Matbaa uyidan keyin navbat partiyaning o‘zigami?

Image copyright internet
Image caption Muhiddin Kabiriy Tojikistonda islomiy partiyani yopmasliklariga umid qilishini aytgan

Tojikiston rasmiylari muxolifatdagi "Islom Uyg‘onish partiyasi"ning "Muattar" matbaa uyini yopishga qaror qilganlar.

Bunga matbaa uyida sanitariya-epidemiologiya me‘yorlariga rioya etilmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi bunday qaror Madaniyat vazirligi, Solqi qo‘mitasi, Tojikstandart va Sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi yo‘llagan rasmiy xatda qabul qilingani aytilgan.

Maktubda yozilishicha, nashriyot xodimlari "tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganlar, talab qilingan maxsus kiyimga ega emaslar".

Shuningdek, "nashriyot xodimlari tibbiy-davo oziq-ovqati bilan ta‘minlanmaganlar".

"Muattar" matbaa uyida "Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi" nashri bo‘lgan "Najot" ro‘znomasi va "Safinai Umed" jurnali chop etib kelingan.

Muxolifat partiyasi esa ushbu amallarni Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi Tojikistonda amalga oshirib kelinayotgan dasturning davomi deb hisoblaydi.

Markaziy Osiyo respublikalarida ro‘yxatdan o‘tgan yagona islomiy firqa Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi shu yil boshigacha mamlakat parlamentida o‘rinlarga ega edi.

1 mart kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi o‘z a‘zolari va dastaklovchilariga nisbatan rasmiylar tomonidan bosimlar kuchaytirilgani haqida xabar qildi.

Ushbu saylovning "natijasi oldindan ma‘lum" saylov ekani bashorat qilindi.

Saylovlar jarayonida soxta ovoz berish hollari qayd qilingan va bu hollarning ba‘zilari ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Tojik rasmiylari muxolifatdagi islomiy partiya parlamentda birorta ham o‘rinni qo‘lga kiritolmaganini e‘lon etdilar.

Saylov ortidan firqa o‘z a‘zolariga Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasidan "o‘z ixtiyori bilan" chiqish talabi bilan bosimlar ortganidan shikoyat qildi.

Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy shu yil mart oyida Tojikistonni tark etgan.

U vataniga qaytsa hibsga olishlari ehtimoli mavjudligini aytgan.

Janob Kabiriy fikricha, Tojikiston hukumatining mo‘‘tadil musulmonlarga nisbatan yuritayotgan siyosati mo‘‘tadillarni burchakka taqab bormoqda va radikal qarashdagilarning soni ko‘payishiga yordam berayapti.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisi mintaqada ushbu partiya tarafdorlari radikallashishidan ham manfaatdor kuchlar mavjudligini soqit qilmasligini aytadi.

Janob Kabiriy Tojikistonda islomiy partiyani yopmasliklariga umid qilishini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq