"Ko‘l ostidan kolyaskadagi go‘dak ham topildi" - Urganch fojeasi guvohlari

Shanba kuni Urganchdagi kontsert davri yuz bergan fojeaning guvohlari bu mash‘um hodisani BBCga tasvirlab berishdi.

"Bu kontsertni bir hafta reklama qilishdi. Bizda 8TV degan chastny kanal bor, shunda bir hafta davomida "Navro‘z Sobirovning kontserti bo‘ladi, bepul, hayriya tadbiri", deyishdi. Odam juda ko‘p keldi tekin bo‘lgani uchun, butun viloyat, va hatto Qoraqalpog‘istondan odamlar kelishgandi.

Men ham o‘g‘lim bilan bordim. Odam tiqilinch edi. O‘rtadagi orolchada amfiteatr bor. Kontsert shunda bo‘ldi. Unga darvozani ochishlari bilan odamlar o‘ta boshladi, o‘g‘lim ham o‘tib ketdi.

Men tashqarida qoldim, ko‘lning qirg‘og‘ida turib tomosha qilaman, dedim.

Navro‘z Sobirov hali endi uchtacha qo‘shiq kuylagandi, birdaniga "Taaaars" degan ovoz eshitildi. Qarasam, ko‘prikdan odamlar dupur-dupur suvga yiqilyapti. Birovni ushlab qolay deganlari boshqalarini ham o‘zi bilan tortib suvga tushib ketyapti. Ayollar, yoshlar, bolalar.

Qiy-chuv ko‘tarildi, chekkada turgan yoshlar va erkaklar suvga sho‘ng‘ib, u yerdagi odamlarni qutqara boshlashdi. Qutqarganlaricha, qutqarishdi, ancha odamni olib chiqishdi.

Hech kim qutqarmadi, degan gaplar yolg‘on. Odamlar qo‘lidan kelganicha qutqarishdi suvdagilarni. Lekin u yerda yosh bolalar ko‘p edi.

Biz so‘ng uyga qayta boshladik. Olomon orasida ba‘zilar jahli chiqqandi. Navro‘zni tutamiz deb uning Kaptiva mashinasiga hujum qilishgan va mashinasini ag‘darib tashlashgan".

Tunda davom etgan qutqarish ishlarida qatnashgan mahalliy kishilardan biri ham BBCga o‘zi guvohi bo‘lgan tafsilotlarni gapirib berdi.

"Vodolazlar tuni bilan o‘lganlarni qidirishdi. Lekin, asosan yosh bolalar, 1-2 yoshli go‘daklarning o‘ligi chiqdi. Bir go‘dak hali ham kolyaskasiga bog‘langan holda topildi.

Ular ustiga yiqilgan odamlarning og‘irligidan oyoq ostida qolib ketishgan, shekilli.

Ko‘lning osti botqoq. Kolyaskasi bilan botqoqqa botib qolgan ekan.

Bir xaltaga suvga tushib ketgan odamlarning kiyimlari va oyoq kiyimlarini yig‘ishganini ko‘rdim.

Ko‘prikdagi zaborning 20 metrcha qismi singan ekan, uni darrov qayta qurishdi tunda. Unda quruvchilarni ayblash noto‘g‘ri, uncha yukni hech qanday zabor ko‘tara olmasdi baribir.

Navro‘z Sobirovning kontsertiga o‘zi odam juda ko‘p keladi. Uch yil avval ham Urganchdagi stadiondagi kontsertida odam tiqilib ketganidan zabor tushib ketib, bir xotin o‘lgandi.

O‘shanda Navro‘zning o‘zi "Mana meni kontsertimga qancha odam keladi, odam ko‘pligidan arganaklar (panjaralar) ham sinib ketdi" deb maqtanib intervyu bergandi".

Birinchi guvohning aytishicha, o‘lganlar orasida yosh er-xotin ham bor edi.

"Ular 3-mikrorayonda turishar ekan. Ikkovi ham 1989-yilda tug‘ilgan ekan. Kelin birinchi farzandiga homilador bo‘lgan, tug‘ishiga oz qolgandi deyishayapti.

Bosh vazir Mirziyoyev ularning uyiga ta‘ziyaga boribdi.

Biz ko‘lga juda yaqin turamiz. Hozir atrofini o‘rab qo‘yishgan. Bilmaymiz nima bo‘ladi endi. U juda katta ko‘l, quritib bo‘lmasa kerak..".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio