Bu nima, qalampirli huqnami?

Huqna(klizma) uchun mo‘ljallangan rezina noksimon ballonchalarga qalampirnusxa naqsh solinib savdoga chiqarilgani ayrim Facebook foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Facebook foydalanuvchilari O‘zbekiston dorixonalarida tasvirga olingan fotosuratlarni e‘lon qilganlar.

Unda huqna purkagichlarning karton qutisidagi suratda O‘zbek do‘ppilaridagi qalampirnusxa naqsh aks etgan.

Biroq huqna purkagichlarni ishlab chiqarayotgan Chori Plast shirkati mahsulotlarining o‘zida naqsh ko‘rinmaydi.

Bu faqat karton qutida aks etgan huqna purkagichda aks etgan surat.

Facebook foydalanuvchisi Aleksandr Suchkovni milliy iftixor ramzi hisoblangan naqshni purkagichda qo‘llaganlari g‘azablantirgan.

"Bu "pop_etno" art uslubidagi huqnami??? Vatanimizdagi Chori Plast shirkati rahbarlari va dizayneri tanasining qaysi joyi bilan o‘ylaganlari menga tushunarsiz... Ehtimol hatto Intellektual mulkni muhofaza qilish agentligidan savdo belgisi ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlaydigan guvohnomani ham qo‘lga kiritgandirlar... Biroq men ularning miyalariga tozalash huqnasini qilgan bo‘lardim. Do‘ppi(mayka, do‘ppibolkalar) bilan O‘zbekistonni sevishga chaqirish boshqa, milliy ma‘naviy merosni huqna purkagichda aks ettirish boshqa. Ranjidim. Bu narsalarni bosh orqali emas, orqadan kirgizmoqchi bo‘layaptilarmi", deb yozgan Aleksandr Suchkov.

O‘zbekistonlik taniqli rassom Vyacheslav Oxunov, Aleksandr Suchkovning bu fikrini to‘la qo‘llab-quvvatlayman, deydi.

"Ammo O‘zbekistonimizda milliy naqshlarni ishga solib be‘mani ishlarni qilib boshlaganlariga ancha bo‘ldi. Bu bilan haqiqiy san‘at ustalari emas, o‘zlarini dizayner deb hisoblaydigan san‘atdagi o‘tginchilar shug‘ullanmoqdalar", deydi Vyacheslav Oxunov.

Uning fikricha, milliy qadriyatlarni ulug‘lash maqsadida deb qilinayotgan ishlar O‘zbekistonda ba‘zi hollarda teskari natija bermoqda.

Milliy atlasdan ayollar ichki kiyimi, kastryulga ishlangan naqshlar ham milliylikni targ‘ib qilish deya taqdim qilinayapti, deydi Vyacheslav Oxunov.

Do‘ppilardagi naqshni kimdir qalampir, kimdir esa bodom deb talqin qiladi.

Bu ramz dunyoning ko‘plab xalqlarida, ko‘plab mamlakatlarida foydalanib kelingan, eng mashhuri "in" va "yan", ya‘ni zamindagi mavjudlik intihosizligining ramzi, deydi Vyacheslav Oxunov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio