"Men O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechdim"

"BBCga aytaman" ruknimizda Ovro‘poda yashayotgan o‘zbek ayol nima uchun O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechgani, hamda bu jarayon uning uchun qanday o‘tgani haqida so‘zlab berdi.

"O‘zbekiston fuqaroligidan chiqishni o‘zim intiqib kutgan bo‘lsam ham, menga "Siz endi O‘zbekiston fuqarosi emassiz" deyishganida, yuragim shuuuv etdi... Nahotki, dedim. Juda ham o‘zimga achinib ketdim... Men fuqarolikdan voz kechishni intiqib kutganimning sababi O‘zbekistondan, o‘z sevimli vatanimdan voz kechishni istaganim emas. O‘zbekiston qonunlari axir shunaqa. Ular sizni yo O‘zbekistonni, yo boshqa joyni tanlashga majbur qiladi.

Men O‘zbekistonni sevaman. Men uni sog‘inib, hatto "Google Earth"ga kirib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan ko‘chamga tikilib o‘tiraman.

Lekin, bizni shunday tanlov qarshisiga qo‘yishgan. Agar ikki fuqarolikka ega bo‘lishga ruxsat bo‘lganida edi, hech qanday muammo bo‘lmasdi.

Ovro‘po davlatida yashayman. Shu yerda mahalliy fuqaroga turmushga chiqqaman. Uyimiz, erim, bolalarim bor. Bolalarim shu yerda maktabga borishadi. Men shu yerda ishlayman, butun hayotim shu yerda kechadi. Agar bu yerning fuqaroligini olmasam, men xorijlik bo‘lib qolaveraman. Unda sog‘liqni saqlash xizmatlari, ta‘lim yoki boshqa xizmatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lmay yuraveraman. Men oilam haqida, bolalarim kelajagi haqida o‘ylashim kerak.

O‘zbek fuqaroligidan voz kechishimga oxirgi marta O‘zbekistonga safar qilganimda yuz bergan voqea turtki bo‘ldi.

Ovirga "srochny" chiqish vizasiga ariza topshirdim. Lekin, menga turli xil be‘mani sabablar bilan viza berishdan bosh tortishdi. U yoqda esa meni bolalarim, ishim, erim kutardi.

Hamma hujjatlarim joyida edi. Hatto ularning talabi bilan SPID markazidan ham spravka olib borib berdim. Kap-katta ayolman, dadam bilan borib shunday hujjatlarni yig‘ib yurganman. Barcha talab qilingan hujjatlarni yig‘sam ham, chiqish vizasini berishmagan. Samolyotga biletim ham kuyib ketishi mumkin edi. Ko‘p yugur-yugurlardan keyin, oxiri oldim.

Keyin Ovro‘poga qaytgach, o‘ylanib qoldim. Endi har safar O‘zbekistonga borganimda, OVIRim tugagan bo‘lsa, mening shunday boshog‘riqlarga yuz tutishimga to‘g‘ri keladimi? O‘zbekistonda hech kimni tanimasam... Har safar qari otamni kimlargadir bo‘ynini egdirib, idorama-idora sudrab yurishim kerak bo‘ladimi? Ana shu turtki bo‘ldi.

O‘zim yashayotgan Ovro‘po davlatidagi O‘zbekiston elchixonasi web saytiga kirib, fuqarolikdan chiqish uchun nima qilish kerakligini o‘qib chiqdim. Ikkita talab qo‘yilgan ekan. Birinchidan, O‘zbekiston elchixonasida ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak. Ikkinchidan, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish.

Barcha hujjatlarni yig‘ib, elchixonamizga bordim. U yerda yana qo‘shimcha hujjatlar so‘rashdi. Ota-onamning boshqa fuqarolik olishimga roziligi, O‘zbekistondan qarzim yo‘qligi, soliqlarni to‘laganim, jinoiy javobgarlikka tortilmaganim tekshirilar ekan. Tekshirildi.

Bu borada O‘zbekistondan hujjatlar olindi va meni elchixonada ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Bunga to‘qqiz oy vaqt ketdi.

Bu to‘qqiz oy ichida o‘zbek pasportimning muddati ham tugab qoldi.

Ovro‘poda men elchixona nima desa, shuni qildim. Lekin, O‘zbekistondagi ota-onamga bu qimmatga tushayotganini bilmabman. Kunlardan bir kun uyimizga ikki SNB xodimi kirib kelibdi. Qari onam uyda yolg‘iz ekanlar. "Qizingiz qayerda? Pasporti tugabdi! Chet ellarda yuribdi!" deb onamga qattiq gapirishibdi. Onamning yuraklari yomon bo‘lib qolib, tez yordam chaqirilibdi. O‘zi yuragi kasal onamning.

Bu yerdagi elchixonaga bordim-da, nimaga bunday qilinayotganini izohlab berishlarini talab qildim. "Nimaga mening uyimga borib, qari ota-onamga baqirishayapti?!" deb so‘radim. Mendan kechirim so‘rashdi bu yerda. Oxiri, 5 yillik muddatli yangi pasport ham berishdi. Uni kutayotganimda menga Ovro‘po davlati allaqachon o‘z pasportini berib bo‘lgandi va men elchixonani bundan xabardor qilgan edim.

O‘zbek pasportini olishim bilan, o‘zbek fuqarolikdan chiqish yo‘lida hujjatlarni yig‘a boshladim. Menga aytishdiki, endi buyog‘i ko‘p vaqt olmaydi, chunki meni obdon tekshirib bo‘lishgan.

Lekin, javob hech kelmasdi. Javob keldimi, deb so‘rasam, "Kuting!", deyishdi. Men tezroq Ovro‘po pasportimga o‘zbek vizasini qo‘ydirib, ota-onamni ko‘rish uchun O‘zbekistonga borib kelishni xohlayotgandim.

Menga o‘zbek elchixosida "Boravering O‘zbekistonga, u yerga o‘zbek pasporti bilan kirib, keyin bu yerga qaytganingizda Ovro‘po pasportini ko‘rsatasiz" deb maslahat berishdi. Lekin, men buni istamadim, qo‘rqdim. Axir noqonuniy-ku ikki fuqarolikka ega bo‘lish.

Kutaverdim. Ikki yildan keyin bilsam, mening hujjatlarim va arizam hali ham O‘zbekistonga yuborilmagan ekan. Elchixonada chang bosib yotaveribdi. Qayta-qayta so‘rayverganimdan keyin, hujjatlarimni Toshkentdagi Tashqi ishlar vazirligiga yuborishdi va endi elchixonada menga yordam bera olmasligini aytishdi.

O‘zim keyin Tashqi ishlar vazirligiga telefon qilaverdim. U yerda menga hujjatlarim Ichki ishlar vazirliga yuborilganini aytishdi. Ichki ishlar vazirliga telefon qilsam, qo‘pol bir qiz "Sizning arizangiz Hukumatni muhofaza qiluvchi idoraga ketgan" dedi. Qanaqa idora u? "Hukumatni muhofaza qiluvchi idora" degan idorani eshitmagan ekanman. U ham tushuntirib bermadi va bir qiz boshiga shuncha arizalar bilan shug‘ullanishga qiynalayotganini aytib menga nolidi. Kutasiz, dedi.

Besh yil o‘tdi. Besh yilning ilk ikki yilida O‘zbekistonga va elchixonaga har ikki oyda bir marta telefon qilib turgan bo‘lsam, qolgan uch yil ichida yiliga ikki marta O‘zbekistondagi ichki va tashqi vazirliklarga telefon qilib turdim. Taqdirim nima bo‘layotganini bilish uchun.

Bu yil prezidentimizga ovoz berish uchun elchixonamizda o‘tkazilayotgan saylovlarga bordim. Shunda meni tanib qolgan konsul xodimlari endi biometrik pasport olishim kerakligini aytishdi. Ko‘p o‘tmay, unga ham hujjatlarni tayyorlab olib bordim, va to‘lovini to‘ladim.

Qo‘limga yap-yangi biometrik pasportni topshirishdi. Hali uni uch sekund ham qo‘limda ushlab turishga ulgurmadim, shekilli, "Iya, pasportni buyoqqa qaytaring, sizni fuqarolikdan chiqarishibdi-yu!" dedi xodim. Hali uni ochib ko‘rmagandim ham, qo‘limdan olib qo‘yishdi. Juda g‘alati bo‘ldi. Pulimni ham qaytarib bermadilar.

"Siz endi o‘zbek fuqarosi emassiz", deyishdi. "Mana buncha pul to‘lov to‘laysiz, sizga fuqarolikdan chiqqaningiz haqida spravka beramiz" deyishdi.

Bankka borib u to‘lovni ham to‘lab qaytsam, "Voy, sizga chiqarilgan farmonni topa olmayapmiz", deb qoldilar. "Nega, boyagina oldingizda edi-ku?" desam, baribir topib berishmadi. Boshim qotib qoldi. Tushunmadim hech narsaga. Xudo biladi qayerda u farmon va nima uchun oxirgi lahzada menga uni berishmadi.

Endi men bilmayman farmon bormi yo yo‘qligini. Kutayapman yana".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio