Xitoyda eskalator bir ayolni "yutib yubordi"

Image copyright Reuters
Image caption Xodimlar ayolni qutqarishga harakat qilishgan, ammo unga yordam bera olishmagan

Xitoy mahalliy matbuotining xabar qilishicha, Tszinchjou shahridagi savdo markazlaridan biri eskalatorida 30 yoshli ayoli fojeali tarzda nobud bo‘lgan.

Kuzatuv kameralaridagi tasvirlarda eskalator tepasidagi metal qoplamaga yetganda ayol va uning bolasi qoqilib ketganlari aks etgan.

Mahalliy matbuotda ismi sharfi Shiang Lijuan deyilayotgan ayol o‘zi yiqilishidan oldin bolasini xavf joyga itarishga muvaffaq bo‘lgan.

Xubey viloyatida mahalliy vaqt bilan soat 10:09da yuz bergan hodisa ko‘plarning g‘azabini qo‘zg‘agan.

Eskalator tepasida turgan savdo markazi xodimlari ayolni qutqarishga harakat qilishgan, ammo unga yordam bera olmaganlar. Ayolni harakatlanuvchi tasma tortib ketgan.

Qutqaruvchilar soat 14:00larga borib jasadni chiqarib olishgan.

Savdo markazi hodisa yuzasidan darrov izoh bermagan. Ammo, matbuotning xabar qilishicha, mahalliy rasmiylar tekshiruv ishlarini boshlashgan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, yaqinda eskalator ta‘mirdan chiqarilgan, ishchilar uning tepasiga metal qoplama o‘rnatishgan, ammo uni burama mix bilan qotirishni unutishgan.

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida hodisa yuzasidan g‘azabnok munosabatlar bildirilmoqda. Ko‘plar savdo markazi rahbariyatidan javob talab qilishmoqda. Dushanba kuni ertalabning o‘zida mazkur xabar 20 million kishining e‘tiboriga tushgan.

Ko‘plab bolasini qutqarib, o‘zi nobud bo‘lgan onaning xotirasiga hurmat bajo keltirishgan.

Boshqalar esa, Xitoydagi xavfsizlik andazalaridan xavotir izhor qilishgan.

Yaqin yillar Xitoyda eskalator bilan bog‘liq qator noxush hodisalar yuz bergan. 2014 yil Shanxayda yo‘nalishini to‘satdan orqaga qarab o‘zgartirgan uskuna 13 kishiga tan jarohati yetkazgandi. 2013 yilda esa, o‘xshash hodisada bir o‘smir bola hayotdan ko‘z yumgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio