Suriyadan qaytgan tojik ayol: "Bizni aldashdi"

Image caption Dushanbelik 30 yashar Jamolbi Hamidova deyarli bir yilni Suriyada o‘tkazgan

Tojikiston hukumati ma‘lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi janglarda qatnashayotganlar orasida 500 tagacha tojikistonlik bor. Shu bilan birga rasmiy xabarlarga qaraganda, 150 tojikistonlik fuqaro u yerda halok bo‘lgan.

Suriyadagi urushga asosan 19dan 45 yoshgacha bo‘lganlar borishadi, ular xatarli safarga otlanar ekan, ko‘pincha ayollari va bolalarini ham o‘zlari bilan birga olib ketadilar.

Tojik fuqarolari Suriyaga Rossiya, Pokiston, Turkiya, Afg‘oniston orqali o‘tadi va "Islomiy davlat" ekstremistik guruhi tomonida turib jang qiladi.

Oxirgi paytlarda ID yollovchilari tojik fuqarolari orasida o‘zining yangi tarafdorlarini Rossiyadagi mehnat muhojirlari ichidan topmoqda.

Dushanbelik 30 yashar Jamolbi Hamidova deyarli bir yilni Suriyada o‘tkazgan. U yerda o‘tgan kunlarini u dahshat bilan eslaydi.

Boshidan kechirganlari hali ham unga tinchlik bermaydi. U Suriyada halok bo‘lgan eri Sharif Hamidovning o‘limidan so‘ng qutulib, vataniga tirik qaytganiga hali ham ishongisi kelmaydi.

Jamolbi Hamidova bilan BBC Rus xizmati muxbiri Anora Sarkorova suhbatlashgan.

BBC: Siz Suriyaga qanday qilib bordingiz?

Jamolbi Hamidova: Erim bilan qo‘shnilar orqali tanishganmiz. Ular yaxshi yosh yigit o‘ziga bo‘lajak kelinchak izlayotganini aytishgan. Biz uchrashib, bir-birimizni yoqtirdik va turmush qurdik. Men o‘zim boshlang‘ich maktabning uchinchi sinfini tugatganman. Qiyinchilik bilan o‘qib-yozaman. Otam nogiron, onam uy bekasi. Ota-onamda menga, singillarim va ukalarimga ma‘lumot berishga qurblari yetmagan. Shuning uchun hech qaysimizda o‘rta ma‘lumot haqida attestat yo‘q.

Biz erim bilan Krasnodarga tirikchilik uchun bordik. Erim qurilishda ishlardi. Biz uy yoki yer sotib olish uchun pul topishni xohlardik. Biz o‘zimizning shaxsiy yerimiz bo‘lishini, o‘zimiz va bolalarimizga yaxshi bo‘lishini judayam istar edik.

Shunday qilib Rossiyada bir yil o‘tdi. Bir kuni erim bilan Rossiya kanallaridan birida yangiliklarni ko‘rib o‘tirganimizda, Suriyadagi urush haqida ko‘rsatib qolishdi. Birdaniga Sharif u yerga jang qilishga borishini aytdi. Men uning so‘zlaridan qotib qoldim.

Men shunday mehribon, ishonuvchan va ko‘ngli ochiq odamni urushishni xohlashishiga ishongim kelmasdi. Biz tortishib qoldik. Men uning bu niyatiga qarshi edim. Mening xayolimga ham kelmasdi bunday fikr. Men Suriya, jihod, urush haqida o‘ylab ham ko‘rmagandim. Men o‘z uyim, bolalarim, ahil, tinch oila haqida orzu qilardim.

Mening munosabatimni ko‘rgan erim bu mavzuga boshqa qaytmadi va men ham uning gapini noo‘rin hazil deb o‘ylab qo‘ya qoldim.

Sharif dindor oiladan edi. Hatto Rossiyada ham masjidga borish va namozlarini o‘qishni kanda qilmasdi.

Erim juda kam pul topgani bois, ijaraga to‘lashga zo‘rg‘a yetqazardik, pul yig‘ishga imkonimiz bo‘lmadi.

Biroq Sharif bir kuni ishlash uchun Turkiyaga ketishini aytdi, u qaror qabul qilib bo‘lgan edi, men ilojsiz qoldim. Men uning do‘sti uyida qoldim, bir oydan keyin erim Istanbulda ishga joylashganini aytib, meni chaqirdi.

BBC: Va siz eringizning oldiga, Istanbulga uchdingiz?

J.H.: Ha, menga Istanbul juda ham yoqdi. Chiroyli shahar. Erim meni kutib oldi. Biz avtobusda ketar ekanmiz, shunday chiroyli shaharda yashab, ishlashimizni o‘ylab quvonib ketdim.

Mening qayerga borishimiz, qayerda yashashimiz haqidagi savollarimga Sharif javob bermadi. Deyarli bir kun yurdik. Va nihoyat qandaydir yerga yetib borib, mashinaga o‘tirdik.

Bir necha soatdan keyin mashina bizni cho‘lga olib chiqdi. Shunda erim menga jim bo‘lishni va yugurishni buyurdi. Nima uchun? Qayerga? Sharif savol berish mavridi emasligini va faqat tez chopishim kerakligini aytdi.

Image copyright AP
Image caption Ko‘p suriyaliklar ID bilan janglar ketayotgan hududni tark etishga harakat qilishadi

Mashinada biz bir rus qizi bilan to‘rt kishi edik. U ham Suriyaga yo‘l olgan edi. Men ham chopdim. Kuchim qolmaguncha chopib ketaverdim. Bu Ramazon oyi edi. Shu sababli och va hosiz edim.

Men yig‘lay boshladim, qayerda ekanligimizni bilishni istardim. Erim biz Suriyada ekanimizni aytdi va hammaga ham bunday baxt nasib qilmaydi, dedi. Men bu yerda yashashni xohlamasligimni, meni nohaq aldaganini aytdim. Bunga javoban agar xohlasam ketishim mumkinligini eshitdim erimdan. Lekin qayerga ketaman? Atrofga qaradim, cho‘lu biyobon edi. Mening pulim yo‘q, til bilmayman, qanday qilib qaytib ketishimni tasavvur qilolmadim.

Va taqdirga tan berishga majbur bo‘ldim. Suriyada bizni kutib olishdi va katta bir uyga yetkazishdi. Bu uyda ikki arab xotinlari bilan yashardi. Bizga bir xonani berishdi. Bir haftadan so‘ng boshqa uyga olib ketishdi. Men u qishloqning otini ham bilmayman. Atrof tog‘-balandlik edi.

BBC: Eringiz nima ish qilardi?

J.H.: Erimni deyarli ko‘rmasdim. Men uyda boshqa ayollar bilan yashardim. U yerda arablar, o‘zbeklar, ruslar va chechenlar bor edi. Erim haftada bir, ba‘zida ikki haftada bir kelib, oziq ovqat- kartoshka, makaron berib ketardi.

Men bilan bir uyda yashagan ayollarning erlari "Islomiy davlat" safida jang qilishardi.

Ovqat uncha ham mazali emas edi, lekin sharoitdan kelib chiqib tanlamasdik.

Biz asosan imo-ishora bilan gaplashardik. Oramizda bolalik, xomilador ayollar ko‘p edi.

Har doim biz yashayotgan aholi punktlari havodan bombalanganda hammamiz bir xonada to‘planib, bir-birimizning pinjimizga kirib yig‘lar edik. Bolalar baqirishardi, biz qutilishimizni so‘rab duo qilardik. Bu qanday dahshatli ekanini tasvirlash qiyin. Bizni bugun yoki erta o‘ldirishlarini kutib o‘tirish qo‘rqinchli edi. Hamma kelganiga pushaymon edi. Nima uchun erlari o‘zlari va bolalarini bu azobga ro‘baro‘ qilganiga tushuna olmasdilar.

Uydan chiqish mumkin emas, dori yo‘q, oziq ovqat olib kelishmaydi. Biz och edik. Ayollar o‘z xonalaridan chiqishlari mumkin emas. Juda zarur bo‘lganda, tashqarida bo‘lgan hojatxonaga yoki ovqat tayyorlash kerak bo‘lganda chiqilardi. Ovqatni gulxanda qilardik.

Chiqishdan oldin qo‘lqop va paranjilarimizni kiyib olardik. Gaplashish, kulish va sayr qilish taqiqlangandi.

Besh-olti kishi bir xonada yupqa ko‘rpachalarda uxlardik. Hech qanday mebel yo‘q edi: ochiq pol va matraslar. Elekt energiyasi, konditsioner, ventilyator, suv yo‘q edi.

Ayniqsa jazirama issiqda azob edi bu. Suvni sotib olishga to‘g‘ri kelardi. Juda kamdan-kam cho‘milardik. Suvni asosan ovqat va ichishga ishlatardik.

Image copyright Reuters
Image caption Suriyadan ko‘plab qochqinlar Turkiyaga borishadi

Yoz juda issiq edi, chivinlar chaqardi, qishga yaqin esa juda sovuq bo‘lib, issiq kiyimlarimiz yo‘q edi. Bir-birimizni tanamiz bilan isitardik.

Bolalar tez-tez kasal bo‘lishardi, hech qanday dori, do‘xtir yoki dorixonalar yo‘q edi. To‘shakda azoblanib yotgan bolasiga onasi hech bir yordam berolmaydi. Men bolalari qiynalayotganini ko‘rib, ilojsizlikdan dod solgan ayollarni ko‘rdim.

Erkaklar biz bilan juda qo‘pol muomalada bo‘lishardi. Yuzi ochiqligi uchun kaltaklashar edi. Lekin shunday issiqda yuzda parda bilan nafas olish juda og‘ir.

Hamma kiyimlarimiz sintetikadan tayyorlangan. Ehtiyoj uchun hamma narsa tashqarida edi. Biz hojat uchun ko‘chaga yugurib chiqardik va yana tezda uyga qaytib kirardik. Erkaklar ko‘ziga tushib qolishdan qo‘rqardik.

Suriyada bo‘lgan vaqtimda biror marta ham ota-onam bilan telefonda gaplasholmadim. Bizda kim bilandir bog‘lanishning ilojisi yo‘q edi. Biz dunyodan uzilgan edik.

Bizga har qanday munosabat taqiqlangan edi. Va hech kim so‘rashga botinmasdi, chunki jangarilar gaplashishni yoqtirishmasdi.

Biz har oy turar joyimizni o‘zgartirardik.

Keyin erim bir oy yo‘q bo‘lib ketdi, qaytib kelganida men uni zo‘rg‘a tanidim. Yaralangan, hamma joyi qon, rangi oqarib, ozib ketgan, oyoqda zo‘rg‘a turardi. Qornida to‘rtta chandiq paydo bo‘lgandi. Men unga g‘amxo‘rlik qildim, lekin unga dori, yaxshi ovqatlanish kerak edi. Bizda na doriga, na ovqatga na suvga pul bor edi. Bu vaqtda hech kim bizni bir marta ham yo‘qlamadi.

BBC: Eringiz aynan nima uchun Suriyaga borganini aytganmi? Bu jihodga qo‘shilish g‘oyasimidi yoki pul ishlashmi?

J. H.: Erim Suriyaga borganinidan juda afsuslandi. Uning hamma yog‘i shishib, jarohatlari qonar, og‘riqdan kechalari uxlolmasdi. U o‘zini aldaganlari, boshqacha va‘dalar berganlarini aytgandi.

Lekin unga nima va‘da berganlarini u aytmadi. Har oyda unga yuz dollardan to‘lashlarini bilardim, o‘sha pulga menga oziq-ovqat olib kelardi. Lekin yarador bo‘lgach, hech kim bizga yordam bermadi.

Shu tariqa ikki hafta o‘tdi. Keyin arablar kelib uni olib ketishdi. Majburan. U deyarli harakat qila olmasdi. Biz xayrlashdik.

Men uni oxirgi marta ko‘rayotganimni his qildim. U keyingi safar qaytib kelishi gumonligini aytdi. Mendan kechirim so‘radi. U hammasidan pushaymon ekani, lekin orqaga yo‘l yo‘qligini afsus bilan aytdi. Menga baxt tiladi.

Ikki hafta o‘tdi, keyin qandaydir erkaklar kelib telefonda erimning rasmini ko‘rsatishdi. Uning ko‘zi va og‘zi ochiq yotardi. O‘lik edi. Men hatto yig‘lashga ham kuch topolmadim. U yaxshi odam edi.

Siz urush ketayotgan begona mamlakatda hech bir tanishi, hech kimi yo‘q ayolning ahvolini tasavvur qilyapsizmi? Nima qilishim kerak? Qanday qilib qutulishim mumkin?

Yana bir haftadan keyin odamlar kelib o‘zlari bilan yurishimni aytishdi. Qayerga, deb so‘rashga qo‘rqdim, buning foydasi ham yo‘q, hech kim baribir javob bermasdi. Arab tilini bilmasdim, ular rus yoki tojik tilini bilishmasdi.

Men ularga imo-ishora bilan uyimga, vatanim Tojikistonga qo‘yib yuborishni tushuntirishga harakat qildim. Tojik tilida ko‘p arab so‘zlari bor, men qo‘limdan kelganicha tushuntirdim.

Image copyright AP
Image caption Suriya va Turkiya chegarasining ba‘zi joylarida to‘siqlar o‘rnatilgan

Lekin ular menga qolishni maslahat berishdi va ikkinchi marta turmushga uzatishdi. Hech kim mening xohishimni so‘rab o‘tirmadi. Shunday bir erkakni olib kelib, birga o‘tirg‘izishdi va nikoh o‘qishdi. Mening yangi erim dog‘istonlik edi.

Hech kim sening xohishingni so‘ramaydi. Sen ham qarshilik qilmaysan, chunki bilasan, bu qo‘rqinchli odamlarga seni o‘ldirish hech qiyin emas. Sen bir buyumsan. Ular maslahatlashmasdan seni taklif qilishadi.

Yangi erim bilan bir oy yashadim. Rus tilida gaplashar edik. Bu juda qo‘rqinchli edi. Sen birovga bo‘ysunishing kerak, erking o‘zingda emas. Hamma narsa cheklangan. Seni kaltaklashlari, sotishlari, zo‘rlashlari va o‘ldirishlari mumkin. Sen bilan xohlaganlarini qila oladilar.

Shu bilan birga bu odamlar bilan kelishish, ularni ko‘ndirish, arz qilish mumkin emasdi. Ular sening dardlaring, hislaring va taqdiringga befarqlar.

Ular uchun ayol hech narsaga arzimaydigan, faqat ba‘zi bir ishlarni bajarishga mo‘ljallangan jonzot. Erlari o‘lgan bolalik ayollarni yana erga berishardi. Ko‘pchiligi buni qabul qilishi juda qiyin edi, lekin sharoit shuni taqozo qilardi. Ma‘lumotsiz, yaqinlarisiz va kelajakka umidsiz hech qayoqqa bora olishmasdi.

Sen sharoitga bog‘lanib qolishing juda qo‘rqinchli edi.

BBC: Siz qanday qilib vataningizga qaytdingiz?

J. H.: Bizning uyda turk ayol bolalari bilan yashardi. U homilador edi. Unga eri halok bo‘lganini aytib, erga tegishni taklif qilishdi.

U har doim yig‘lardi, bolalari kasal edi. U, men va bir chechen ayol mahalliy odamlardan Turkiya bilan chegaragacha borishga yordam berishni so‘radik.

Biz deyarli qochib chiqdik. Erim mening niyatimni bilmasdi. Bizni chegaragacha mashinada olib kelishdi. Bu safar chegarada uzun temir to‘r bor edi. Kunduzi biz yura olmasdik. Chegarachilar otishardi. Tunda arablar bizga temir to‘rdagi katta teshikni ko‘rsatishdi va bolalarni olib o‘tdik.

Tongga yaqin biz mashinalar turgan joyga keldik va Istanbulga yetib oldik. Menda erimdan qolgan ozroq pul bor edi. Istanbulda meni politsiya to‘xtatdi. Mendagi hujjatlarning muddati o‘tgan edi.

Politsiyaga men hammasini tushuntirdim va muhojirlar markaziga joylashtirishdi. Politsiyachilar mendan vatanimga qaytishni xohlashimni so‘rashdi. Men rozi bo‘ldim. Turkiya tomoni menga Dushanbegacha chipta olib berdi.

Aeroportda men hammasini tojik militsiyachilariga gapirib berdim. Men qo‘rqqan edim, hibsga olishadi deb, lekin to‘g‘ri tushunishdi. To‘rt kun izolyatorda saqlashdi. Tekshiruvdan keyin qo‘yvorishdi. Ota-onam bilan bog‘lanishdi va ular meni olib ketishdi.

To‘g‘risi, hali ham xotiralar meni qiynaydi.

Erim ma‘lumotli bo‘lmasa ham, juda ishonuvchan va mehribon kishi edi. Uni aldash oson edi. U yolg‘onning qurboni bo‘ldi. Men yollovchilar ishonuvchan odamlardan foydalanishadi. Men yolg‘iz qoldim, bolalarim yo‘q.

Men ayollar va qizlarni mening xatolarimni takrorlamaslikka chaqiraman. Aks holda siz o‘zingizga qadrli bo‘lgan hamma narsani yo‘qotasiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio