Ukraina uchoq falokati joyidan "Rossiya raketasi qoldiqlari topildi"

Image copyright AP

Gollandiyalik tergovchilarning aytishlaricha, Ukrainada MH17 parvozi qulagan hududdan Rossiyaning "Buk" zenit-raketa kompleksiga tegishli ekani shubha qilingan qismlar topilgan.

Tergovchilarga ko‘ra, bu topilma fojea ortida kim turganini aniqlashga yordam berishi mumkin.

Samolyot qulagan joyda topilgan qismlar va boshqa jihozlar hozirda Gollandiyada Naqliyot xavfsizligi kengashida saqlanmoqda.

Tergovga qurollar bo‘yicha mutaxassislar ham jalb qilingan va ular endilikda raketa qoldiqlari va fojea o‘rtasida bog‘liqlik bor yo yo‘qligini aniqlashga urinadilar.

MH17 o‘tgan yil iyulida Rossiyaparast isyonchilar nazorati ostidagi Donetsk viloyatida qulashi oqibatida undagi 298 odamning bari halok bo‘lgandi.

Nobud bo‘lganlar orasida 283 yo‘lovchi, xususan 80 bola, shuningdek, 15 ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Talafotlarning uchdan ikki qismi Gollandiya fuqarolari bo‘lgan, o‘ndan oshig‘i malayziyalik, qolganlari esa Avstraliya fuqarolari edi.

Ukraina va ko‘plab G‘arb davlatlari Rossiyaparast isyonchilarni Rossiya tomonidan berilgan "Buk" yordamida Malayziya Havo Yo‘llariga tegishli bo‘lgan uchoqni urib tushirishda ayblashgan.

Rossiya va isyonchilar bu ayblarni rad etishadi va fojeaga Ukraina armiyasi sababchi ekanini aytishadi.

Tergovga Gollandiya, Ukraina, Belgiya, Malayziya va Avstraliya vakillari jalb qilingan.

Ularning yakuniy hisoboti oktyabrda chop etilishi kutiladi.

Ikki hafta avval Rossiya fojea borasida xalqaro tribunal tuzish bo‘yicha rezolyutsiya qaroriga qarshilik ko‘rsatib, xalqaro tanqidlarga uchradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio