Suriya inqirozi: Havo hujumida 80 inson halok bo‘lgan

Image copyright Reuters

Suriyalik faollarning xabar qilishicha, hukumat kuchlarining Damashq yaqinidagi Duma bozoriga hujumi natijasida kamida kamida 80 inson halok bo‘lgan, 200 ga yaqini yaralangan.

Oxirgi paytda isyonchilar nazorati ostidagi Dumaga havodan hujum va tikucharlardan bochka bombalar tashlanishi yuzlab tinch fuqarolarning umriga zomin bo‘lmoqda, deb xabar beradi Suriya Inson haqlari faollari.

Yakshanba kungi havo hujumidan keyin olingan suratlardan ko‘rinadiki, bozor hududi to‘liq vayron bo‘lgan, atrofdagi binolar va avtomashinalarga o‘t ketgan.

Mahalliy aksilhukumat faollarning bildirishicha, qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolganlarni qidiryaptilar.

Hodisaga guvoh bo‘lgan dumalik kishining Assoshieyted Pressga gapirib berishicha, vaziyat o‘ta abgor, kasalxonalar yaradorlarga to‘lib ketgan, tez yordam mashinalari shikastlangani bois jarohatlanganlarni shifoxonaga yetkazish og‘irlashgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Damashqdan 11 chaqirim masofada joylashgan va isyonchi "Jaysh al-Islom" guruhi nazoratidagi Duma hukumat kuchlarining doimiy nishoniga aylanib qolmoqda.

Suriyada Prezident Bashar al-Assadga sodiq kuchlar va uning boshqaruviga qarshi bo‘lganlar orasida boshlanib ketgan urush mobaynida 200 mingdan ortiq inson qurbon berildi.

4 yildan beri davom etayotgan mojaro butun boshli shaharlarni vayronaga aylantirib, millionlab kishilarni uy-joylarini tashlab qochishga majburladi.

Suriya inqirozi mintaqadagi vaziyatga jiddiy ta‘sir qildi, xususan Iroq va Livan kabi qo‘shni davlatlarda ham vaziyat murakkablashishiga olib keldi. "Islomiy davlat" kabi jangari guruhlar ayni paytda ham Suriyada, ham Iroqda faoliyat olib bormoqda.

Bashar Assad iyul oyida qilgan chiqishida qo‘shinlari safi siyraklashib borayotganini tan olgan edi. Bundan tashqari isyonchilar Saudiya Arabistoni, Qatar va Turklardan dastak olayotganini ham ta‘kidlagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, keyingi oylarda Suriya armiyasining isyonchilarga qarshi havodan hujumlari miqyosi oshgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq