"Xavfsizlikka tahdid solganlar fuqarolikdan chiqariladi‏"

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 10 avgustda "O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga tuzatish va o‘zgartishlar kiritishga oid qonunni imzolagan.

Qonunning o‘zgartirish kiritilgan 21- moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda jamiyat va davlat manfaatlariga ziyon yetkazgan shaxslar fuqarolikdan mahrum qilinadi.

Boshqa davlat foydasiga ishlash, osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlarni sodir etib, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazganlar fuqarolikdan chiqariladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 29 iyulda qonunni qabul qilgan, 6 avgust kuni Senat tomonidan ma‘qullangan.

2015 yil 11 avgustidan kuchga kirgan hisoblanadi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, urush, tajovuzkorlikni targ‘ib-tashviq qilish, urush qonunlari va odatlarini buzish, genotsid, chet davlatlarda harbiy xizmatga yollanish, xorijiy davlatda xavfsizlik organlari, politsiya, kabi idoralarda faoliyat olib borish, terrorchilik, milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘ash kabilar osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar, deya sanaladi.

Terrorizm, terrorchilik harakatlarini tayyorlash yoki sodir etganlik haqidagi ma‘lumotlarni yashirish, terroristik harakatlarni amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish, milliy, irqiy, etnik va diniy nizolarni qo‘zg‘ash kabilar tinchlikka qarshi jinoyatlar sifatida ko‘rsatilgan.

Bundan oldin Tojikistonda ham shunday qonun kuchga kirgan. Tojikiston Prezidenti farmoniga binoan, xorijdagi terroristik guruhlar safida qatnashuvchi tojik fuqarolari avtomatik ravishda mamlakat fuqaroligidan chiqarilishi ma‘lum qilingandi.

Biroq Islom Karimov chiqargan qonun undan ancha farq qilib, ba‘zi savollarni yuzaga chiqaradi. Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijiy shirkatda ishlasa yoki xorijga chiqqan bo‘lsachi?

Xorijga chiqqanlarga ta‘siri qanday?

Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar shaxs xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etgan ish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa ham O‘zbekiston respublikasining fuqaroligini yo‘qotishi mumkin.

Shu boisdan kuzatuvchilarning e‘tiborini tortgan jihati xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritgan shaxslarning fuqarolikdan mahrum qilinishi bo‘lmoqda.

Toshkentdan yurist Ruhiddin Komilov qonundagi ushbu o‘zgartirishning birinchi jumlasi mavhum ekanini aytadi.

"Shu qismi abstrakt. Negaki, xorijiy davlat foydasiga qonuniy ishlab turib ham, xorijiy davlatning vakili bo‘lishi mumkin, xorijiy kompaniyaning boshqaruvchisi bo‘lishi mumkin. Xohlaysizmi-xohlamaysizmi bunda O‘zbekiston manfaatiga zid ishlashi mumkinku?

Shuning uchun birinchi bo‘limdagi tushuncha tushunarsiz. Bu biznes. Iqtisodiy munosabatlarda sodir bo‘lishi mumkinda. Lekin bu holatda qanaqa, iqtisodiy foyda olaman deb o‘zini vazifasini bajaryapti.Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin xorijiy kompaniyada. Tabiiyki ziyon keltirishi mumkin, iqtisodiy ziyon, kerak bo‘lsa jiddiy keltirishi mumkin", deydi toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilov.

Frantsiyadagi huquqbon Tolib Yoqubov qonundagi ushbu o‘zgartirishdan asosiy maqsad xorijga borgan va O‘zbekiston hukumati uchun yoqimsiz bo‘lgan shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Chet ellarda juda ko‘p dissidentlar bor, hukumat siyosatiga rozi bo‘lmagan odamlar o‘sha qatag‘onlarga duch kelganidan keyin chetlarga chiqib ketgan. Hatto O‘zbekiston parlamentining deputatlari chiqib ketishdi. Ular chet elga borib, chet el davlatining manfaati uchun ishlaymiz, degan maqsadda chiqib ketishgani yo‘q. Bularni sharoit majbur qildi. Repressiv sharoit majbur qildi. Lekin O‘zbekiston hukumati bunday deb o‘ylamaydi".

Tolib Yoqubov xorijga chiqib ketgan fuqarolarning ko‘pchiligi O‘zbekistonga qaytishga harakat qilayotganini bildirdi. "Chiqib ketgan odamlarning ko‘pchiligi vatanga qaytishga tayyor. Masalan mening o‘zim shunga harakat ham boshlaganman. Men dekabrning o‘rtalarida O‘zbekistonning Frantsiyadagi elchisi Ravshan Usmonovga xat ham yozganman. Lekin javob olmadim. Shu yo‘lda harakatimni davom ettirmoqchiman. Lekin bular qandaydir yo‘l bilan meni O‘zbekistonga qo‘ymaslikka harakat qilishlari mumkin", deydi Tolib Yoqubov.

Xorijda turib O‘zbekiston hukumatiga muxolif faoliyat yuritayotgan shaxslarning yaqinlarini fuqarolikdan mahrum qilish amaliyoti avval uchragan. "Birdamlik" partiyasi lideri Bahodir Choriyevning xotini va to‘qqiz yoshli o‘g‘li 2014 yil sentyabrda Toshkent aeroportidan Amerikaga qaytarib yuborilgan. Feruza Xurramovaga O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinganini bildirishgan. Unga besh yil davomida O‘zbekistonning AQShdagi konsulligida ro‘yxatda turmaganlik aybi qo‘yilgan. Biroq Xurramova ushbu hodisani turmush o‘rtog‘ining siyosiy faoliyat yuritishi bilan bog‘lagandi.

Yurist Ruhiddin Komilov esa, ushbu qonunning oqibatlari noma‘lum qolayotganini bildiradi.

"Boring ana fuqarolikdan mahrum qildi deylik kimnidir.Oqibati qanaqa?- degan tushuncha paydo bo‘ladi. Anovi jang qilishga ketgan odamlarga buni umuman qizig‘i yo‘qku, agar aynan o‘shalarga belgilangan bo‘lsa bu qonun? Ular o‘zining tushunchasini tan oladi, boshqasini tan olmaydi", deb aytadi Toshkentdan yurist Ruhiddin Komilov fuqarolik haqidagi qonunga o‘zgartirishlar haqida.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio