o‘zimiz saqlay olmagan ko‘plab yozma adabiyotlarimiz namunalari avaylab asrab kelinmoqda.

Bizning niyatimiz yaqin fursatda Ovrupo muzey, kutubxona va shaxsiy kitob fondlarida saqlanayotgan o‘zbek adabiyotining nodir namunalari bilan o‘quvchilarni tanishtirib borish.

Keyingi vaqtlarda men temuriylardan va temuriylar davridan qolgan mashhur asarlarni aniqlashga, iloji bo‘lsa, ayrimlarining nusxalarini olishga urinib ko‘rdim.

Sulton Husayn Boyqaro davri hakida hozirgi avlod biroz ma’lumotga ega. Buning boisi, albatta, Alisher Navoiy. Alisher Navoiy haqida nisbatan ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan holda, Husayn Boyqaro haqida bilganlarimiz hamma vaqt ham ishonchli va hujjatli ma’lumotlarga asoslangan emas.

O‘rta Osiyo taraqqiyoti uchun Uyg‘onish hisoblangan bu davr biz uchun muhim ahamiyatga molikdir. Ma’lumki, Sulton Husayn Boyqaro asarlari Britaniya­dagi Chester Betti kutubxonasida 404 raqami bilan, Britaniya Muzeyida Or.208 raqami bilan, Parijdagi Milliy kutubxona­da 993 raqami bilan, Turkiyadagi To‘pqapi Saroy Muzeyi kutubxonasida E.N. 1686 va A.2381 raqamlari bilan saqlanib kelinmoqda. Aniqlanishicha, Sulton Husayn Boyqaroning o‘z zamonasi mashhur kishilariga yo‘llagan xatlari hamda chiqargan farmonlari ham jahon kitobliklarida saqlanib qolgan.

Britaniya Muzeyida Or. 61 katalog raqami bilan Sulton Husayn Boyqaroning Boyozid 2 ga yozgan xati, shu muzeyda yana Og. 1702 katalog raqami bilan Sulton Husayn Boyqaroning Hasanbeg Bahodirga yozgan xati saqlanadi.

Bu erda biz Husayn Boyqaroning bir farmoni xususida fikr yuritmoqchimiz.

Turkiyaning Istanbul shahridagi To‘pqapi Saroy muzeyi kutubxonasida E. 12305 inventar raqami bilan Sulton Husayn Boyqaroning bir farmoni saqlanib kelinyapti. Sulton Husaynning mazkur farmonini birinchi bo‘lib frantsuz sharq­shunoslari A. Benningsen va Sh. Lemersier-Kelkujey (A. Bennigsen, Ch. Lemercier-Quelquejay) topganlar,

Sulton Husayn Boyqaroning bu farmoni 879 hijriy (1474 melodiy) yili chiqarilgan bo‘lib, mutaxassislarning aniqlashicha, u Sulton Husayn Bahodir imzosi bilan chiqarilgan farmonning asl nusxasidir.

Bu farmon etti satrdan iborat bo‘lib, u qog‘ozga bir necha nusxada ko‘chirilgan hamda Xuroson viloyatidan to Usmonli turk saltanatiga etguncha bo‘lgan Sulton Husayn Boyqaroga tegishli manzillarda uchraydigan shahar, kent, qishloq va hordiq chiqarish manzillari boshliqlari nomiga yuborilgan bo‘lgan.

Farmonda aytilishicha, Pahlavon Muhammad otliq usmonli turk (Rum) elchisini Xurosondan Istanbulga etib borgunicha yo‘lda muhofaza etish topshirilgan .

Amir Temur vafotidan so‘ng O‘rta va Kichik Osiyoda sodir bo‘lgan raqiblik va turli-tuman nayranglar, yo‘llardagi notinchlik Sulton Husayn Boyqaroni shunday farmon chiqarishiga majbur etgan. Boyqaro o‘z saltanati hududida mansabdorlar va javobgar shaxslar turk elchisini izzat­-ikrom, mehmondo‘stlik bilan qarshi olishlarini istagan.

Bu farmonning bir necha nusxalari turk elchisi qo‘nib o‘tadigan shahar, kentlardagi mahalliy mansabdor shaxslarga, hokimlarga, yul qo‘riqchilariga jo‘natilgan bo‘lgan. Bunday paytlarda har bir javobgar shaxs nima qilishi lozimligi mo‘g‘ullar davrida ham, Amir Temur davrida ham qat’iy belgilab qo‘yilgan edi

Har bir amaldor bu farmonni olganligiga ishonch hosil qilish uchun Sulton Husayn Hirotdan Kichik Osiyogacha otda chopar jo‘natgan. Ma’lum bekatda chopar to‘xtab, otni almashtirgan, o‘zi olib ketayotgan xabarning shoshilinch va muhimligidan mahalliy hukumatni xabardor etgan.

Turk elchisi Pahlavon Muhammad Xurosondan to‘rt hamrohi, to‘rt xizmatkori bilan ikki ot va bir tuyada yo‘lga chiqqan.

Xuroson Sultoni Husayn Bahodir (Boyqaro) bobosi Amir Temur orzularini amalga oshirishga intilib, Rum (Usmonli turk) mamlakati bilan yaqin, birodarona aloqa o‘rnatishga katta e’tibor berganligini mazkur farmon yana bir bor isbotlaydi.

Sulton Husayn turk elchisi Pahlavon Muhammad shaxsiyatiga juda katta izzat-ikrom bilan munosabatda bo‘lganligi farmonda u ishlatgan "aqzap quzzot madallohu" ["Olloh qozilar qozisi soyasini boshimizdan ko‘tarmasin"] iborasi ham ravshanlashtiradi.

Temuriyzoda Sulton Husaynning turk elchisini bunday ulug‘lashi Turkiya tomonida e’tiborsiz qolmagan. Chunki turklarga ham ota yurt sanalgan o‘lkadan etib kelgan har bir qutlug‘ so‘z ularning boshini ko‘kka ko‘targan,

Sulton Husayn Boyqaro ham farmon chiqarish, rasmiy xat yozish uslubini katta bobosi Amir Temur uslubidan o‘zga qilmagan, o‘sha uslubni saqlab qolgan. U ham farmonlarni, ular qaysi tilda yozilishidan qat’i nazar, "so‘zimiz" -"Abul G‘ozi Sulton Husayn so‘zimiz" iborasi bilan boshlagan [Amir Temur va boshqa temuriylar uslubiga qiyoslang: "Amir Temur Ko‘ragon so‘zimiz"; "biz kim Mironshoh Kuragon so‘zimiz"].

Farmonning kiril yozuvidagi matni:

Huval G‘ani

Abul G‘ozi Sulton Husayn Bahodir so‘zimiz.

Hukkom va dorug‘agon viloyot va mustax fizoni sobol va turuq. Bidonand, ki Pahlavon Muhammad minjumla oliyjanob fazoyil maob raf’at panohi aqzal quzzot madallohu, zil-la nizoman az jonibi Rum jihati mehmoni ba Xuroson omada bud.

Darin vilo bo chahor nafar maovidat namud va chahor g‘ulom va du sar asp va yak nafar shutur hamro dorad.

Meboyad, ki moni va muzohim nashavand. Va darmarohil va manozil muhaviza muovinat namuda ba salomat guzaronand.

Dar in taqsir nanamoyand.

Tahriran fi zulqa’dat ul-xarom, sana tis-a va sab’in va samona mia.

[Muhr]

Abul G‘ozi Sulton Husayn Bahodir

Ittala alayhi ".

FARMONNING TARJIMASI:

Uning o‘zi beniyoz g‘ani

Abul G‘ozi Sulton Husayn Bahodir so‘zimiz.

Viloyatlarning hokimlari va dorug‘agonlari (yo‘l ko‘rsatuvchilari) bilsinlarki, oliyjanob, fozil, donishmand, oliymaqom Pahlavon Muhammad, "Olloh qozilar qozisi soyasini boshimizdan ko‘tarmasin" Rum tarafdan mehmon bo‘lib Xurosonga kelib edi. Bu viloyatga to‘rt kishi bilan keldi. To‘rtta qul, ikki bosh ot va bir tuya bor edi. Ularga hech kim ozor bermasin va xatarnok joylardan ularni salomatlik bilan o‘tkazsinlar. Bu ishda pala-partishlik qilmasinlar.

3ulqa’da oyi, sakkiz yuz etmish to‘qqizinchi sanada yozildi, ((1474 yil 9 mart-8 aprel orasiga to‘g‘ri keladi)

[Muhr)

Abul G‘ozi Sulton Husayn Bahodir tasdiqladi

Mazkur nomaning oltinchi va ettinchi satrlari orasiga, chap tomonga Sulton Husayn Bahodirning muhri bosilgan. Bu farmon Sulton Husayn Boyqaro chiqargan yuzlab, balki minglab farmonlarning biridir. Biroq shunga qaramasdan u bizning xalqimiz uchun juda qadrli va mo‘’tabar hisoblanadi. Davlat siyosatimiz bundan besh yuz yil oldin ham boshqa xalqlarga o‘ta hurmat, e’zoz bilan munosabatda bo‘lishga asoslanganligini, turkiy xalqlar birligini saqlashga temuriylar katta e’tibor berganligini qo‘rsatish borasida mazkur farmonning ahamiyati nihoyat darajada beqiyosdir.

Xayrulla Ismatullaev bilan Bi-bi-si suhbatini mana bu erda o‘qishingiz mumkin

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio