O‘zbekistonda ov qilishga kimning haddi sig‘adi?

 O‘tgan yil sentyabr oyi oxirida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri hamda Dubay amiri hisoblangan Muhammad bin Rashid al Maqtum O‘zbekistonda ov qilgani xabarlari tarqalgan edi Image copyright none
Image caption O‘tgan yil sentyabr oyi oxirida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri hamda Dubay amiri hisoblangan Muhammad bin Rashid al Maqtum O‘zbekistonda ov qilgani xabarlari tarqalgan edi

O‘zbekistonda 2015 yilning birinchi yarmida yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun 135 ta, yovvoyi hayvonlarni mamlakatga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish bo‘yicha 334 ta ruxsatnoma berilgan.

Podrobno.uz internet nashrining yozishicha, mazkur raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan 29 iyul kungi yig‘inida e‘lon qilingan.

Ammo, bu boradagi hisobotda aynan qaysi turdagi yovvoyi hayvonlar ov qilingani va buning uchun kimlarga ruxsat berilgani ochiqlanmaydi.

Ma‘lumki, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan hayvonot va qushlar dunyosi mavjud.

Butunlay yo‘q bo‘lib ketish tahdidi ostida bo‘lgan muayyan turdagi hayvonlarni ov qilish esa, qonun yo‘li bilan taqiqlangan.

Shunga qaramay, Markaziy Osiyoda ov qilish xorijlik ishqibozlarni ham o‘ziga tortishi sir emas.

O‘tgan yil sentyabr oyi oxirida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri hamda Dubay amiri hisoblangan Muhammad bin Rashid al Maqtum, merosxo‘r shahzoda Hamdam bin Muhammad al-Maqtum va ularning qator ayonlari O‘zbekistonda ov qilgani xabarlari tarqalgan edi.

Internet nashrlari O‘zbekistonda lochin ovi merosxo‘r shahzodaning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri ekani haqida yozishgan.

Shahzoda va ovning boshqa ishtirokchilari Instagram tarmog‘idagidagi O‘zbekistondagi ov jarayonlaridan hikoya qiluvchi juda ko‘p foto va videosuratlar turli internet sahifalarida qayta bosilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisobotida ayni boradagi qonunchilikni buzganlardan 1804,3 million so‘m undirilgani yoziladi.

Aytilishicha, noqonuniy ovchilardan 138 ta ov quroli va 1128 ta to‘r olib qo‘yilgan.

Bi-bi-si O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan bog‘landi va noqonuniy ov qiluvchilar kimlar bo‘lishi, yovvoyi hayvonlarni ov qilish borasida aynan kimlar qiziqib, ruxsat so‘rashi, ruxsatnomalar qay tartibda berilishi borasida so‘radi.

Qo‘mita matbuot xizmati xodimlari esa, savollarimizni javobsiz qoldirishdi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio