Qurbonoy Egamberdiyeva: tirik bo‘lganida erim bugun 53 yoshga to‘lardi

Inson huquqlari himoyachilari alyansi xabar qilishicha, ikki yil ilgari g‘o‘za chopig‘iga chiqqani tufayli salomatligi yomonlashgan va hayotdan ko‘z yumgan Turdiqul Egamberdiyevning oilasi na tovon puli, na moddiy ko‘mak olayapti.

Ishsiz bo‘lgan Turdiqul Egamberdiyev rafiqasi Qurbonoy Egamberdiyeva betob bo‘lgani uchun o‘rniga paxta chopig‘igi chiqishga qaror qilgan.

Qurbonoy Egamberdiyeva so‘zlariga ko‘ra, o‘zi ishlagan Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasi, boshqa maorif va tibbiyot muassasalari xodimlarini Termiz tumanidagi "Jayronxona" oromgohi yaqinidagi paxta maydoniga g‘o‘za chopig‘iga olib chiqishga buyruq berilgan.

Tabiiyki, bu buyruq og‘zaki buyruq va bu buyruq Jarqo‘rg‘on tuman hokimligidan og‘zaki berilgan.

Inson o‘limiga olib kelgan ushbu buyruq uchun tuman hokimligini sudga berish mumkinmi?

Mumkin va mahkamada davlat idorasini majburiy mehnatda aybdor deb topib tovon puli undirishga ham erishish mumkin.

Faqat sud tizimi chindan ham mustaqil va hokimiyatdagi amaldorlarning buyurtmasini bajarmaydigan mamlakatda.

O‘zbekistonda esa majburiy mehnat uchun quyida tuman hokimligi, undan yuqorida viloyat hokimligi va yana ham yuqorida Vazirlar Mahkamasi mas‘ul bo‘ladi.

Biroq hukumat o‘z fuqarolarini majburiy mehnatga chiqishga majburlayotgani, chiqishni istamaganlardan pora undirilayotgani holatlarini tan olmaydi.

2013 yil 9 iyun kuni jarqo‘rg‘onlik davlat idoralari xodimlari Termiz tumaniga g‘o‘za chopig‘iga olib chiqilganlar.

Bu bir haftalik yotoq ekani aytilgan.

Rafiqasi o‘rniga borgan Turdiqul Egamberdiyev bir haftadan keyin uyga qaytishni niyat qilgan.

Ammo, rafiqasi Qurbonoy aytishicha, 11 iyun kuni soat 16:00 larda telefon orqali so‘zlashganlar, yarim soatlardan keyin esa turmush o‘rtog‘ining vafot etgani haqida xabar kelgan.

Birdan salomatligi yomonlashgan Turdiqul Egamberdiyev o‘limiga nima sabab bo‘lgani tekshirilmagan.

Ortida to‘rt farzandini qoldirib hayotdan ko‘z yumgan paytida u 51 yoshda edi.

"Tirik bo‘lganida bugun 17 avgust kuni turmush o‘rtog‘im 53 yoshga kirardilar", deydi Qurbonoy Egamberdiyeva.

Jarqo‘rg‘on tuman hokimligiga Qurbonoy Egambrediyevaga hech qanday yordam berilmasligini aytishgan.

"Faqat tuman maorif bo‘limi kasaba uyushmasi 89 ming so‘m yordam puli bergan.

Mamlakatda majburiy mehnat hamon davom etmoqda.

Shu kecha-kunduzda, misol uchun, Toshkentning Olmazor tuman hokimligi har bir mahalladan besh kishini paxta yig‘im-terimiga olib chiqish yoki 400 ming so‘m tayyorlab qo‘yish buyrug‘ini bergan.

Yaqinda g‘o‘za chopig‘iga chiqqan Toshkent viloyati tibbiyot muassasalari xodimlari jazirama issiqdan hushlaridan ketgani xabarlari tarqaldi.

Oddiy odamlarni g‘o‘za chopig‘i yoki paxta yig‘im-terimiga chiqishga majburlayotgan amaldorlar sog‘likka yetkazilgan zarar va hatto insonlar hayotdan ko‘z yumgan paytda ham hech qanday javobgarlikka tortilayotganlari yo‘q.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq