"O‘zbek yoshlari bilan bog‘liq muammolar og‘riqli"

Image caption "Hozirgi yoshlar, hozirgi yoshlar..."

Yaqinda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida Madaniyat, ta‘lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha majmua ikkiga bo‘lingani xabar qilindi.

“Gazeta.uz”ning hukumatdagi manbalariga tayanib yozishicha, prezident farmoni asosida Sog‘liqni saqlash, ekologiya va insonlar hayoti sifati, shuningdek, Yoshlar siyosati, ta‘lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha bo‘limlar tashkil qilingan.

Yoshlar siyosati, ta‘lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha majmua rahbari hamda tegishli ravishda bosh vazir o‘rinbosari etib Bahodir Hodiyev tayinlangan.

O‘zbekistonda bundan oldin ham yoshlar bilan ishlaydigan "Umid", "Kamolat" kabi tashkilotlar faoliyat qilgan.

Gulnora Karimova yetakchiligidagi Fond Forumning qator loyihalari ham yoshlarni qamrab olgandi.

Biroq, tahlilchilar mazkur tashkilotlar ta‘sirida yoshlarning jamiyat va siyosatdagi mavqei haminqadar ortgani haqida gapiradilar.

O‘zbekistondan mustaqil jurnalist Saodat Omonovaga ko‘ra, tashkil qilinadigan muassasalar targ‘ibotdan nariga o‘tmasligi ularning faoliyati ko‘pda samarasiz yakun topishiga olib keladi.

"Ko‘proq umumiy gap, tadbirbozlik bo‘lganidan keyin bunday tashkilotlar samara bermaydi. Lekin, nazarimda, Gulnora Karimovaning loyihalari muvaffaqiyatli bo‘lgandi. Ancha bolalar grant asosida o‘qishga kirishgandi. Qaysidir ma‘noda o‘z ishlarini ochishga yo‘l qo‘yib berilgandi. Lekin, bu ishlar ham yopilib ketdi. Keyin samara bermasligining asosiy sababi - so‘zda hamma narsa zo‘r. Lekin, korruptsiya bor ekan... "Umid" nimaga yopilib ketdi? "Umid"chilar O‘zbekistonga qaytib kelganlaridan keyin ish topisha olmadi va xorijga qaytib ketishdi. Bu holat, albatta, tepada o‘tirganlarga yoqmadi. Asosida korruptsiya, ishsizlik yotadi-da", deydi Saodat Omonova.

Bugun O‘zbekistonda yoshlar siyosati bilan shug‘ullanuvchi alohida majmuaning tashkil qilinishiga yoshlar bilan bog‘liq muammolarga jiddiyroq qaralayotgani alomati sifatida qarash to‘g‘rimi?

Jurnalist Saodat Omonova ba‘zi yoshlarning Suriya va Iroqdagi o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruhlar saflariga qo‘shilib ketayotgani ham masalaga jiddiy qarash zaruratini tug‘dirgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Menimcha, shunday. O‘sha ID saflariga qo‘shilish biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi... Bu yoshlarga bo‘lgan e‘tiborning sustligi, ularni ish bilan ta‘minlash yoki boshqa masalalarda ham befarqlikning natijasi, deb o‘ylayman", deydi jurnalist.

Shuningdek, jurnalist O‘zbekistondagi iqtisodiy ahvol, ishsizlik, ko‘plar ish izlab vatanni tark etgani, ortda qolayotgan bolalar esa, ota-onadan yiroqda o‘sayotgani yoshlar bilan bog‘liq qator muammolar ortidagi sabablar sifatida sanaydi.

"Bu og‘riqli, juda ham og‘riqli nuqta. Ish bilan ta‘minlanmagani uchun ko‘p yo‘llarga kirib ketadi-da, yoshlar. O‘g‘rilik, deysizmi, boshqa deysizmi? Davlatning o‘zi shunga jiddiy e‘tibor qaratmas ekan, bu muammo bartaraf etilmaydi. Ko‘p bolalarning ota-onalari chetda hozir, Rossiya, boshqa joylarda ishlashyapti. Bolalar o‘zi bilan o‘zi qolgan. Buvisi, bobosining qo‘lida qolgan. Internetda o‘tirishadi... u yerda turli behayo filmlarni tomosha qilishyapti. Faqat o‘yin. Bunaqa o‘yinlar bilan hayot bo‘lmaydi-da. Hayotda pastu-balandliklar borligini ota-ona, maktab tushuntira oladi-da".

Suhbatni to‘liq tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Siz bu haqda nima deysiz?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio