Uy hibsi bo‘yicha yangi qonun Gulnora uchun qabul qilinayaptimi?

Gulnora Karimova 2014 yil fevralidan beri jamoatchilikka ko‘rinmaydi
Image caption Gulnora Karimova 2014 yil fevralidan beri jamoatchilikka ko‘rinmaydi

O‘zbekiston hukumatiga tegishli norma.uz saytida xabar qilinishicha, O‘zbekiston parlamentining quyi palatasi uy hibsini jazo sifatida jinoiy protsessual kodeksga kiritishni muhokama qilayapti.

Unga ko‘ra, agar tasdiqlansa, jamoatchilikka katta xavf tug‘dirmaydigan, uch yildan besh yilgacha jazoga hukm qilingan shaxslar endi jazoni o‘z uylarida o‘tashlari mumkin bo‘ladi.

Sud bunday shaxsning jamoatchilik marosimlarida qatnashishi, ma‘lum hudud ichra harakati va aloqa qilish imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.

O‘zbekistonda uy hibsi faqat sud ishidan avvalgi chora sifatida qo‘llanib kelinadi.

Taklif qilinayotgan jazo O‘zbekiston qonunchiligi uchun yangi bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik huquqshunoslarga ko‘ra, u ma‘lum hollarda, xususan ichki ishlar, prokuraturaning yuqori darajali xodimlari yoki hokimlar kabi mansabdor shaxslar uchun qo‘llab kelingan.

Ba‘zi tahlilchilar bu yangi qonunni prezidentning qizi Gulnora Karimovning uy hibsini qonunlashtirish harakati deya talqin qila boshlashdi.

Xorijda bir necha tergov ishlarida shubhalanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Karimova xonim 2014 yil fevralidan beri uy hibsida ushlab turilibdi va O‘zbekistonda u aftidan hech qanday jinoyatda aybdor deb topilmagan.

U o‘z uyiga qamatilganida hukumat hech qanday izoh bermagan, ammo o‘tgan sentyabr oyida Bosh prokuratura Karimova xonim uyushgan jinoyatchi guruh va korruptsiyaga aloqadorlikda o‘tayotgan tergov ishida gumondor sifatida ko‘rilayotganini ma‘lum qilgandi.

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisning aytishicha, bu to‘satdan qilinayotgan qadam Karimova xonimga qarshi rasman jazo e‘lon qilish va uning sud ishini nihoyasiga yetkazish harakatining boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Norma.uz saytiga sharh bergan Oliy Majlis qonunchilik palatasi a‘zosi Aliya Yunusovaga ko‘ra, uy hibsiga ayollar, yoshlar, qariyalar va yaxshi xarakterga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin va bu ularni "jinoiy elementlarning salbiy ta‘siridan himoya qiladi".

Toshkentlik taniqli huquqshunos Surat Ikromov ham mazkur chora Gulnora Karimova uchun qabul qilinayotgan bo‘lishi mumkinligiga ishonadi.

"Gulnora Karimova, nima degandayam, hozirgi prezidentning qizi. Qonun bo‘yicha unga hukm chiqarish yoki hukmgacha tergov izolyatoriga olib borish kerak bo‘ladi. Bu ayollar qamoqxonasi bo‘lishi mumkin. Lekin, uning xavfsizligi degan masala bor. Prezident qizining jinoyatchi ayollar bilan qanday kun o‘tkazishini tasavvur qilish qiyin, har narsa bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Biroq, uning aytishicha, prokuratura avvaliga uning gumondor ekanini e‘lon qilib, so‘ng uzoq sukut saqlayotgani noto‘g‘ri.

"Bu gapirilishi kerak. Agar tergov bo‘layotgan bo‘lsa, u tergov qachon tugaydi? Mana bir necha yil bo‘layapti, hech narsa deyilmayapti. Unga jinoiy ish qo‘zg‘atilganmi, qaysi moddalar bo‘yicha? Hech qanday oshkoralik yo‘q. Sud bo‘lishi kerak", - deydi huquqshunos.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio