Turkiyada koalitsion hukumat barpo etib bo‘lmadi

Image copyright Reuters
Image caption Bosh vazir Ahmad Dovuto‘g‘li Jumhuriyatchi Harakat partiyasi rahbarlari bilan ham koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha kelishuvga erisholmagan

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, Millatchi Harakat partiyasi (MHP) bilan koalitsiya tuzish yo‘lida har xil shakllarini ko‘rib chiqaverib charchagan.

Bosh vazir muzokaralar hech qanday natija bermaganidan keyin koalitsion hukumat barpo etish mandatini prezidentga topshirishga qaror qilgani haqida aytgan.

"Mening ishonchim komil, men muxolif partiyalar bilan koalitsiya tuzish bo‘yicha hamma yo‘llarni ko‘rib chiqdim. Bugun biz to‘rtta variantni muhokama qildik, lekin yangi qadam qo‘yishga birortasi tanlangani yo‘q. Men prezident bilan uchrashaman va maslahatlashuvlardan keyin agar zarur bo‘lsa, mandatimni topshiraman", deb aytgan janob Dovuto‘g‘li.

Bu vaziyat Turkiyada yana parlament saylovlarini tashkillashtirishni taqozo etadi.

Muxolifatdagi Jumhuriyatchi partiya (JHP) esa endi yangi hukumatni shakllantirish mandati o‘ziga berilishi kerak, demoqda.

Siyosiy mavhumlik Turkiyaning ichki hududlari, qo‘shni Iroq va Suriyada zo‘ravonliklar ko‘paygan paytga to‘g‘ri kelgan.

Bosh vazir Ahmad Dovuto‘g‘li yetakchiligidagi "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi (AKP) 12 yil davomida Turkiya parlamentida ko‘pchilikni tashkil qilib kelgan, biroq shu yil 7 iyundagi parlament saylovi natijalariga ko‘ra parlamentdagi ko‘pchilik mavqeidan ajraldi.

Bunga kurdparast XDP ko‘p ovozlarni qo‘lga kiritgani sabab bo‘ldi.

O‘tgan hafta AKP va Jumhuriyatchi partiya o‘rtasidagi koalitsiya tuzish muzokaralari samarasiz tugagani xabar qilingan.

7 iyundagi parlament saylovida AKP parlamentdagi qariyb 41 foiz yoki jami o‘rinlarning 258 tasini qo‘lga kiritgan edi.

AKP muxolifatdagi JHP bilan koalitsiya tuzishga uringan, biroq ikki partiya tashqi siyosat hamda maorif masalalarida bir kelishuvga erisholmaganlar.

Muxbirlarga ko‘ra, JHPning koalitsion hukumat barpo etish yo‘lida MHP va XDP bilan til topishishi dargumon, bu esa yangi parlament saylovlari ehtimolini yanada kuchaytiradi.

So‘nggi omma fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, mamlakatda AKP dastagi oxirgi haftalarda kuchaygan.

Bunga mintaqada zo‘ravonliklar ortgani turtki bergan.

Turkiya kuchlari Suriyadagi "Islomiy Davlat" va Iroq shimolidagi Kurd PKK jangarilari jamloqlarini havo hujumlariga tutmoqda.

Uzoq yillar davomida AKPga yetakchilik qilgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on XDPni Kurd isyonchilarining siyosiy qanotiga aylanganlikda ayblagan.

Turkiyaning qo‘lga kiritishi oson bo‘lmagan PKK bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi o‘tgan oy barbod bo‘lgan.

Bunga ID xudkush hujumchisining Turkiyaning Suriya chegarasidagi aholisining aksarini kurdlar tashkil qiladigan shaharda yig‘ilgan 32 yosh faolni o‘ldirgani sabab bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq