Boburning "maxfiy vasiyatnoma"si

Xayrulla Ismatullayev

Image copyright bbc
Image caption Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z vasiyatida o‘g‘li Humoyunni totuvlikda yashashga chaqirgan

Buyuk insonning bu dunyodan ko‘z yumishi ham ikir-chikirlardan, mayda-chuyda ta‘malardan xoli bo‘ladi. Buyuk inson umrining so‘nggi daqiqalarini ham buyuklik bilan yakunlaydi. Bu borada ham Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z avlodlariga o‘rnak bo‘larli bir ish qilib ketgan ekan. "Boburnoma"ning "To‘qqiz yuz o‘ttiz oltinchi (1529) yil voqealari" bobida o‘g‘li Humoyun qattiq kasal bo‘lib qolganida, bo‘lib o‘tgan bir voqea keltiriladi:

"Muhammad Humoyunga... ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur... Tabiblar har necha doru darmon berdilar, yaxshi bo‘lmadi. Mir Abulqosimkim, ulug‘ kishi erdi, arzga yetkurdikim, ushmundoq dardlarga darmon budurkim, yaxshi nimarsalardnn tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri taolo sihat bergay. Mening ko‘nglimga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin o‘zga yaxshiroq kimarsasi yo‘q. Men o‘zum tasadduq bo‘layin, xudoy qabul qilsun... Uch qatla boshidin o‘rgulub, dedimkim, men ko‘tardim harne darding bor. O‘shal zamon men noxush bo‘lub yiqildim, ul yengil bo‘ldi. Ul sihat bo‘lub qo‘pti. Men noxush bo‘lub yiqildim. A‘yoni davlat va arkoni mamlakatni chorlab, bay‘ati qo‘llarini Humoyunni(ng) qo‘liga berib, joyinishinligiga va valiahdligiga nasb qildim. Va taxtni anga topshurdum. Va Xoja Xalifa va Qanbar Alibek va Turdibek va Hindubek va o‘zga xaloyiq ham bu nasoymida bor erdilar, borisi qabul qilib, band bo‘ldilar".

"Boburnoma"ni ko‘chiruvchi kotibning yozishiga qaraganda, "to‘qqiz yuz o‘ttiz yettida jumodil-avval oyining oltisida chahorbog‘dakim, o‘shul podshoh o‘z qo‘li bilan obod qilib erdi, holi mutag‘ayyir bo‘lub, bu olami bevafoni padrud qildi".

Bobur mirzo vafotiga tarix aytuvchilar o‘sha vaqtlarda ko‘p bo‘lgan. Mavlono Shihob keltirgan tarix saqlanib qolgan: "Humoyun bud vorisi mulki vay" ("Humoyun uning mulki merosxo‘ridir".)

Hind olimlari orasida bu voqeaga, ya‘ni Humoyunning tuzalib ketishi va Boburning kasallanib qolishi voqeasiga qarashda yakdillik yuq. Ayrim tarixchilar, masalan, professor Sri Ram Sharma o‘zining "Kalkutta Revyu" jurnalida bosilib chiqqan maqolasida bu voqeaning bo‘lganligiga shubha bildiradi. Uning aniqlashiga qaraganda, Bobur Humoyun sog‘ayganidan olti oy keyin kasallangan.

Boshqa bir hind professori, Ollohobod universiteti tarix bo‘liminnng sobiq boshlig‘i R. P. Tripatining bu xususdagi kuzatishlari haqiqatga yaqin keladi, "Mo‘g‘ul saltanatining rivoji va inqirozi" nomli kitobida professor R. P. Tripatining aniqlashicha, Humoyun Badaxshondan 1529 yil iyun oyida qaytib kelgan, 1530 yil mart oyida u kasallanib qolgan, Bobur bo‘lsa, o‘sha yil aprel oyida kasallangan, Humoyun esa sog‘aygan. Boburning kasali 1530 yil iyul oyida kuchaygan va o‘sha yil 26 dekabr kuni buyuk Bobur dunyodan ko‘z yumgan.

1529 (936 hijriy) yili Humoyun sog‘ayib, Bobur mirzo kasallanib qolganidan keyingi voqealar "Boburnoma"da berilmaydi. Bu mashhur asar yuqorida keltirganimiz voqealar tavsifi bilan uzilib qoladi. 1530 (937 hijriy) yilgacha sodir bo‘lgan Bobur bilan bog‘liq voqealar haqida biz kamgina ma‘lumotga egamiz.

"O‘z hayotini ham farzandi Humoyunga berishga tayyor bo‘lgan ota biror yozma vasiyat qoldirmaganmikin?" - degan savolga o‘zimiz mantiqdan kelib chiqib, "Albatta, biror yozma vasiyat qoldirgan bo‘lishi kerak", degan taxminni keltirardigu, bu taxminimizni biror dalil bilan isbotlay olmas edik.

Buning birinchi sababi, sho‘ro davrida oyoq-qo‘limiz bog‘langanligida edi, chet mamlakatlar kutubxona, hujjatxonalariga erkin bora olmaganimizda, xorijdagi hamkasblarimiz bilan mustaqil, birovning tazyiqisiz fikr almasha olmaganimizda edi. Endi ahvol butunlay o‘zgardi.

So‘nggi bir necha yil mobaynida men Hindiston, Pokiston, Eron va boshqa sharq mamlakatlarida Bobur haqida yozilgan asarlar nusxalarini to‘plashga harakat qildim.

Shu ish bilan band bo‘lingan bir vaqtda Hindistonda Boburning o‘g‘li Humoyunga yozma ravishda qoldirgan "Maxfiy Vasiyatnoma"si saqlanayotganligi ma‘lum bo‘ldi.

Bu "Maxfiy Vasiyatnoma" 935 hijriy yili jumodil-avval oyining birinchi kuni (melodiy 1529 yil 11 yanvarda) Bobur Agra yaqinidagi Nilufar Bog‘ida turganida yozilgan ekan.

Hozir bu yer Hindistonning Rajaston shtatiga qaraydi.

"Maxfiy Vasiyatnoma" o‘ng tomonida doira ichida Boburning "933. Podishoh Bahodir g‘oziy Zahiriddin Muhammad Bobur" deb naqshlangan muhri ham berilgan.

Bobur shohning o‘g‘li shahzoda Humoyunga qoldirgan bu vasiyatnomasi Hindistonni boshqarishga oid o‘git-maslahat, yo‘l-yo‘riqlardan iborat bo‘lgani uchun ham u maxfiy sanalgan va "Maxfiy Vasiyatnoma" deb yuritilgan.

Bir qator boburshunos olimlar Boburning yozma vasiyatnomasi bo‘lganligini o‘z ishlarida qayd etib kelganlar. Bu vasiyatnoma bilan hind professorlari Sayyid Ross Ma‘sud, H. K. Shervaniy hamda Jaypurdagi Rajaston universiteti professori, tarixchi olim R.E. Nath tanish bo‘lganlar.

Biz quyida vasiyatnomaning o‘zbekcha tarjimasini keltiramiz. Vasiyatnomaning asl nusxasini Toshkentdagi jurnallardan birida chop ettirsak ajab emas, chunki Bobur mirzoning vasiyatnomasi ham o‘zbek xalqining mulki bo‘lib qolishi lozim.

Bu vasiyatnoma fors tilida yozilgan bo‘lib, u quyidagicha boshlanadi:

Image caption Boburning o‘g‘li Humoyunga yozgan vasiyati

"933 hijriy yil Podishohi Bahodir g‘oziy 3ahiriddin Muhammad BOBUR Alhamdilillah

Vasiyat nomai mahfiye 3ahiriddin Muhammad Bobur Podishohi g‘oziy ba shahzoda Nasiriddin Muhammad Humoyun tula omra

Ba istehkome Sultonat naveshta shud. Ay farzand, mamlakati Hinduston az mazohibi muhtalifa ma‘mur ast..."

* * *

Bobur "Vasiyatnoma"sining tarjimasi:

"933 hijriy yil Podishohi Bahodir g‘oziy 3ahiriddin Muhammad BOBUR Alhamdilillah

Sultonatning mustahkam bo‘lishi uchun bu maxfiy vasiyatnoma tuzildi. Ey farzandim, Hindiston mamlakati turli mazhablardan ma‘mur bo‘lgan. Alloh taolo Sizga buni karomat etdi. Siz mazhablarni yomon ko‘rishdan dilingizni pok tuting. Har mazhabning tariqasiga (yo‘liga) adolat qiling. Xususan, Hindistonning qalbini qo‘lga kiritaman desangiz, sigir so‘ymoqdan o‘zingizni tiying. Bu yaxshiligingiz evaziga shu viloyat xalqining qalbi Sizga yaqin bo‘ladi. Qo‘lingiz ostidagi har qavmning ibodatgohlarini va muqaddas joylarini xarob etmang. Shunday odillikni ixtiyor qilingki, podishoh ra‘iyatdan va ra‘iyat podishohdan osuda bo‘lsin. Islomning taraqqiyoti ehson qilichidan yaxshiroq bo‘ladi, zulm tig‘idan emas. Sunniy va shia o‘rtasidagi janjallardan ko‘zingizni yuming. Agar bundan ko‘z yummasangie, islom zaiflashishi mumkin. Ra‘iyatdagi turli qalblarni arbaai anosir (to‘rt unsur) bilan mahkam tuting. Saltanatning jismi turli marazlardan tinch bo‘lsin.Podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini ko‘z oldingizda tuting.

Va mo allayno illal balag‘ ("va bizning burchimiz faqat aniq payom etishdir" Surai Yosin).

Birinchi jumodiy ul avval 935 [hijriy yili]"

Bobur faoliyatiga oid bir qator tadqiqotlar yaratgan hind tarixchisi, Jaypurdagi Rajaston universitetining tarix professori R. Nathning fikriga ko‘ra, o‘zining 47 yillik umrining 36 yilini jangu jadallarda o‘tkazgan Bobur aslida osoyishtalik, tinchlik odami edi. U to‘g‘riso‘z, haqiqatgo‘y solnomachi, "Boburnoma" muallifi, bizning davrimizgacha ikki devoni yetib kelgan ajoyib shoir, tabiat oshig‘i, go‘zal bog‘-rog‘lar yaratuvchisi, va hammasidan ham muhimrog‘i, gumanist edi. O‘zi sunniy mazhabidagi musulmon bo‘lsa-da, diniy aqidalarga yopishib olmagandi.

Shu bois hindlar unga "Qalandar" nomini berishgan bo‘lgan. Butun hayoti mobaynida u san‘at, she‘riyat, musiqa va rasmchilikka nisbatan hur fikrlikni saqlab keldi. Unda hech vaqt man‘ etishlar bo‘lmagan. Bobur boshqa dindagilarga nisbatan tinch-totuv yashash, sabr-bardoshli bo‘lish, diniy ishlariga aralashmaslik siyosatini qo‘llagan. U yerli xalqning diniy e‘tiqodlarini hurmat qilgan. Uning 1529 yil 11 yanvarda Dholpur yaqinidagi "Bog‘i Nilufar"da turganida o‘g‘li Humoyunga atab yozgan maxfiy vasiyatnomasi bunga yorqin misol bo‘ladi.

Bu "Maxfiy Vasiyatnoma" nasta‘liq xatida yozilgan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, qog‘oziga oltin suvi purkalgan bo‘lgan hamda qog‘ozning hoshiyalariga gulli bezaklar ishlangan.

Hozirgi kunlarda Boburning vasiyatnomasi Bhopal Davlat Kutubxonasida saqlanadi.

Vasiyatnoma fotonusxasini birinchi bo‘lib kutubxona mudiri B. Goshal olib, janob Said Ross Ma‘sudga yuborgan.

Bobur mirzoning qanday inson bo‘lganligini o‘g‘liga qaratilgan uning "Maxfiy Vasiyatnoma"si ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi.

Buyuk Bobur qoldirgan vasiyatnomaning o‘z xalqiga qaytib kelishi tasodifiy bir hol bo‘lmasa kerak.

Bobur mirzoning "Maxfiy Vasiyatnoma"sidagi "podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini ko‘z oldingizda tuting" degan so‘zlari faqatgina o‘g‘li Humoyunga nisbatan emas, balki bugungi kunlarda mustaqillikni qo‘lga kiritgan o‘z xalqiga qarata aytilgan vasiyatdek jaranglayapti.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq