"Gulnora Karimova hamon aybsiz deb ko‘rilmoqda"

"AQSh telekommunikatsiya tekshiruvida 1 milliard dollar muzlatilishini istamoqda" deb sarlavhalangan maqola The Wall Street Journalda chop etilgan.

Maqolada uch telekommmunikatsiya shirkati -Teliasonera, Vimpelkom va MTS pora berganlarini tekshirayotgan AQSh mulozimlari Ovro‘po tergovchilaridan 1 milliard dollarlik mol-mulkni muzlatib qo‘yishni so‘raganlar.

Mazkur shirkatlar AQSh moliya birjalarida ish yuritayotganlari sabab bu ish Amerika adliya tizimi salohiyatiga kiradi.

BBC O‘zbek xizmati maqola mualiflaridan Devid Gote-Villar bilan bog‘lanib, Amerika tomonidan olib borilayotgan jinoiy tekshiruvlardagi yangi rivojlanishlar haqida so‘radi.

Devid Gote-Villar: AQSh tomoni hamda Ovro‘po tergovchilari tomonidan olib borilayotgan turli tekshiruvlar anchadan beri jamoatchilik e‘tiborida. Qisqa qilib aytsak, Shveytsariya, Shvetsiya va Gollandiya prokurorlari AQSh tergovchilari doxil ishonishadiki, uch xalqaro telekom shirkati, ya‘ni Teliasonera, Vimpelkom va MTS O‘zbekistonda biznes yuritish uchun go‘yoki pora berishgan. Bugun Amerika adliya rasmiylari da‘vo qilingan korruptsiya ishini tekshirish bo‘yicha o‘z harakatlarini jadallashtirganlari va mazkur korruptsiya miqyosini fosh qilganlarini oshkor qilmoqchi bo‘ldik. Xususan, AQSh Adliya departamenti 1 milliardga teng mol-mulkka arest qo‘yishni ko‘zlamoqda. Bular doirasiga Belgiya va Lyuksemburgdagi 300 million dollar, Shvetsiya banklaridagi 30 million va Shveytsariya banklaridagi taxminan 640 million dollarli mablag‘lar kiradi.

BBC: Biroq AQSh tergovchilari da‘vo qilinayotgan korruptsiya sxemalari tekshiruvida biror-bir yangi dallilarni qo‘lga kiritishga muvafaq bo‘lganlarmi?

Devid Gote-Villar: Qo‘shma Shtatlar prokurorlari tergov jarayonida turli bank hisoblariga yirik miqdorda pullar qayerdan kelib tushganini tekshirishgan va ularni bevosita Karimova xonimlariga bog‘lashga muvaffaq bo‘lganlar. Shuning uchun ular "agressiv" ish ko‘rishga qaror qilganlar va Ovro‘padagi hamkasblaridan tilga olingan mol-mulkni muzlatib qo‘yishni so‘raganlar. So‘ralgan mablag‘ning ba‘zi qismlari anchadan beri Ovro‘po tergovchilari tomonidan aniqlanib, harakatlanishi to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, maqolada biz shuni tushuntirmoqchi bo‘ldikki, AQSh mulozimlari Ovro‘pa bo‘ylab tarqalgan bir milliard dollarlik boylik Gulnora Karimovaga tegishli ekanligiga ishonch hosil qilishgan.

BBC: Ya‘ni AQSh tergov materiallarida Gulnora Karimovaning ismi aniq ko‘rsatilgan yoki tilga olinganmi?

Devid Gote-Villar: Ha, ba‘zilarda. Chunki mablag‘ manbalarining ayrim qismlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gulnora Karimovaning nomi bilan ro‘yxatga olinmagan. Biroq, AQSh tergovchilari qonunga binoan litsenziya bilan ro‘yxatga olingan shirkatlar ortida aynan Karimova xonim turganiga ishonch hosil qilishgan.

BBC: Biroq BBC O‘zbek xizmati hamisha Gulnora Karimovaning korruptsiya janjallariga aloqasi borligi da‘vo qilinmoqda deb aytib kelgan. Endi biror narsa o‘zgarganmi?

Devid Gote-Villar: Bu borada aniqlik kiritish maqsadida biz shuni aytishimiz mumkinki, Gulnora Karimovaga nisbatan ayblovlar na Amerika, na Ovro‘po tergovchilari tomonidan qo‘yilgan. U bugungi kunda aybsiz deb ko‘rilmoqda.

BBC: Biroq, AQSh tergovchilari mazkur uch shirkatlarning vakillariga nisbatan ayblov bilan chiqishganmi?

Devid Gote-Villar: Yo‘q, biror-bir rasmiy shaxsga ayblov qo‘yilmagan. Biz Amerika prokurorlari tergov jarayonida qanday harakatlarga qo‘l urishlarini bilmaymiz. Biroq bizga ma‘lum bo‘lishicha, joriy tekshiruvlarda tilga olingan va O‘zbekistonda jazoga tortilgan yagona shaxs - bu Gulnora Karimovaning biznes sheriklaridan biri Gayane Avakyan bo‘ladi.

BBC: Amerikaning so‘nggi harakatlari Gulnora Karimovaga tegishli deb ishonilayotgan biznes-imperiya shu paytgacha aytib kelinganidan ham kattaroq, ya‘ni, uch-to‘rt mamlakat bilan chegaralanmay, Irlandiya, Belgiya va Lyuksemburgacha tarqalganligini anglatadimi?

Devid Gote-Villar: Xuddi shunday. Buning sababi – AQSh tergovchilari pora bergan deb ishonilgan telekommunikatsiya shirkatlari iziga tushishga muvafaq bo‘lganlar. Natijada, mablag‘larning yirik qismi 2004-2011 yillarda boshida Shveytsariya banklariga tushib, keyinchalik boshqa mamlakatlardagi turli fondlarning hisoblariga sarmoyalangan. Pul o‘tkazmalari tarmog‘ini tekshirgan amerikalik tergovchilar ularning ayrim qismlarini Irlandiya, Belgiya va Lyuksemburgda topishga muvafaq bo‘lganlar. 2012 yili Shveytsariya rasmiylari tekshiruv boshlaganlarida, Jenevadagi Lombard Odiyer bankidagi hisobda taxminan 600 million dollarni topishgan. Bu pullar muzlatilib, hech kim bu pullarni boshqa hisoblarga ko‘chira olgani yo‘q.

BBC: Mazkur shirkatlar, yo-da Gulnora Karimovaning bu ayblovlarga nisbatan munosabatini bilishga uringanmisiz?

Devid Gote-Villar: Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi himoyachisi Grégoire Mangeatning aytishicha, u mijozi bilan aloqada bo‘lmagan va uning bir necha O‘zbek rasmiylariga yozgan xatlari javobsiz qolgan. Bizning O‘zbekiston Bosh prokurori idorasi hamda prezident devoniga jo‘natgan elektron maktublarimiz ham javobsiz qolgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq