"Qizini esdan chiqarib 150 kilometr yo‘l yurishdi"

Image copyright AFP

Dengiz sohiliga yo‘l olgan oila uch yashar qizalog‘ini dam olish joyida qoldirib 150 kilometr yo‘l bosishdi.

Shunda ham faqat radio orqali bir qizcha topilgani haqidagi xabarni eshitganlaridan keyingina mashina ichida qizlari yo‘qligini bilib qolishdi.

Frantsiyada istiqomat qiladigan oila katta avtotrassa bo‘ylab yakshanba kuni ertalab yo‘lga chiqqan, ular mamlakat janubidagi Marsel sohillarida dengizda dam olishga qaror qilganlar.

Tushga yaqin yo‘lda to‘xtab dam olishga qaror qilganlar.

Valans shahridan janubroqda, katta yo‘l chetidagi Bras de Zil degan joyda haydovchilar hordiq joyida to‘xtaganlar.

Tushlik ovqatni yeb bo‘lganlaridan keyin mashinaga o‘tirib yana yo‘lga tushganlar.

Uch yashar qizaloqning bir o‘zini ko‘rgan boshqa bir oila a‘zolari esa u bilan savol-javob qilganlar.

Va xayoli parishon ota-onaning qaytishini kutganlar.

Oradan ikki soatcha o‘tib ham yo‘qolgan qizni izlab hech kim kelavermagach, haligi oila politsiyaga xabar berishga majbur bo‘lgan.

Image copyright BBC World Service

Politsiya kelib "sizlar qayerga borayotgan edinglar", deb so‘raganida, qizaloq dengiz sohiliga yo‘l olganlarini aytgan.

"Sen bilan birga yana kim bor edi?", degan savolga akasi va singlisi ham bo‘lganini aytgan.

"Ular qani?", degan savolga esa "otamni mashinamizni haydab ketayotganini ko‘rdim", deya javob qaytargan.

Politsiya avtotrassa radio kanali orqali xabar tarqatgan va otasining politsiyaga bog‘lanishini so‘ragan.

Bu paytda ota-onasi esa janubga qarab 150 kilometr yo‘l yurib, Oks-en-Provensga ham yetib qolgan edi.

Radio orqali e‘lonni eshitib mashina ichiga yaxshiroq razm solgan kattalar qizlari qolib ketganini anglaganlar.

Oradan yana ikki soatlar o‘tganidan qizcha ota-onasi bilan ko‘rishgan.

Mahalliy prokurorlar bu ota-onaga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish kerakmi yoki yo‘qmi deya bosh qotirmoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio