Turkiyadagi markaziy osiyolik enagalar

Image caption Ayollarning ko‘pchiligi Turkiyada noqonuniy ishlashadi, biroq shunga qaramasdan ular o‘z mamlakatlarida olgan maoshlaridan ko‘p topishlarini aytishadi

Sobiq sovet davlatlaridagi ma‘lumotli ayollar vatanlarida qolgan oilalarini boqish uchun Turkiyaga yo‘l olganlar. Ularning aksariyati bolalarga enagalik yoki xizmatkorlik qilib pul topishga majbur.

O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Gurjiston, Ukraina va moldovalik o‘n minglab ayollar oilalari, asosan bolalarini vatanga tashlab, Turkiyaning yirik shaharlari Istanbul va Anqaraga ish qidirib borganlariga tez-tez guvoh bo‘lish mumkin.

Ularning ko‘pchiligi noqonuniy ishlashadi, biroq shunga qaramasdan ular o‘z mamlakatlarida o‘qituvchi, hatto tish shifokori sifatida ishlaganlarida olgan pullaridan ko‘p topishadi. Ular buni oilalari yordam berish, bolalarini o‘qitish uchun qilishadi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan biridan kelgan "Oysha" ismli ayol Istanbulda enagalik qiladi. U o‘zini kimligini tanishtirishni istamaydi.

"Biz ko‘chada yurganimizda yoki avtobus bekatida turganimizda politsiya bizning yuzimizga qarab, kimligimizni ya‘ni noqonuniy yashab yurganimizni bilib oladi. Bu tez-tez yuz beradi. Ko‘p tanishlarimiz shu tariqa ushlanib, deportatsiya qilib yuborildi. Bizni ushlashganda, ularga yolvoramiz.Bu yerlarda bolalarimiz uchun ishlab yurganimizni aytamiz", deydi Oysha.

Oysha universitetni bitirgan, 11 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Turkiyaga kelishidan oldin oylik ish haqi vatanida 200 dollar bo‘lganini, bolalarini boqish va bankdan qarzini uzish uchun chetga chiqishdan boshqa iloji qolmaganini so‘zlaydi. Turk tilini gazet o‘qib, bolalar kitoblarini o‘qib, televizor ko‘rib o‘rganib olgan.

Oysha noqonuniy enaga bo‘lgani sababli o‘ziga berilgan bir kunlik dam olishni uydan chiqmay o‘tqazadi. Har safar bolani ko‘chaga olib chiqqanida yoki parkda yurganida politsiya ushlab ketishidan xavotirlanadi. Uning bir qancha o‘rtoqlarini politsiya avtobus bekatlarida ushlab vataniga qaytarib yuborilganidan keyin u ham qo‘rqib qolgan.

Hammasidan qiyini Oysha uchun bolalarining uzoqdaligidir. "Men uxlay olmayman kechalari. Bolalarim haqida o‘ylab chiqaman", deydi Oysha farzandlari ona mehrisiz o‘sayotganidan ma‘yus bo‘lib.

Asli iqtisodchilikda ta‘lim olgan Lela Koridze pul topish uchun kelgani, Anqarada qonuniy enaga bo‘lib ishlayotganini gapiradi. O‘z bolalarini yilda bir marta ko‘rib keladi. U faxr bilan Turkiyadagi eng kam oylikdan ko‘proq, 500 dollar ishlayotganidan faxrlanib gapiradi.

Turkiyada enagalik qilib pul topayotgan o‘zbek ayollari ham ko‘p. Lekin ularning aksariyati bu haqda gapirishni istamaydi.

Oxirgi paytlarda oilasi va bola-chaqasini vatanida tashlab pul ishlashga kelgan ayollar Turkiya fuqaroligini olish umidida soxta nikoh qurayotgan holatlar ham uchraydi.

Ayollar bunday yo‘l tutishlari sababini Turkiya fuqarosi sifatida yaxshi va qonuniy ish topish orzusi bilan izohlashadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio