"Qozoq tangasi qadrini hukumat emas, bozor tayinlaydi"

Image copyright Reuters

Qozog‘iston hukumati 20 avgustdan boshlab yangi pul-kredit tizimiga o‘tdi. Unga binoan, qozoq tangasi kursini hukumat emas, endi bozor belgilaydi.

Bu haqida Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov hukumat yig‘ilishida e‘lon qildi.

"Tanganing almashuv kursi bozordagi talab va taklif asosida, hamda ichki va tashqi makroiqtisodiy omillarni hisobga olgan holda shakllanib boradi", - deb aytdi janob Masimov.

Mazkur yangilik Qozog‘iston banklari va aholisi orasida sarosimaga sabab bo‘ldi. Olmotidagi muxbirimizga ko‘ra, hech kim tangani qanchaga sotib olish yo sotishni bilmay qoldi.

Rossiya va Belarusda milliy valyuta qadrsizlanishi davom etayotgan bir vaqtda, Qozog‘iston tanga qadrini saqlab kelayotgandi, biroq uning keskin tushib ketishi aholini qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

Muxbirimizga gapirgan olmotiliklar maoshni tangaga olishgan bo‘lsa, turar joylari yo ofislari ijarasi uchun to‘lovni dollarda amalga oshirib kelganlarini bildirishdi. Dollarda keskin qimmatlashi ularga qattiq zarba bergan.

Olmotida pul almashish shoxobchalari bosh vazirning e‘loni ortidan qayta ochilishni boshlagan. Aholining yoppasiga dollarni sotishni boshlagani tufayli shoxobchalarda tanga tugab borayotgandi.

Boshqa shoxobchalarda esa dollar ham, yevro ham qolmaganini aytishdi. Olmotiliklar rubl sotib olishni boshlagan.

Tijoriy banklar va valyuta shoxobchalarida 1 dollar 258 tangaga sotilgan, bu esa seshanbaga solishtirganda 60 tangaga ko‘proqdir.

Ba‘zi banklar va valyuta shoxobchalari umuman savdoni to‘xtatishgan. shuningdek, ba‘zi savdo markazlari va onlayn uy-ro‘zg‘or texnikasi do‘konlari yopilgan.

Tanga kursining kelgusi kunlarda qanday bo‘lishi noaniq bo‘lib qolar ekan, ko‘p bizneslar hafta davomida yopiq qolishi bashorat qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio