Amerika mahkamasi “Sovet tolibi”ni aybdor deb topdi

Image copyright AP
Image caption Hamidullin Afg‘onistonda qo‘lga olingan va ishi fuqarolik mahkamasida ko‘rib chiqilgan birinchi harbiy tutqun bo‘lgan.

AQShning Virjiniya shtati Richmond shahri mahkamasi hakamlar hay‘ati Sho‘ro armiyasining sobiq zobiti Irek Ilgiz Hamidullinni 2009 yili Amerika qo‘shinlariga hujum qilgan Tolibon jangarilariga rahbarlik qilishda aybdor deb topgan.

Hakamlar 55 yoshli Hamidullin unga qo‘yilgan 15 ta bandning hammasi, shu jumladan, “terrorchilarni material yordam bilan ta‘minlash” moddasi bo‘yicha aybdor degan qarorga kelganlar.

Hamidullin Afg‘onistonda qo‘lga olingan va ishi fuqarolik mahkamasida ko‘rib chiqilgan birinchi harbiy tutqun bo‘lgan.

Hamidullinning o‘zi mahkamada ko‘rsatma bermagan.

U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni bo‘yniga olmagan.

Uning ustidan hukmning 6 noyabrda e‘lon qilinishi kutiladi.

Hamidullinni umrbod qamoq jazosiga hukm etishlari mumkin.

Hakamlar hay‘ati guvohlarning besh kunlik ko‘rsatmasi va tomonlarning sakkiz soatlik muhokamalari ortidan bir qarorga kelganlar.

Irek Hamidullin 1980 yillarda Afg‘onistonga Sho‘ro armiyasi tank qo‘mondoni sifatida yuborilgan bo‘lgan.

Shu bilan Afg‘onistonda qolib ketgan va keyinroq Tolibon safiga qo‘shilgan.

2009 yili Afg‘on chegara xizmati va amerikalik harbiylarga hujum qilganidan keyin asirga olingan.

Hamidullinni AQShga yuborishlaridan oldin Afg‘onistondagi Bagram havo bazasida besh yil asirlikda saqlashgan.

Sobiq sho‘raviy zobitning Sirojiddin Haqqoniy guruhiga qo‘shilgani va jangarilarga rahbarlik qilgani aytilgan.

Mahkama payti qoralov tomoni aytishicha, Hamidullin Afg‘onistonning Xost viloyatida joylashgan Leyza jamlog‘iga hujum qilgan isyonchilarning uchta guruhiga qo‘mondonlik qilgan.

Hujumga javoban Amerika tikucharlari yuborilgan.

Hamidullin esa tikucharlarni zenit pulemyotlari va boshqa avtomat qurollardan urib tushirishga buyruq bergan.

O‘zi ham AQSh qo‘shinlariga qarata avtomat quroldan o‘t ochgani aytilgan mahkamada.

Mahkama payti Hamidullinning advokatlari unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarning bekor qilinishiga muvaffaqiyatsiz harakat qilganlar, uning harbiy tutqun ekani va shuning uchun mahkamasi fuqarolik sudida ko‘rib chiqilmasligi kerak deya ta‘kidlaganlar.

Bi-bi-si muxbirlari yozishicha, Hamidullin ustidan tashkil qilingan mahkama bilan Prezident Obama ma‘muriyati terrorizmda gumon qilingan shaxslarning ishini fuqarolik mahkamasida ham ko‘rib chiqish mumkinligini isbotlamoqchi bo‘lgan.

Amerika matbuoti yozishicha, AQSh tomoni Irek Hamidullinni Rossiyaga jo‘natish masalasini ko‘tarib ham chiqqan, biroq Rossiya tarafi biror bir qiziqish bildirmagan.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio