"Davlat siri"ni fosh qilgani uchun ishdan haydashmoqchi

O‘zbek rasmiylari ro‘yxatdan o‘tkazmagan Inson huquqlari himoyachilari alyansi xabar qilishicha, tibbiyot xodimlaridan paxta yig‘im-terimi uchun pul yig‘ilayotganidan shikoyat qilgan hamshiraga bosimlar boshlangan.

Alyans axborotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi Olmazor tumanidagi poliklinikada hamshira bo‘li ishlaydigan Saodat Sodiqova uch oydan buyon maoshidan 30000 so‘m("Qora bozor"dagi shu kecha-kunduzdagi oldi-sotdi bahosi bo‘yicha 6,5 AQSh dollari, O‘zbekiston Markaziy banki kursi bo‘yicha 11 AQSh dollari)dan ushlab qolinmoqda.

Bu "amaliyot" Olmazor tumanidagi barcha tibbiyot muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan: hamshiralardan har oylik maoshidan 30000 so‘m, vrachlardan esa 60000 so‘mdan ushlab qolishga qaror qilingan.

O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga zid ushbu amallar ustidan shikoyat qilib Inson huquqlari himoyachilari alyansi prokuraturaga murojaat qilgan.

Biroq, alyans xabariga ko‘ra, Olmazor sog‘likni saqlash bo‘limi faoliyatini prokuratura tekshiruvi o‘rniga Saodat Sodiqovaga nisbatan taazyiqlar boshlangan.

Hamshira Saodat Sodiqovani bir necha marta savol-so‘roqqa chaqirishgan.

Zug‘umli savol-so‘roq payti nega paxta yig‘im-terimi kampaniyasi uchun pul yig‘ilishi haqidagi "davlat siri"ni fosh qilgani haqida so‘rashgan.

Tibbiyot xodimlari maoshidan pul yig‘ish har yili bo‘lib turishini ta‘kidlagan holda qanday qilib Saodat Sodiqovaning turmush o‘rtog‘i Abdurazzoq Sodiqov bu haqda bilib qolgani haqida so‘rashgan.

Saodat Sodiqovaga ishdan haydash bilan po‘pisa qilganlar.

13 avgust kuni Saodat Sodiqova attestatsiyaga chaqirilgan.

Attestatsiya natijasi uch kundan keyin chiqishi xabar qilingan.

Inson huquqlari alyansiga ko‘ra, agar Saodat Sodiqova attestatsiyadan o‘tolmasa, u ishidan ajralish bilan ro‘para keladi.

Alyansga ko‘ra, bundan keyin ham tibbiyot xodimlarining paxta ekspluatatsiyasini davom ettirishni xohlayotgan poliklinika ma‘muriyati shu yo‘l bilan Saodat Sodiqovani ishdan haydab undan "qutulishga qaror qilgan".

O‘zbekiston hukumatini xalqaro tashkilotlar majburiy mehnatdan voz kechishga chaqirib kelmoqda.

Uzoq yillar o‘zi bolalarni majburiy mehnatga jalb etayotganini tan olmay kelgan hukumat xalqaro tashkilotlarning O‘zbek paxtasidan voz kechish kampaniyalari ostida Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan hamkorlikka ko‘ndi.

"Oq oltin"dan kelgan haqiqiy oltin kimning cho‘ntagiga tushadi?

Image copyright none
Image caption G‘o‘za o‘tog‘iga majbur qilingan davlat idoralari xodimlari

Biroq so‘nggi yillarda kattalarni majburan dalaga olib chiqish miqyosi kengayib bormoqda.

Paxta yig‘im-terimiga ko‘p sondagi hasharchilarni jalb qilish talabi davlat idoralaridagi amaldorlar o‘rtasidagi poraxo‘rlik avj olishiga sabab bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib paxta O‘zbekiston xalqi uchun "oq oltin" bo‘lmay qoldi.

Fermerlar va boshqa davlat idora-tashkilotlarining xodimlarini majburan dalaga olib chiqish hisobiga terib olinadigan paxta xomashyosi paxta tozalash zavodlarida yig‘iladi.

Paxta tozalash zavodlari "O‘zpaxtasanoatsotish" uyushmasi tarkibida va bir necha yil oldin hatto bu uyushmaning eng yuqori lavozimini egallab o‘tirgan rahbar ham chigiti tozalangan paxta qayerga ketishini bilmasligini aytgan.

Arzon ishchi kuchi evaziga yetishtirilgan paxta xomashyosidan tushadigan daromad har yili 1 milliard dollar atrofidagi mablag‘ni tashkil etadi.

Paxta savdosi bilan bog‘liq oldi-berdilarni qaysi shirkatlar amalga oshiradi, tushgan mablag‘lar qanday taqsimlanadi, bu ma‘lumotlar ham sir saqlanadi.

Katta minbarlardan "paxtaning 50 foizini, 70 foizini o‘zimizda ishlab chiqaramiz", deb qilingan bayonotlar quruq gapligicha qolib ketaveradi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, oddiy o‘zbekistonliklarni fabrikalarda ish bilan ta‘minlaydigan qayta ishlashdan ko‘ra, xomashyoni xorijga sotish paxta oldi-sotdisiga aralashgan elitadagi guruhga ko‘proq foyda keltiradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq