Toshkentda yashashga sharoit bor, O‘zbekistonda-chi?

Image caption Toshkent ham Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mamlakat faxridir

Toshkent yashash sharoitlari bo‘yicha dunyoning 140 shahri ichidan 116-o‘rinni olgan.

Bu degani - O‘zbekiston poytaxti ayni reytingda o‘tgan yillarga nisbatan keskin pastga tushib ketgan.

Economist Intelligence Unit ro‘yxati shaharlargi tibbiy xizmat, ta‘lim, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit sharoitlariga qarab baholaydi.

Toshkentning yashash sharoitlari bo‘yicha jahonning 140 shahar ichidan 116-o‘ringa loyiq ko‘rilgani bir tarafdan xushxabar.

Demak, o‘tgan asrda namunaviy Sho‘rolar Osiyosi shahri sifatida rivojlantirilgan shahar o‘z mavqeini tutib turmoqda.

Economist Intelligence Unit tashkiloti tuzgan ro‘yxat dunyo shaharlaridagi tibbiy xizmat, ta‘lim, madaniyat, havo va atrof-muhit tozaligi, transport, madaniy hordiq chiqarish va barqarorlik kabi o‘nlab omillarga qarab tuziladi.

Jamoat transporti bobida esa O‘zbekiston poytaxti har vaqt dunyoning eng sara shaharlaridan biri, deb ko‘riladi.

Bu yilgi eng sara shaharlar sifatida Avstraliyaning Melburn, Avstriyaning Vena shaharlari tan olingan.

Yashash sharoitlari keskin yomonlashgan shaharlar sifatida esa notinchlik hukm surayotgan Liviya hamda Suriya poytaxtlari - Tripoli va Damashq tilga olinadi.

Yashash qiyin shaharlar qatoridan Bangladeshning Dakka shahri va Nigeriyaning eng yirik Lagos shahri ham joy olgan.

Toshkentda sharoit yomonlashyaptimi?

Toshkent yuz ballik shkala bo‘yicha o‘rtahol bal to‘plagan. Ammo ta‘lim borasida O‘zbekiston poytaxti ancha yuqori o‘rinda.

Ayni Economist Intelligence Unit chiqargan uch yil avvalgi ro‘yxat esa Toshkentni yashash sharoitlari bo‘yicha 58-o‘ringa qo‘ygani xabar berilgandi.

Ya‘ni, o‘tgan uch yilda O‘zbekistonning yirik shahridagi sharoitlar 116-o‘ringa tushib ketgan bo‘lib chiqadi.

Ro‘yxatning eng pastki qatoriga tushgan Tripoli yoki Damashq shaharlaridagi ahvolning yomonlashuvi u yerlardagi notinchlikka bog‘liq ekanligi ayon.

Ammo ne bois Toshkent ro‘yxatda pastlagi batafsil izohlanmagan.

Image caption O‘zbeklar ham dunyoning boshqa xalqlari kabi o‘z poytaxtlariga ish va omad izlab kelishadi

Keyingi yillar Toshkentda ko‘priklar va yangi binolar qurilmoqda. Ayni damda, xiyobon va ko‘plab soya tashlovchi daraxtlar kesilmoqda ham.

Tibbiy xizmat esa faqat nomiga pullik bo‘lib, bemorlar hatto eng oddiy dorilarni ham o‘zlari sotib olishlari kerak.

Huquq faollari tashxis qo‘yuvchi va davolovchi tibbiy uskunalardan tekin foydalanish imkonlari pasayib ketmoqda.

Ularga ko‘ra, o‘qituvchi va shifokorlarning ommaviy tarzda dala ishlari hamda ko‘chalarni tozalash kabi majburiy mehnatga jalb etilayotgani ham ta‘lim va tibbiy xizmat sifatida salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

Baribir Toshkent yaxshi!

Har qanday holatda Toshkent O‘zbekistondagi eng namunaviy va shart-sharoit muhayyo shahar.

Shaharda muntazam elektr, suv va gaz ta‘minoti ishlab turibdi.

Biroq O‘zbekistonning kichik shahar va qishloqlari 20-asr boshidagi yashash sharoitlariga qaytishmoqda.

Qishloqlarda gaz quvurlari bo‘m-bo‘sh, svet soatlab beriladi yo tez-tez o‘chib turadi, suv yo o‘lchab beriladi, yo umuman yetib bormagan.

Cho‘l hududlarida qishloq odamlari yomg‘ir suvini yig‘ib ichishadi, puldorlar esa mashinada sotib olib keltirishadi.

Molning tappisidan tezak qilish esa qishloqlar u yoqda tursin, hattoki kichik tuman shaharlariga ham qayta jonlanmoqda.

Shunday sharoitda, hukumat aholi ko‘p va zich yashaydigan Toshkent kabi yirik shaharlarda sharoitlarni risoladagidek tutib turishga intilmoqda.

Toshkent - bir dunyo, O‘zbekiston - bir dunyo...

Xususan, Toshkent boshqa viloyatlarda yashovchi O‘zbekiston fuqarolari uchun deyarli yopiq shaharga aylantirildi.

Image caption O‘zbek jamiyatidagi mahalliychilik ifodasi bo‘lgan internet suratlaridan biri

"Propiska" qilish imkonlari shu qadar cheklanganki, qishloq bolasi universitetda a‘lo bahoga o‘qib, daho bo‘lish qudratiga ega bo‘lsa ham Toshkentda yashab qololmay, qishlog‘iga qaytib ketadi. Unga munosib ish o‘rniga esa amal-taqal qilib, uch bahoga o‘qigan bo‘lsa ham, lekin Toshkent "propiska"siga ega boshqa birov ishlaydi.

Ko‘pincha, o‘z poytaxtiga sig‘magan o‘zbeklar agar ilojini topishsa, yaqin yo uzoq xorij davlatlariga chiqib ketishdan boshqa choralari qolmayapti.

Ilojsizlar esa ishsizlik yuqori va yashash sharoitlari past bo‘lgan o‘z qishloqlarida ish topa olishmasa, tuzukroq hayot yoki ish izlab poytaxtga kelishaveradi.

Stalin joriy etgan propiska tizimi yanada kuchaytirilgan bugungi o‘zbek jamiyatida azaliy mahalliychilik kayfiyatlari ham qayta kuchaymoqda.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik yoshlar orasida tez-tez uchraydigan va hatto haqoratu kamsitishlarga qadar yetib borayotgan mahalliychilik asosidagi bahslar shundan dalolat.

Toshkentliklarning ayblashicha, viloyatliklar poytaxtning gazi, sveti, ish imkonlari va yaxshi yashash sharoitlarini ko‘zlab, shaharga oqib kelishmoqda va toshkentliklarni ish o‘rinlarini tortib olishmoqda. Shu bois ular o‘z mintaqalariga ketishlari kerak.

Viloyatliklar esa, agar Buxoro yo Qashqadaryoning gazi, Farg‘ona vodiysining meva-sabzavoti, Xorazmning guruchi, Sirdaryoning elektr quvvati, Chorvoqning suvi bo‘lmasa, Toshkentda bunday sharoitlar qayerdan yaratilardi, deb savol qo‘yishadi.

Xorijiy kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati yuritayotgan iqtisodiy siyosat ham o‘zbek jamiyatida mahalliychilikni qaytadan kuchaytirmoqda.

Natijada, Ikkinchi Jahon Urushida yuz minglab boshqa millat vakillarini o‘z bag‘riga olgan "non shahri" bugun o‘zini boqayotgan o‘z o‘zbegining ko‘ksidan itarmoqda, deyishadi ular.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq