Qirg‘izistonlik imom Rashod Kamolov ustidan mahkama boshlandi

Qirg‘izistondagi Qorasuv tuman mahkamasi shu yil fevralida hibsga olingan taniqli imom Rashod qori Kamolovning ishini ko‘rib chiqishni boshlagan.

Mahkamada o‘z ma‘ruzalarida islomiy xalifalikni targ‘ib etib, Suriyaga odamlarni jo‘natgan deb ayblanayotgan imom Rashod Kamolov, o‘zini aybsiz ekanligini, buni tasdiqlovchi insonlar ham borligini aytgan.

Tushdan keyin boshlangan Qo‘ychubek Jobonov hakamligidagi mahkama majlisi uzoqqa cho‘zilgani yo‘q. Qorasuv tuman sud binosida ellikka yaqin militsiya xodimlari mahkamaga kelgan odamlarni tekshirib, xavfsizlikni ta‘minlab turdilar.

Mahkama boshlanishi oldidan sudlanuvchi advokatlari jarayonni video tasvirga olishlikni so‘rab hakamga qilgan murojaatlari qanoatlantirilmadi. Faqat ovoz yozish uskunasi qo‘llanishigina ruxsat berildi. Temir qafas atrofida yig‘ilgan militsiya xodimlari mahkamada qatnashayotgan jurnalistlarga jarayondan avval va keyin ham to‘sqinlik qilib, sudlanuvchini suratga olishga qarshilik qildilar.

Mahkama jarayonida tuman prokuraturasi prokurori Abdirazaqov sudlanuvchi Rashod Kamolovga qo‘yilayotgan ayblar bilan mahkama qatnashuvchilarini tanishtirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rashod Kamolov Qirg‘iziston Respublikasi Jinoiy kodeksining 299 bandi - "Lavozimini suiste‘mol qilib, diniy nifoqni qo‘zg‘ash" va 299 moddaning 1-bandi "Taqiqlangan ekstremistik materiallarni saqlash va tarqatish" kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayapti.

"Tergov davomida aniqlanishicha, joriy yilning 15 yanvarida Qorasuv tumanining Kirov qishlog‘i yashovchisi militsiyaning mahalliy idorasiga "Xalifalik haqida" deya nomlangan disk olib kelgan. Diskdagi video yozuv Rashod Kamolovning ma‘ruzasi ekanligi, ushbu ma‘ruzani militsiya xodimlari internetdan ham topganliklari va xuddi shu ma‘ruza yozilgan disk Kamolovning uyida tintuv o‘tkazilgan paytda ham topilgani tasdiqlangan" – deydi prokuror Abdirazaqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi mutaxassisi Qanatbek Abdraimov ma‘ruzani ekspertizadan o‘tkazgan va ushbu ma‘ruza xalifalikni targ‘ib etuvchi ekanligi to‘g‘risida deya o‘z xulosasini bergan.

Komissiya qarori asosida, joriy yilning 27 yanvarida Rashod Kamolovga qarshi jinoiy ish ochilgan va 4 fevralda O‘sh shahar sudi qarori bilan imom uyida tintuv o‘tkazilgan.

Prokuror Rashod Kamolovga nisbatan 2 moddaning 3 bandi bilan, umumiy 6 ayblov olg‘a surayapti.

Sud jarayonida sudlanuvchi Rashod Kamolov barcha ayblovlarni rad etib, o‘zini aybsiz ekanligini aytdi.

"Prokuror aytayotgan so‘zlar, bo‘lmagan. Mening ma‘ruzalarim to‘g‘ri ma‘noda, haqqoniy aytilgan. Buni tasdiqlovchi jamoat ham bor. Mana aytinglar" – deya mahkama zalida o‘tirgan safdoshlariga murojaat qildi Rashod Kamolov

Advokatlar ham himoyasidagi insonni aybsiz ekanligini, uning ma‘ruzalarini ekspertiza qilgan mustaqil taxlilchilar keyingi mahkama jarayonlariga kelib, o‘z ko‘rsatmalarini berishliklarini aytib o‘tdilar.

Sud jarayoni guvohlar kelmaganligi sababli bir haftaga qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, Rashod Kamolov, O‘sh viloyatining Qorasuv tumanidagi "As-Saraxsiy" masjidi imomi.

Otasi marhum Muhammadrafiq Kamolov o‘zining ma‘ruzalarida hayotda bo‘layotgan nohaqliklarni ochiq aytib, odamlarni ogohlikka chaqirgan.

2006 yilning avgustida O‘sh shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida maxsus xizmatlar tarafidan otib o‘ldirilgan otasining o‘rniga imomlik kursiga o‘tirgan Rashod Kamolov, joriy yilning fevral oyida qamoqqa olingan.

Unga "diniy nifoqni qo‘zg‘ash" va "ta‘qiqlangan estremistik materillarni saqlash va tarqatish" ayblovlari qo‘yilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq