Rossiya va muhojirlar: yig‘imi yo kulgi?

Image copyright AFP
Image caption Ovro‘po ostonasida...

Yaqinda o‘z blogimda men bu dunyoda 100 foiz yaxshi va yoki yomon bo‘lgan hech narsa yo‘q, deb yozgandim.

Bugun ana shu anchayin siyqasi chiqib ketgan haqiqat butun boshqa bir masalada "kerak" bo‘lib qoldi.

Ommaviy axborot vositalari shu kunlar Ovro‘po Ittifoqiga misli ko‘rilmagan muhojirlar oqimi haqidagi xabarlar bilan to‘lgan.

Ittifoq chegaralaridagi davlatlarda qariyb 110 ming muhojir yig‘ilgani haqida aytiladi.

Belgradda Suriya, Afg‘oniston, Somaliya va boshqa davlatlardan kelgan qochqinlar shahar maydonlari va ta‘til payti bo‘shab qolgan universitetning bir binosini egallab olishgan.

Sentyabr oyi o‘qish boshlanganida talabalar nima qilishadi degan savol ochiq qolmoqda.

Mojariston hukumati esa Serbiya bilan chegarasiga to‘rt metr balandlikda simtikonlar o‘rnatmoqda.

Bu chegaralardan o‘taman deganlarning soni 2010 yilga nisbatan 25 barobar ko‘paygan, har kuni bir yarim ming muhojir deganidir.

Olmoniyada 2015 yilda qochqinlik maqomini olish uchun 750 ming kishi murojaat qilishi taxmin qilinmoqda.

Ayni son o‘ziga xos rekord bo‘lib, bundan avval 1992 yilda Yugoslaviyadagi inqiroz avjiga chiqqanida 480 000 kishi qochqinlik maqomini olish uchun ariza bergandi.

Shu yil boshidan beri turfa kemalarda Italiya va Yunonistonga 240 ming qochqin kelgan.

Ovro‘po davlatlaridagi siyosatchilar va mulozimlar qochqinlarni qabul qilishga doir kvota joriy etish yuzasidan aytishishni davom qilishmoqda.

Fuqarolar esa muhojirlarni o‘z tumanlarida joylashtirilishiga qarshi chiqishmoqda.

Ayrim mintaqalarda ayni mana shu namoyishlar chog‘i to‘qnashuvlar ham ro‘y bermoqda.

Bularni o‘qib, ehtimol, qanday yaxshi, Rossiyaga bularning aloqasi yo‘q deb o‘ylash mumkin.

Rossiyaga o‘zi shu yetmay turibdi…

Ammo…

Inson yaxshi joyga intiladi

Image copyright BBC World Service
Image caption Markaziy osiyoliklarning aksariyati esa Rossiyaga chorasizlikdan keladi

Mutaxassislar esa turfa reytinglar tuzib chiqishdan charchashmaydi.

Hatto "baxtlilik ko‘rsatkichini" ham yasab qo‘yishadi.

Tanqidchilar esa bu kabi reytinglar bir tomonlama ekanini aytishadi.

Aslida esa Yalpi Ichki Mahsulotni haqqoniyroq raqamlarda ko‘rsa bo‘lar, ammo hayotning yaxshi va yo yomonligi, demokratiya darajasi, xavfsizlik, sarmoya muhiti, korruptsiya kabi masalalarga baho berish mubohasalidir.

Moskva ko‘chalarini xavfsizroq kezish mumkinmi va yoki Nyu-York degan savol atrofida tugamas bahsga ham kirishish mumkin.

Baxtni esa, Arkadiy Gaydar aytmish, har kim o‘zicha tushunadi.

Ammo davlatning qanchalar rivojlangani va farovon ekanini bilish masalasida bir omilga hech narsa teng kelolmaydi…

Omilki, ayni mamlakat o‘ziga muhojirlar oqimini qanchalar jalb qilishi bilan bog‘liq.

Odamlar ahmoq emas. Iqtisodi va vaziyati abgor mamlakatga hech kim qochib bormaydi.

Ayni masalada bir kishi xato qilishi mumkin, ammo omma adashishi qiyin.

Odamlar Ovro‘po va Amerikaga oshiqishadi.

Ular misli ko‘rilmagan to‘siqlarni yengib o‘tishga tayyor.

Yetib olishsa bo‘ldi…Buning uchun noqonuniy odam tashuvchilarga bor yiqqanlarini berishadi, yetib olgach yillab huquqlari cheklangan holda, gohida noqonuniy yashashadi, ba‘zida bu mushkul yo‘lda o‘z jonlarini xavf ostiga qo‘yishadi.

Rossiyaga esa odamlar bu qadar intilishmaydi.

Ayni haqiqat borasida bahslashish ham ortiqcha…

Zotan, Markaziy Osiyodan keladigan muhojirlar istisnodir.

Chunki aksariyat markaziy osiyolik muhojirlar Rus tilini bilishadi.

Teng imkoniyatlar bo‘lgan taqdirda ular ham Rossiyani tanlashmas edi.

Bu ijtimoiy piramida tepasida ham shu ahvol.

Hamma narsa uchun pul to‘lanishi kerak.

Rossiya federatsiyasidan Shimoliy Amerika, Ovro‘po va Avstraliyaga ketgan har beshinchi rossiyalik yirik shirkatlarda , kattagina maosh olib ishlar ekan.

Rossiyaliklar bu obod o‘lkalarda ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar sohasida mehnat qilishadi.

Xorijlik mutaxassislar esa, ayrim istisnolar nazarga olinmasa, Rossiyaga faqat uzoqroq mehnat ta‘tiliga kelishlari mumkin, xolos.

G‘arbda yashaydigan mashhur rossiyaliklarni sanaydigan bo‘lsangiz, barmoqlaringiz yetmaydi, bizda kim bor…Snouden va Deparde!

Shunga…Ovro‘poning muhojirlar muammosiga bir rossiyalik o‘laroq, na yig‘lashni, na kulishni biladi kishi…

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq