Kameron: Xorijliklarning "kir pullar"ga Britaniyada uy olishi to‘xtatiladi

Britaniya Bosh Vaziri Devid Kameronning aytishicha, xorijliklarning noqonuniy yo‘llar bilan undirilgan pullar bilan Britaniyada uy-joy sotib olishlarini to‘xtatish vaqti keldi.

"Kir pullarga Britaniyada joy yo‘q", - dedi u.

Janob Kameron Britaniya, aksar hollarda Londondagi hashamatli ko‘chmas mulklarni sotib olishda "anonim soxta kompaniyalar"dan foydalanish tajribasiga nuqta qo‘yishini aytdi.

Singapurga tashrifi chog‘ida gapirar ekan, u Buyuk Britaniya "butun jahondan oqib kelgan jinoiy pullarga boshpana" bo‘lib qolmasligi kerakligini urg‘uladi.

Shuningdek, u butun xalqaro hamjamiyat "korruptsiyaning saraton o‘simtasi"ga qarshi faol kurashishi kerakligini aytdi.

"One" nohukumat tashkilotining 2014 yilgi hisobotiga ko‘ra, korruptsiya tufayli qashshoq davlatlardan bir trillion dollar olib chiqib ketilgan. Mazkur tashkilot buni amalga oshirishda soxta kompaniyalar ishga solinishi va pul yuvilishini ham aniqlagan.

O‘tgan hafta Britaniyadagi jinoyatga qarshi kurash milliy agentligida xorijiy tovlamachilar noqonuniy undirilgan pullar yordamida Londonda ko‘chmas mulk sotib olishlari va, o‘z navbatida, mahalliy narxlarning oshib ketishiga sabab bo‘lishlari ta‘kidlandi.

Soxta kompaniyalar, yoki boshqacha qilib aytganda, bir kunlik kompaniyalar aslida hech qanday tadbirkorlik bilan shug‘ullanmaydilar va o‘z egalarining pullarini yashirish uchun ishlatiladilar.

Britaniyada 100 mingdan oshiq ko‘chmas mulk xorijiy kompaniyalar nomiga hujjatlashtirilgan. Londonning o‘zidagi 36 mingta ko‘chmas mulk oshfor firmalariga tegishlidir.

Markaziy Osiyodan kelgan pullar

O‘tgan hafta hisobot chiqargan Global Witness tashkilotining bildirishicha, Londondagi 150 million funt atrofida turadigan bir qancha xonadon marhum Rohat Aliyevga bog‘liq noma‘lum shaxsga tegishlidir. Bu haqda ularning qo‘lida dalil mavjudir.

Ma‘lumki, Prezident Nazarboyevning kuyovi bo‘lgan Aliyev bu yilning fevral oyida Venadagi qamoqxonasida o‘z joniga suiqasd qilgan edi. Global Witnessning "Beyker stritdagi sir" nomli hisobotida Aliyevga qarashli xonadonlar Londonning eng nufuzli yerida joylashgan.

Global Witnessning bildirishicha, shaxsi noma‘lum qolayotgan bir shaxs 147 million funtni 2008-2010 yillari Londonning eng mashhur ko‘chalaridagi xonadonlarni sotib olishga sarflagan.

Hisobotda aytilishicha bu savdoning ketida turgan tashkilot rahbarlari avvallari Rohat Aliyev qo‘li ostida ishlagan shaxslardir.

Global Witness tashkilotiga ko‘ra, London ko‘chmas mulk bozori jahonning poraxo‘r va jinoyatchi unsurlari uchun pul yuvish quroliga aylangan.

Tashkilotning da‘vo qilishicha, Qirg‘izistonda qotillikka urinish va qator iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilgan Maksim Bakiyev hozirda London tashqarisida 3.5 million funt sterlingga sotib olingan hashamatli uyda yashamoqda.

Maksim Bakiyev o‘z otasi Qurmanbek Bakiyev 2010 yilda prezidentlik kursisidan ag‘darilishi ortidan Britaniyadan boshpana olgandi.

Global Witness Londonda Gulnora Karimovaning ham uylari borligi ehtimoli katta ekani, ammo buni tergov qilishga Britaniya hukumatining "ishtaha"si yo‘qligini aytadi.

Tashkilot tergovchisi Tom Meyn avvalroq Bi-bi-si bilan suhbatda o‘z tashkiloti va boshqa guruhlar olib borgan tergovlar Londondagi 1 yo 2 uy Gulnoraga tegishli ekaniga ishora qilgan.

"Yangi uylar qurilishi uchun ajratilgan joylarda ham qator ko‘chmas mulklarga Gulnoraning egalik qilishi borasida tergovlar olib bordik. Qo‘limizda bu mulklarning egalari qayd qilingan "Land registry", ya‘ni yer egaligi hujjatlari bor. Lekin, huddi Maksim Bakiyev bilan bo‘lgandek, bu mulklar ham ofshor hududlardagi kompaniyalar nomiga hujjatlashtirilgan. Bularga Gulnora yo Maksim egalik qilishini isbotlash juda qiyin, shuning uchun biz Britaniya hukumatidan ularni tergov qilishni so‘rayapmiz. Agar Gulnora borasida kechayotgan tergovlarga qarasangiz, u qabul qilgani aytilayotgan poralar miqdori juda-juda katta. Ayni damda mana shu pullarning qanchasi Britaniyada saqlanayapti degan savol ochiq qolayapti", - deb aytgan u.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio