Qirg‘izistonning OIIga a‘zoligi boshlandi

Image caption 12 avgustda Qirg‘izistonning Ovroosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish shartnomasi kuchga kirgan

Qirg‘izistonning Ovroosiyo Iqtisodiy ittifoqiga kirishi munosabati bilan, Qozog‘iston bilan chegarada 14 nazorat turi bekor qilingan.

Radiatsiya, giyohvandlik va qurol-yarog‘ bo‘yicha tekshiruvlar saqlanib qolgan.

"Oq Jol" nazorat-tekshiruv maskanida ikki davlat rahbarlari ishtirokida Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegaralarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

"Shartnomaning kuchga kirishi bilan, 7 avtomobil chegara posti, 1 temir yo‘l chegara maskanida bojxona nazorati bekor qilindi. Chegaradan o‘tuvchi fuqarolar va texnikalar fitosanitar, karantin, bojxona va boshqa 14 ta tekshiruvlardan ozod bo‘ldi. Faqat radiatsiya nazorati va chegara tekshiruvi qoldi", deb aytgan Qozog‘iston Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Bo‘riboyeva.

Unga ko‘ra, chegaradan o‘tayotgan yuklar radiatsiyaga tekshiriladi, fuqarolar qurol-yarog‘, giyohvand va portlovchi moddalar bo‘yicha nazoratdan o‘tkaziladi.

Ayni paytda Qozoq-Qirg‘iz chegarasida jami sakkizta nazorat nuqtalari bor.

Nursulton Nazarboyev va Almazbek Atambayev uchrashuvida Ovroosiyo integratsiyasi masalalari va Qirg‘izistonning ittifoqqa qo‘shilishi bilan yo‘l qurilishi, turizm, investitsiya va ishlab chiqarish haqida ikkitomonlama munosabatlarning yangi shartlari muhokama etilgan.

Janob Nazarboyev "Davlatlarimiz o‘rtasida chegaralarning ochilishi ulkan voqea. Bu xalqlarimizni yaqinlashtiradi, biznes yuritishni osonlashtiradi", degan bo‘lsa, Atambayev "Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida shlagbaum bo‘lmasligi kerak" deya ta‘kidlagan.

12 avgustda Qirg‘izistonning Ovroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish shartnomasi kuchga kirgan.

Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, endi Qirg‘iziston ham Ovroosiyo Ittifoqining a‘zolari sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio