Pokistondagi uyg‘urlar o‘z madaniyatlarini qanday asrashmoqda

Image caption Insa Xon Shinjonni tashlab chiqqanida yosh bola edi, biroq hali ham Pokistonda o‘zini begona his qiladi

Insa xon 1949 yilda ota-onasi bilan Shinjondan chiqqanida juda kichkina bola edi, biroq u safar xotirasida qattiq muhrlanib qolgan.

Yuklari ortilgan eshak bilan qorli tog‘lar orqali o‘tishga rosa 50 kun ketgan o‘shanda.

"Shinjon Qashg‘ari kommunistik Xitoyning bir qismiga aylangach, mening ota-onam uni tashlab chiqishga majbur bo‘lganlar", deya hikoya qiladi u.

"Men juda yosh edim, u paytning siyosatini hali tushunmasdim", deydi u uyg‘ur odatlariga binoan dasturxon atrofida o‘tirib suhbat qilinar ekan.

Insa hozir 71 yoshda va hayotining katta qismini Pokiston shimolidagi Gilgitda yashab keladi.

Musulmon sifatida u diniy erkin.

Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi mustahkam aloqalar tufayli u Shinjondagi qarindoshlarinikiga bora oladi.

Lekin hech qachon uyiga butunlay qaytish haqida o‘ylamagan.

"Bu yer endi mening uyim", deydi Insa. "Men nima uchun qaytishim mumkin?"

Bu qat‘iylikka qaramasdan, u o‘zini qabul qilgan yurtda begonadek his qiladi.

Bir piyola choy ustida u ba‘zi odamlar uning yerini noqonuniy egallab olganlarini so‘zlaydi.

"Ular pokistonlik, men esa muhojirman, shuning uchun men politsiyaga yoki mahkamaga shikoyat qilib o‘tirmadim", deydi u uyda ekaniga qaramasdan, yuzini ro‘mol bilan o‘rab.

"Men yolg‘izman, shuning uchun tortishib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmayman", deb qo‘shimcha qiladi u.

Qadimiy aloqalar

Insa Gilgitda yashab kelayotgan minglab musulmon uyg‘urlardan biri.

Ba‘zi uyg‘urlar Shinjon va savdo rivojlangan Qashg‘arni 1949 yilda, boshqalari esa keyinroq tashlab chiqqanlar.

Ularning hammasi vatanlarini tark etishga majbur bo‘lganlarini aytishadi, o‘zlarini Xitoyning madaniy va diniy siyosati qurboni deya his etishadi.

Xitoy esa o‘tkazilgan islohotlar Shinjondagi yirik shaharlarga rivojlanish olib kelganini ta‘kidlaydi.

Shinjondagi taraqqiyot hukumat nazorati ostida, musulmon uyg‘urlar qadimiy madaniyatlarini rivojlantirish, an‘analarini davom ettirishda ko‘plab cheklovlarga duch keladilar.

Abdul Aziz Shinjonni birinchi bo‘lib tark qilganlar oqimi ichida edi.

Image caption Abdul Aziz Pokistonda 60 yildan beri istiqomat qilishiga qaramasdan, hanuz Xitoy hisoblagichi-cho‘tdan foydalanadi

Uning yoshi 70 dan oshgan bo‘lsa ham, hamon Gilgit aeroporti yo‘lidagi gavjum do‘konda Qashg‘arning an‘anaviy ko‘rpa-ko‘rpachalarini sotib keladi.

Uning bobosi ham savdogar bo‘lgan, Gilgit va Qashg‘ar o‘rtasida 1940 yillar savdo qilgan.

Abdul Aziz o‘zining do‘konchasida o‘tirib, muhojirlik tarixining ba‘zi lahzalarini eslaydi.

"Bu judayam qattiq sinovli safar bo‘lgan", deydi u.

"Biz bu yerga yetib kelishdan oldin necha haftalarni tog‘larda yurib o‘tkazgandik.

Mao Tszedun hokimiyatni egallagach, Shinjon uning imperiyasining bir qismiga aylandi, hamma chegaralarni yopishdi va bu yerda bo‘lgan uyg‘urlar uylariga qayta olmadi.

Shu sababli mening bobom oilasining boshqa a‘zolariga Qashqarni tashlab Gilgitga kelishni so‘ragan", deb qo‘shimcha qiladi u.

Image caption Abdul Aziz o‘g‘li va nevaralari bilan

Hozir Pokistonda ularning to‘rtinchi avlodi yashaydi.

U Gilgit mahalliy jamiyati o‘zini qabul qilganini aytadi.

"Odamlar hech qachon bizni begonalardek his qilishga majburlamaganlar", deydi Abdul.

"Mening ishim yaxshi va oilam baxtli, yana nimani xohlashim mumkin", deb qayd qiladi u.

Noaniqlik

Lekin Pokiston uyg‘urlari birlashmasining bosh kotibi Abdul Rahmon Buxoriy Shinjondagi tartibsizliklar hech qachon begona emasligini aytadi.

"Biz juda nozik joyda, go‘yoki Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi ko‘prikdamiz" deydi u.

"Har doim Shinjonda muammolar bo‘lsa, bu yerda ta‘sirini sezamiz".

Image caption Abdul Rahmon Buxoriy diniy erkinlik uyg‘urlar uchun hayotiy muhimligini aytadi

Xitoy Sharqiy Turkiston Islomiy harakatini Shinjondagi va Xitoyning boshqa hududlaridagi hujumlarga mas‘ul deb biladi. Shuningdek, uyg‘urlar Pokiston Toliboni safida Shimoliy va Janubiy Vaziristonda jang qiladilar, deb hisoblaydi.

Janob Buxoriy Xitoy Gilgitdan Shinjonga jangarilar yuborilishidan xavotirlanishini so‘zlaydi.

"Pokiston jamiyati bizga birodarlik yelkasini tutib, o‘z doiralariga qo‘shsalar ham, doimiy nazoratda ekanimizni sezamiz".

"Pekin Pokiston uyg‘urlari har qanday jangari guruh tomonidan Xitoyga qarshi ishlatilishidan xavotirlanadi".

Pokiston uyg‘urlari Xitoyning ko‘magidan foydalanishlari mumkin. Pekin Pokistonda uyg‘ur bolalarini o‘qitishga yordam taklif qiladi va har yili Shinjonga bepul sayohat qilib kelishga imkon beradi.

Xitoy shuningdek Pokiston uyg‘urlarini Gilgitga qaytib, tijorat bilan shug‘ullanishga taklif qiladi.

Lekin deyarli hech kim qaytishni xohlamaydi.

"Shinjon Gilgitdan ko‘ra ancha taraqqiy qilgan, shuning uchun u yerga borganda biz bir lahza o‘z ildizlarimizga qaytish kerakligini his qilamiz", deydi Buxoriy.

"Lekin Pokistonda hech bo‘lmaganda diniy erkinlik borligini o‘ylaganimizda ota-bobolarimiz to‘g‘ri qaror qabul qilganlarini anglaymiz".

Islomobod va Pekin o‘rtasidagi kuchli strategik aloqalar Pokistondagi uyg‘urlarning diniy erkinligiga ta‘sir qilmasligi kerak, deydi shuningdek Buxoriy.

"Biz yangiliklardan Xitoy uyg‘urlarni bosim ostiga olayotganini eshitamiz, lekin ular uchun hech narsa qila olmaymiz, yordam berishga imkonsizmiz".

"Pokistonda har qanday odam falastinlik, iroqlik, afg‘onistonlik musulmonlarni yoqlab gapirishi mumkin, lekin uyg‘urlar o‘zlarining birodarlariga qarshi Xitoy qilayotgan shafqatsizliklarga nisbatan norozilik bildira olmaydi. Pokiston hukumati bunga yo‘l qo‘ymaydi", deb qo‘shimcha qiladi Gilgitdagi uyg‘urlar vakili.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq